1

Server Jeparov: “Istiqlol” g`alabalariga hissa qo`shib, klub muxlislarini xursand qilmoqchiman

Sport 17.01.2017, 11:54
Server Jeparov: “Istiqlol” g`alabalariga hissa qo`shib, klub muxlislarini xursand qilmoqchiman

O`zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi, bir necha kun avval Eronning “Istiqlol” klubi a`zosiga aylangan Server Jeparov yangi jamoaga o`tishi, klub istiqboli va bo`lajak raqiblari haqida o`z fikrlarini bildirib o`tdi.  

O`zbekistonlik futbolchi “Istiqlol” bilan shartnoma imzolaganidan mamnun ekanini aytib o`tdi. 

– “Istiqlol” klubi bilan shartnoma imzolaganimdan xursandman. Klub katta tarixga ega ekani hamda ko`plab muxlislari borligini bilaman. “Istiqlol” g`alabalariga hissa qo`shib, muxlislarni xursand qilishga umid qilaman, – dedi 35 yoshli yarim himoyachi.

Server Jeparov “Istiqlol”ga tegishli bo`lgan hamda 95 225 muxlisga mo`ljallangan “Ozodi” stadioni haqida ham qisqacha to`xtalib o`tdi.

– “Ozodi”stadioni juda katta va go`zal. O`zbekiston termasining Eronga qarshi uchrashuvlarida bu erga kelganman. Stadiondagi muhit o`zgacha, – deydi Jeparov.

Shuningdek, tajribali yarim himoyachi “Istiqlol”ning Osiyo Chempionlar Ligasi–2017 turniridagi imkoniyatlari haqida so`zlab berdi. Tehron klubi guruh bosqichiga chiqish uchun pley-off bosqichida Qatarning “Al-Sadd” klubiga qarshi bahs olib boradi.

– “Al-Sadd”ga qarshi o`yin oson bo`lmaydi. Ammo Osiyo Chempionlar Ligasining kamida chorak finaliga chiqishga umid qilamiz. “Istiqlol” bosh murabbiyi Alirizo Mansurian menga ishonch bildirda va bu ishonchni oqlashga harakat qilaman, – deya fikrini yakunladi Jeparov.

Ma`lumot uchun, Eron Pro Ligasi vakili – Tehronning “Istiqlol” klubi joriy mavsumda 16-turdan keyin 25 ochko bilan 16 ta jamoa orasida 5-pog`onani egallab turibdi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1