1

Mastopatiya, ozish uchun dorilar va erta oyoqqa turgan chaqaloq. 5 savolga – javob

Salomatlik 06.01.2017, 16:09
Teglar: Salomatlik, SUGDIYONA
Mastopatiya, ozish uchun dorilar va erta oyoqqa turgan chaqaloq. 5 savolga – javob

Tahririyatga bo`layotgan murojaatlaringizga malakali mutaxassislarimiz javob berishda davom etishadi. Unutmang, biz sizning muammongizga befarq emasmiz!

«SURGI DORI SOG`LIGIMNI BUZDI!»

— Yoshim 29 da. Uchta farzandim bor. 4-5 oy oldin avval qornim chiqib qolmasligi uchun ich suradigan dorini qabul qila boshladim. Birdaniga 2-3 donadan ichganim uchun ichaklar ishini buzib qo`ydim chog`i. Mana, bir yildan beri qornim dam bo`laveradi, qabziyat ham bor. Hozir surgi dori qabul qilmayapman. Ichak mikroflorasini qanday tiklasa bo`ladi?

Ozoda, Toshkent shahri

Savolga shifokor-terapevt Shahnoza SAIDOVA javob beradi:

— Nahorga ikki piyola iliq qaynatilgan suv iching. Kletchatkaga boy mahsulotlar – olma, banan, shaftoli, karam, bodring, oshqovoq, turp kabilarni xomligicha ko`p-ko`p iste`mol qiling. Yormalardan grechixa, suli, perlovka ham ichaklarni tozalaydi. Ovqat hazmini tiklash uchun ertalab va yotishdan oldin albatta, bir piyoladan yangi ivitilgan qatiq iching. Qatiq bir kunlik bo`lishi shart. Aks holda u ham ichni qotiradi, xolos. Ichak mikroiqlimini tiklash uchun hammaga yaxshi ma`lum “velosiped” va “shamcha” mashqi yordam beradi. Uni muntazam bajarib tursangiz, qorin dam bo`lishi va qabziyat umuman bezovta qilmaydi. Uy sharoitida uqalash muolajasi orqali qorin dam bo`lishidan tez va oson qutulish mumkin. Buning uchun sochiqni sovuq suvda namlab, yuqoridan pastga hamda soat mili bo`yicha qorinni asta-sekin uqalash kerak.

 

«DARDIMNING DAVOSI BORMI?»

— Menga yaqinda mastopatiya tashhisini qo`yishdi. Shu kasallik haqida kengroq ma`lumot olishni istardim. Xastalikdan qancha muddatda tuzalish mumkin? Tezroq sog`ayish uchun nimalarga e`tibor berish zarur?

Nigora, Samarqand viloyati  

Savolga shifokor-mammolog Nigora MAHMUDOVA javob beradi:

— Mastopatiya sut bezida kichik tugun yoki kistalar hosil bo`lishi bilan ifodalanadi. Kasallik kuchli stress, qalqonsimon bez kasalliklari, bachadon va tuxumdondagi yallig`lanishlar, abortlar asorati bo`lishi mumkin. Jinsiy hayot o`z vaqtida bo`lmasa ham mazkur kasallik yuzaga keladi. Bunda hayz kelishdan oldin ko`krakda og`riq seziladi, ko`krakdan oqish, ba`zan yashil, sarg`imtir ajralmalar oqadi. Bunday paytda shifokor-mammolog ko`rigidan o`tib, tezroq davolanishni boshlash lozim. Ovqatlanishda achchiq choy, qahva, shokolad, kakao kabilar cheklanadi. Yog`li, qovurma taomlar ham mumkin emas. Shifokor bilan maslahatlashib, vitaminlar yig`indisi, siydik haydovchi vositalar, yallig`lanishga qarshi gormonal dorilar qabul qilinadi. Stresslar ta`sirida kasallik yanada kuchaymasligi uchun tinchlantiruvchi preparatlar ham tavsiya etiladi. Shifokorning barcha tavsiyalariga amal qilib, mastopatiyaga olib kelgan kasaliklarni vaqtida davolasangiz, albatta, tuzalasiz.

 

«QIZALOG`IMDAN HAVOTIRDAMAN...»

— Qizim 7 oylik lekin halitdan yurishga harakat qiladi. To`g`risi, hali yaxshi emaklamaydi ammo qadam tashlashga ishtiyoqi baland. Bunday davom etaversa, oyoqlari egri bo`lib qolmasmikan?

Nilufar, Andijon viloyati

Savolga bolalar shifokori Dinara EMINOVA javob beradi:

— Tengqurlariga qaraganda ozg`in, serharakat bolalar tezroq oyoqqa turadi. Shuningdek, qizaloqlarning o`g`il bolalarga qaraganda tezroq yurishi kuzatilgan. Agar farzandingiz 7 oyligidayoq yurishga harakat qilsa, uning organizmi bunga tayyor. Lekin uni har xil “xodunki” kabi moslamalarga o`tkazmang. Aynan ular bolaning oyoqlariga ortiqcha yuklama berib, qiyshiq o`sishiga turtki bo`ladi. Bolaning oyoqlariga uqalash muolajalarini oling, kalsiy va magniyga boy oziq-ovqat mahsulotlarini ediring, shunda uning sog`lig`idan xavfsiramasangiz ham bo`ladi.

 

«HOMILADOR BO`LOLMAYaPMAN...»

— Turmushga chiqqanimga ikki yil bo`ldi. Hanuzgacha homilador bo`lganim yo`q. UTT tekshiruvi follikula o`smayotganini ko`rsatgach, ma`lum vaqt, gormonal dorilar qabul qildim. Keyingi tibbiy tahlillarda esa prolaktin miqdori baland chiqdi. Davolanishdan keyin ovulyasiya joyiga tushdi ammo baribir homilador bo`lmadim. Endi nima qilishim kerak?

Dinara, Toshkent shahri

Savolga shifokor-ginekolog Nasiba ABDURAHMONOVA javob beradi:

— Davolanish barobarida turmush o`rtog`ingiz ham to`laqonli tibbiy tekshiruvdan o`tishini tavsiya qilardim. Agar eringizning tibbiy tahlillari, xususan, spermogramma foizi yuqori chiqsa, hech qanday yallig`lanishlar bo`lmasa, sizdagi bachadon naychalar faoliyatini tekshirish lozim. Va shunga ko`ra muolajalarni boshlash talab etiladi.

 

«OZASAN DEYIShDI, AMMO IKKILANAYaPMAN...»

— Ijtimoiy tarmoqlardan birida ozdiruvchi vositalarni boplab maqtashganiga ko`zim tushdi. Chindan ham ularning nafi bormi? Shu haqda ma`lumot bersangiz?

Odina, Toshkent shahri

Savolga dietolog Ilhom OTAJONOV javob beradi:

— Ozish istagida bo`lsangiz, avval, shifokor-terapevt ko`rigidan o`tib, barcha kerakli tahlillarni topshiring, yo`ldosh kasalliklarni davolang, shu bilan birga dietolog tavsiyasiga ko`ra, bizning mamalakatimizda davlat standartlaridan o`tgan, foydalanishga ruxsat berilgan, nojo`ya ta`siri kuzatilmagan ozdiruvchi vositalardan foydalanishingiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlardagi vositalar haqida biror fikr aytishdan yiroqman.

BARNO tayyorladi 

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1