Infeksion kasalliklar orasida oshqozon-ichak xastaliklarini qo`zg`atuvchi unsurlar va ORVIdan so`ng virusli gepatit uchinchi o`rinni egallaydi. Asli gepatitning sakkizta turi mavjud bo`lib, bolalar o`rtasida A, V va S guruhiga mansub bo`lganlari ko`proq uchraydi. Bugun kunga kelib virusli gepatit tarqalishining oldini olish maqsadida emlash choralari amalga oshirilmoqda. Biroq vaksinaning foydasiga ikkilanganlar, gepatit yuzaga kelganidan so`ng ham emlatish mumkinmi deya qiziqqanlar va davolash choralaridan keyingi parvarishni surishtirgan ko`p. Fahmlaganingizdek, bugun barcha savollarga batafsil javob beramiz.
Mutaxassis – oliy toifali shifokor-pediatr Magina ARTIKOVA.
Sariq kasalligi bu...
Jigar hujayralarining zararlanishidir. Xastalik gepatit chaqiruvchi viruslar, kimyoviy moddalar va mexanik ta`sirlar natijasida kelib chiqadi. Viruslar sabab yuzaga kelgan gepatit yuqumli bo`lib, atrofdagilarga ham xavf tug`dirishi mumkin.
Infeksiyaning yuqish yo`llari
Kasallik qo`zg`atuvchi viruslar tashqi muhitga chidamli bo`lib, yuqori harorat ta`siridagina parchalanishi mumkin. Gepatitning turiga ko`ra uning yuqish yo`llari bir-biridan farq qiladi, misol uchun, A va E gepatiti enteral, ya`ni og`iz orqali yuquvchi sanaladi. Kir qo`llar, gigiena talablariga mos kelmaydigan narsa-buyumlar, chang bilan qoplangan o`yinchoqlar bolaning qo`liga tushib qolgudek bo`lsa, barmoq terisiga o`rnashib qolgan viruslar og`iz orqali organizmga tushadi.
A gepatitiga qarshi tabiiy immunitet go`dakning bir yoshiga qadar saqlanib qolinadi, 2-10 yosh oralig`i esa kasallikning kelib chiqish ehtimoli yuqori bo`lgan davrlar hisoblanadi. Ma`lumotlarga ko`ra, virusli gepatit bilan og`rigan bolalarning aksariyatini 3-9 yoshli kichkintoylar tashkil qiladi.
A gepatitining kuz-qish mavsumida avj olishi ayni haqiqat, ammo kasallikning boshqa turlari mavsum tanlamaydi.
V va S gepatiti parenteral — teri va shilliq qavatlari butunligining buzilishi tufayli zararlangan qon va preparatlar orqali yuqadi. Bunda virus tashuvchisi yoki bemor foydalangan tibbiy asbob-anjomlar, qon quyish muolajasi, sanitariya gigiena talablariga rioya qilinmagan, etarlicha sterillanmagan uskunalar xavf omili bo`lishi mumkin.
Belgilari qanday?
Virusli gepatitning kechishi yashirin, sariqlik oldi, sariqlik payti va sog`ayish kabi davriylik bilan xarakterlanadi.
Gepatit odatiy va noodatiy ko`rinishda ham kechishi mumkin. Birinchisi, barchaga yaxshi tanish bo`lgan teri rangi va ko`z shillig`ida sariqlikning paydo bo`lishi bilan ifodalansa, ikkinchisi esa sariqlik alomatlarisiz nomoyon bo`ladi.
Tibbiyotda gepatitning engil, o`rta va og`ir darajalari tasniflanadi. Shakliga ko`ra esa o`tkir, davomli va surunkali ko`rinishlari bor.
Gepatit bilan bir marta og`rigan bolakay qayta kasallanishi mumkin, qachonki immuniteti sustlashsa, davolash choralari to`liq bajarilmasa va muolajadan keyingi tavsiyalarga amal qilinmasa.
Gripp bilan adashtirmang!
Gepatitning boshlanishi hamisha ham sariqlik bilan kuzatilmaydi. Tumov, tana haroratining ko`tarilishi, ishtahasizlik, lohaslik kabilar ko`pincha gripp alomatlariga ishora qilsa-da, asli gepatit belgilari bo`lishi mumkin. Bundan tashqari, bolakay oshqozon hamda jigar atrofidagi og`riqdan shikoyat qilishi, ko`ngil aynishi, qayt qilishdan bezovtalanishi mumkin. Bosh aylanishi, uyquchanlik, surunkali charchoq, rangparlik holatlari ham tibbiy tahlillar o`tkazilishi uchun asos bo`lib xizmat qilishi lozim. Negaki bular ham gepatit belgilariga taxmin qilinadi.
A gepatitidagi sariqlikoldi holati bir hafta davom etib, ettinchi kunga kelganda jigarning kattalashishi va peshob suyuqligi rangining o`zgarishi yuz beradi. Sariqlik davri boshlangach esa ko`z osti shilliq qavati, til, terida kasallik alomatlariga xos o`zgarishlar kuzatiladi.
Sariqlik holatining davomiyligi engil turida 2 hafta atrofida, o`rta darajada 1 oy, og`ir ko`rinishlarida 1,5 oygacha saqlanib qolinadi.
Qichishish ham bor!
Ehtimol bu haqida bilmassiz, gepatitga xos bo`lgan, ammo nisbatan kam uchraydigan holatlardan biri badanda qichishishning paydo bo`lishidir. Shunisi qiziqki, xastalik fosh bo`lgach, bolaning umumiy ahvoli asta-sekinlik bilan o`nglana boshlaydi. Ishtahasizlik, ko`ngil aynishi, qayt qilish kabilar o`tib ketadi, faqat jigar va taloqda kattalashishi o`zgarmaydi.
Sariqliksiz turi
Bunda gepatitga xos barcha alomatlar yuz bersa-da, qonda bilirubin miqdori o`zgarmaydi. Ayrim bolalarda siydik rangining to`qlashishi, axlatining esa oqarishi kuzatiladi. Kasallikning sariqliksiz ko`rinishi shunisi bilan xavfliki, gepatitning o`z vaqtida aniqlanishi kechikib, surunkali tus olishi mumkin.
Tashxislaymiz!
Fermentlardagi o`zgarishlarni aniqlashda eng ishonchli tahlil-qon namunasini laboratoriya sharoitida tekshirishdir. Bundan tashqari, siydik va axlat tekshiruvi, qonning serologik hamda biokimyoviy tekshiruvi, qorin bo`shlig`i a`zolarining UTTsi amalga oshiriladi. Qonda leykositlar miqdorining kamayishi va monositlarning ortishi gepatit mavjudligini tasdiqlaydi.
Muolaja shartlari bilan tanishmisiz?
Gepatitning qanday turi aniqlanmasin, muolaja stasionar sharoitida o`tkazilgani ma`qul. Shifokor nazoratida tanlangan kompleks davo choralari kasallik qo`zg`atuvchi infeksiyani bartaraf etish, jigar faoliyatini tiklash va bolaning umumiy ahvolini yaxshilashga qaratiladi. Bunda bemor bolakayning yoshiga mos ravishda tanlangan parhez, dezintoksikasion usullar, sorbentlar, gepatoprotektorlar, siydik haydovchi preparatlar, vitaminlar guruhi, antibiotiklar, virusga qarshi vositalar tayinlanadi. Muolaja har bir bola uchun individual tarzda olib boriladi.
Muolaja yakuniga etgach, qayta tibbiy tahlillar o`tkazilib, so`ng shifokor xulosasi e`lon qilinadi.
Taomnoma muhim masala!
Muolajaning ilk kunlarida bug`da tayyorlangan taomlar, yog`siz kotlet, baliq, suyuq ovqatlar tavsiya etiladi. Dudlangan, ziravor qo`shilgan, achchiq, sho`r va konserva mahsulotlari cheklanadi. Kun davomida 4-5 mahal oz-ozdan taomlanish, ko`proq suyuqlik ichish lozim.
Davo choralari tugaganidan keyin ham parhezga amal qilish kerakligini yodda tuting. Farzandingiz sut-qatiq mahsulotlari, ayniqsa, tvorogni ko`proq iste`mol qilgani ma`qul. Manniy va suli yormasidan sutli bo`tqalar, qaynatilgan guruch ham ayni muddao. Yangi chiqarilgan tarvuz sharbati, turshak, meva qoqlaridan tayyorlangan kompotlar ham foydalidir.
Yog`li, qattiq qovurilgan qaylalar, yong`oq, qo`ziqorin, shokolad, pechene, holva, pirojniy, muzqaymoq, tuxum taomnomadan chetlatiladi.
Mineral suvlar faqat muolajadan keyingina iste`mol qilinishi mumkin.
Davolash choralaridan so`ng bola olti oygacha dispanser ro`yxatida turadi. Shu muddat davomida tibbiy tahlillarni topshirish, parhezga amal qilinishi shart. Dispanser ro`yxatidan o`chirilgach ham taqiqlangan mahsulotlarni iste`mol qilmaslik, imkon qadar jigarga og`irlik tushirmaslikka e`tibor berish lozim.
Jismoniy faollik man etiladimi?
Virusli gepatit bola organizmini zaiflashtirib qo`yadi. Jigar zo`riqmasligi uchun ma`lum muddat faol jismoniy harakatlar, sport mashqlari, yugurish, sakrash, og`ir yuk ko`tarish cheklanadi. Agar farzandingiz maktab yo kollej o`quvchisi bo`lsa, davolovchi shifokor tomonidan berilgan tibbiy ma`lumotnoma jismoniy tarbiya darslaridan ozod etish uchun asos bo`lib xizmat qiladi.
Vaksinaga ishonchlimi?
V gepatitiga qarshi emlashning birinchi bosqichi go`dak dunyoga kelganidan so`ng tug`ruqxonada amalga oshiriladi. Bir oydan so`ng ikkinchisi, olti oydan keyin esa uchinchi bora emlanadi. Shundan so`ng bola yana 3 turda, bepul ravishda oilaviy poliklinikalarda gepatitga qarshi vaksina bilan emlanadi. Gepatit A ga qarshi emlash esa immunomarkazlarda o`tkazilib, bir yilda ikki marta bajariladi. Vaksina turiga ko`ra kasallikdan himoya qiluvchi tizimning yaroqliligi o`n yildan o`n besh yilgacha deya izohlanadi. Emlash ishlari bolaning 2 yoshidan boshlab o`tkazilishi mumkin.
Shu o`rinda savol tug`iladi, gepatit emlangan bolalarga yuqmaydimi? Mutaxassislar fikricha, virusli gepatitga qarshi vaksina to`liq, barcha qoidalarga rioya etilgan holda bajarilgan bo`lsa, yuqish xavfi bo`lmaydi.
Kimlarga emlash mumkin emas?
A virusli gepatiti bilan kasallanib bo`lgan bolalar emlanmaydi, boshqa qarshi ko`rsatmalar mavjud emas.
Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.