AQSh prezidenti Donald Trampning Ar-Riyodga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida umumiy qiymati 600 milliard dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar imzolandi. Bu haqda Oq uy tarqatgan press-relizda ma’lum qilindi.
Shartnomalarning eng yiriklaridan biri — 142 milliard dollarlik harbiy kelishuv bo‘lib, unga ko‘ra, Saudiya Arabistoni AQShning o‘ndan ortiq mudofaa kompaniyalaridan zamonaviy harbiy texnika va xizmatlarni oladi.
Bundan tashqari, Saudiya tomoni AQSh hududida sun’iy intellekt sohasidagi ma’lumotlar markazlariga sarmoya kiritishini ham va’da qilgan.
Shuningdek, Google, Oracle va Uber kabi yirik texnologik kompaniyalar ikki davlatdagi ilg‘or texnologiyalar rivojiga 80 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Kelishuvlar doirasida AQSh Saudiya Arabistoniga 14,2 milliard dollarlik gaz turbinalari va energetika texnologiyalarini, shuningdek, 4,8 milliard dollarlik Boeing 737-8 yo‘lovchi samolyotlarini yetkazib beradi.
Tomonlar energetika va konchilik sohalarida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan.