1

“Qo`qon-1912” jamoasi bosh murabbiyi No``mon Hasanovning futbol haqidagi falsafiy fikrlari

Sport 12.01.2017, 12:31
“Qo`qon-1912” jamoasi bosh murabbiyi  No``mon Hasanovning futbol haqidagi falsafiy fikrlari

“Qo`qon-1912” jamoasi matbuot xizmati bosh murabbiyi No``mon Hasanovning futbol haqidagi falsafiy fikrlarini taqdim etdi.

– Murabbiy o`yin “sxemasi”ni o`zida mavjud futbolchilarga qarab tuza olmaydi. Bu jihat bemazmun va kelajaksizdir. Taraqqiyot esa, murabbiy o`yin modelini  oldindan tasavvur qilib, shunga yarasha ijrochilarni tanlaganidagina bo`ladi.

– O`yin yoddan chiqadi, natijasi esa abadiy qoladi. Futbolning bor mazmuni natijadadir.

– Murabbiy butun umri davomida o`qishi – izlanishi lozim. Kim o`rganmay qo`ydimi – u murabbiy emas. Vaqtni aldab bo`lmaydi

– Murabbiylik o`yinchi bo`lishdan ko`ra qiyinroq. Maydonda sen to`pni boshqarasan, maydon chetida esa insonlarni boshqarishga to`g`ri keladi.

– Futbol rivojlanishiga muxlislar “yulduz” deb ataydigan o`yinchilar katta zarar etkazadi. Ular mashg`ulotlarda yanada kuchliroq bo`lish uchun shug`ullanish o`rniga  o`z iqtidorlarini ekspluatasiya qiladilar.

– Men – murabbiyman. Bu kasb – hayotim mazmunidir.

– Men o`z kasbimni sevaman. Men uchun uni yanada chuqurroq egallash yo`lida izlanish kelajakda qaysi jamoani boshqarish xususida bosh qotirishdan ko`ra maroqliroq.

– Mavjud to`siqlarni bartaraf etish uchun bugungi jamiyatimizga nafaqat muammoni to`liq his etish, balki sog`lom fikrlash ham etishmaydi. Ya`ni, g`oliblarga xos fikrlash. Uni shakllantirish uchun g`alaba sari eltadigan yo`lni topish kerak. Futbolchilardagi g`oliblik ruhi natijalarda emas, ularning fikrlashi va munoabatlarida aks etadi. Uni shakllantirish – qisqa vaqt ichidagi yumush emas. U uzoq va mashaqqatli mehnat evaziga yuzaga keladi.

– Doimo xolislikka intilaman.

– Murabbiylik kasbi juda murakkab. Qoidaga ko`ra doimo biz aybdormiz.

– Menga hech qachon murabbiylar aziyat chekmaydilar, deb aytmang. Faqat ishlamaydigan odamgina aziyat chekishdan xoli bo`lishi mumkin.

– Mashg`ulotlarim shogirdlarimga yoqishini istayman. Klubning barcha a`zolari, muxlislar mehnatim mevasini ko`ra olsalar, o`zimni baxtiyor his etaman. Mashg`ulotlar jarayoniga hech kimning befarq emasligi menga yoqadi.

– Doimo jamoam kuchli bo`lishini istayman: mustahkam himoya qo`rg`oni va tezkor qarshi hujum. To`pning harakati qanchalik tez bo`lsa, undan shunchalik ko`p zavq olaman.

– Ochkolarni qo`lga kiritish – jarohatlarga qarshi eng samarali dori.

– Muvaffaqiyat doimo bizning boshimiz va qalbimizda bo`lishi darkor.

– Iqtidor – mehnatsevarlik va tirishqoqlik mahsuli. Bu borada muntazam izlanmaslik hech narsaga olib kelmaydi.

– Orzuga ayb yo`q. Bu har bir kishi uchun muhim jihat. Lekin har doim imkoniyatga xolis baho berish kerak.

– Murabbiy echinish xonasining nozik jihatlarini aniq his etishi shart. Agar u shogirdlariga ortiqcha erkinlik berib qo`ysa, ular oldidagi nufuziga putur etishi mumkin.

– Murabbiy hech qachon tushkunlik holatiga tushmasligi lozim. Uchrashuv arafasida mag`lubiyat haqida o`ylagan jamoa hali o`ynamay turib uni boy bergan bo`ladi.

– O`yin uslubi har qanday taktika va tarkib tanlashdan ko`ra muhimroqdir.

– Tirishqoq va o`ziga ishongan futbolchi har qanday raqibdan ustun kela oladi.

– G`alaba – ulkan shodu xurramlik. Ammo uni qay tariqa qo`lga kiritilgani ham muhim ahamiyatga ega. Biz o`z muxlislarimizga chinakam spektaklni taqdim etishimiz lozim. Chunki sermazmun o`yin har qanday kishini o`ziga rom etadi. Bu esa muhitga ijobiy ta`sir etadi.

– Men jamoaviy o`yin tarafdoriman. O`z shogirdlarimni asosiy va zaxira o`yinchilariga ajratmayman. Jamoa bilan ishlashni xush ko`raman, alohida futbolchilar bilan emas.

– Men uchun eng quvonarli hol – kamolotga erishayotgan futbolchilar va rivojlanib borayotgan jamoani ko`rish.

– Har bir lahza, har bir qadam, har  bir golning  qadriga etaman. Muvaffaqiyatning garovi aynan shunda. Shu paytgacha menga bergan va hamon berishda davom etayotgan baxtli daqiqalar uchun futboldan bir umrga minnatdorman.

– Futbol sustkashlikni yoqtirmaydi. Chunki natija doimo muhim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1