1

Sust metobolizm — 100 yil yashashingizning kafolatimi?

Salomatlik 07.01.2017, 12:24
Teglar: Salomatlik, SUGDIYONA
Sust metobolizm — 100 yil yashashingizning kafolatimi?

Metobolizm — ortiqcha santimetrlardan aziyat chekadigan insonlarning qulog`iga tez-tez chalinib turadigan so`z. Ba`zida dangasaligimizni ham shu qurmag`ur metabolizmning sustligiga yo`yib qo`ya qolamiz. Aslida, ham hammasi faqat shu omilga bog`liqmi? Uni tezlashtirsak, qomatdagi muammolardan oson xalos bo`la olamizmi? Bugun ushbu savollarga oydinlik kiritamiz.

 

Bu qanday jarayon?

Oddiy tilda aytganda metobolizm organizmimizda kechadigan turli kimyoviy jarayonlardir. Ya`ni moddalar almashinuvi. Masalan, tanovul qilgan eguligimizning oshqozonda makro va mikro elementlarga ajralib, qon orqali boshqa organlarga etib borishi va quvvatga aylanishini metabolizm deymiz. U chindan ham tez yoki sust bo`ladi. Kun davomida tez-tez tanovul qilsa ham sira semirmaydigan insonlarni har birimiz ko`rganmiz. Yana ularga pinhona achchiq qilgan vaqtlarimiz ham bo`lgan (mayli, buni tan olishingiz shartmas). Ana o`sha baxtli insonlarni tabiat tez kechadigan moddalar almashinuvi bilan siylagan. Xo`sh, qolganlar-chi, omadi ko`pam chopmaganlar nima qilishsin? Peshonada borini ko`ramiz, deb qo`l qovushtirib o`tirish kerakmi? Aslo! Bugungi kunda ushbu jarayonni tezlashtiradigan bir qancha samarali usullar mavjud. Eng asosiylari: egulik, jismoniy mashqlar va dori-darmon vositalari yordamida amalga oshiriladi.

 

Taomnomaga diqqat qilamiz

Tabiatda moddalar almashinuvini tezlashtiradigan eguliklar bisyor. Masalan, achchiq qalampir. Aynan qalampir va murch tarkibida ishtahani bo`g`adigan va moddalar almashinuvini tezlashtiradigan kapsaisin moddasi mavjud. Lekin u bilan hazillashib bo`lmaydi, ayniqsa oshqozon va o`t qopida muammosi bor kishilar undan ehtiyot bo`lishlari lozim.  Ichimliklardan esa eng foydalisi iliq suv va ko`k choy hisoblanadi. Ayniqsa, zanjabil va asal qo`shilgani barcha jarayonlarni tezlashtirish hususiyati ega. Bundan tashqari, bodring, qo`ziqorin, lavlagi, pomidor va karam singari mahsulotlar hazm jarayonini faollashtirib, tanaga beradigan quvvat bilan bir miqdorda kaloriyalar ham sarflanadi. Demak, tez-tez ushbu eguliklardan salatlar tayyorlashga harakat qilsangiz, semirmaysiz. Oshqozonda hosil bo`lgan to`qlik xissi esa ochiqqanlik kayfiyatini uzoqlashtiradi.

Dietologlarning  kuniga 3 marta emas,  5-6 bor ovqatlaning deya bong urishlari bejiz emas. Egulikdan keladigan kaloriyalarning bir qismi taomning parchalanishi va ichki a`zolarga etkazib berilishiga sarflanadi. Agar o`zingiz o`rgangan miqdordagi taomni besh yoki oltiga bo`lib iste`mol qilsangiz, albatta, ketkazayotgan quvvatingiz ortadi.   

 

Jismoniy faollik ham muhim!

Odatdagidan tezroq harakatlanganingizda isib keta boshlaganingizni sezasizmi? Ayni shu paytda qon aylanishi hamda moddalar almashinuvi jadallashadi. Selyulitga qarshi bo`ladimi yoki umumiy sog`lomlashtiruvchimi, har qanday uqalash ham metabolizmni tezlashtiradi. Maqsadga erishishda sauna va hammomlarning ham o`z o`rni bor. Marhamat, o`zingizga qulay usulni tanlab olavering.

 

Dori-darmon bilan tezlashtirsak-chi?

E`tiboringizga havola etilgan usullar orasidan aynan shu yo`lga alohida diqqat qilganingizga ishonchimiz komil. Lekin bu chora siz o`ylagandek beziyon va bexatar emas-da.  Yodingizda bo`lsa, bu mavzuga avval ham to`xtalgandik. Lekin yana bir bor eslatishdan erinmaymiz. Har birimizning organizmimizda yaxshi va yomon hujayralar hosil bo`ladi. Yomon hujayralar saraton xastaligini keltirib chiqaradi. Lekin o`sha yomon hujayralarni yaxshilari aniqlab, organizmdan chiqarib yuboradi. Moddallar almashinuvi o`ta tez kechganida esa yaxshi hujayralar yomonlarini aniqlashga ulgurmay, o`tkazib yubora boshlaydi. Natija: salom, saraton!

 

Ko`nglingizni cho`ktirmang!

Iste`mol qilgani tanasiga yuqmaydigan ayollarga qancha xavas qilmaylik, sizu biz kabi metobolizmi sust insonlarning ham bir ustunligimiz bor. O`tkazilgan kuzatuv va surishtiruvlarning natijasiga ko`ra, 100 yoshga etgan nuroniylarning metobolizmi butun umri davomida bu yoshga etolmaganlarnikiga nisbatan bir necha barobar sust kechgan ekan. Lekin bundan istaganimni tanovul qilsam bo`larkan, degan xulosaga kelib qolmang. Axir ortiqcha vazn tufayli yurak, qon bosimi va boshqa a`zolarda muammolar yuzaga kelishi mumkin-da. Bizningcha, eng to`g`ri chora vaznni me`yorga keltirib olgandan so`ng organizmning ishiga aralashmaslik. Nima dedingiz?

 

MAFTUNA tayyorladi.      

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1