Eron milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush Eron Futbol Federasiyasi bilan yuzaga kelgan o`zaro ziddiyat va kelishmovchiliklardan so`ng milliy terma jamoadan ketish haqidagi qarorga kelgan.
Bu haqda portugaliyalik mutaxassis o`zining Facebook'dagi rasmiy saxifasida ma`lum qilgan. “Eron Futbol Federasiyasi prezidenti bilan bo`lib o`tgan besh soatlik suhbatdan so`ng, terma jamoadagi faoliyatimni davom ettirmaslikka qaror qildim va bo`shash haqida ariza yozdim”, - deydi Keyrush.
“Bunday qarorga kelishimga sabab, uchrashuvdan so`ng Jahon chempionati saralash o`yinlariga tayyorgarlik ko`rish uchun terma jamoaga etarlicha sharoit yaratib berilmayotgani va men ishlab chiqqan reja tasdiqlanmaganini aytishim mumkin. Eron Futbol Federasiyasi va terma jamoa murabbiylar shtabi bu borada kelishuvga erisha olmayapti, shuningdek terma jamoaning saralash bahslaridagi muvaffaqiyati boshqalarda va sport agentlarida qiziqish uyg`otmayapti”.
“Bir yil davomida davom etgan mag`lubiyatsiz seriya, saralash o`yinlaridagi mag`lubiyatsiz o`yinlar va guruhdagi birinchi o`rin, shuningdek Osiyo qit`asi reytingidagi peshqadamlikdan so`ng ham, Eron Futbol Federasiyasi terma jamoaning tayyorgarligi uchun sharoit yaratib bera olmasligini tasdiqladi”, - deydi Karlush Keyrush saxifasi orqali jamoatchilikka murojaatida.





