“Lokomotiv” safida ancha mazmunli faoliyat olib borgan hamda Qatarning “Al-Sayliya” a`zosiga aylangan Sanjar Shoahmedov “temiryo`lchilar” matbuot xizmatiga eksklyuziv intervyu berdi.
— Temurxo`jadan so`ng siz ham Qatar klubiga yo`l oldingiz. Bu qanday sodir bo`ldi?
— “Lokomotiv” jamoasi tarkibida Dubayda o`tayotgan mavsumoldi yig`inida qatnashayotgan edim. Bu orada Qatar klubidan taklif kelib tushdi. Dastlab Temurxo`ja Dohaga bordi va jamoadagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. So`ngra men ham bu erga yo`l oldim.
— Temurxo`ja bilan yana bir klubda bo`lishingiz tasodifmi? Bunga o`zingiz qanday izoh berasiz?
— Bilasizmi, bu – juda ajoyib tasodif. Aytib o`tganimdek, Dubaydagi yig`in payti ikkimizga ham xorijdan chorlov bo`ldi. Qiziq jihati shundaki, ikkalamizga ham bir jamoa qiziqish bildirdi. Bundan xursand bo`ldik, albatta. Zero bir-birimizga dalda bo`lgan holda birgalikda to`p surishimizdan quvondik.
— Futbolchilarning birin-ketin «Lokomotiv»dan ketishi muxlislarni sarosimaga solyapti. Jamoa kuchsizlanib qolmasmikin?
— Yo`q! “Loko” aslo kuchsizlanib qolmaydi. Chunki tarkibda ajoyib o`yinchilar yig`ilgan. Ketgan futbolchilarning o`rnini bilintirmaydigan yoshlar ham mavjud. Shu boisdan ham jamoa rahbariyati yoshlarga imkon berish maqsadida va tarkibga yangi mahoratli o`yinchilar qo`shilganini inobatga olib, xorijdan chaqiruv olgan futbolchilarga ruxsat bermoqda.
— Jeparov va Shoahmedovsiz jamoaning yarim himoya chizig`i qanday ko`rinish oladi deb o`ylaysiz?
— Aytib o`tganimdek, “Loko” safida juda iqtidorli va mahoratli o`yinchilar bor. O`tgan mavsumda kamroq o`yin amaliyotiga ega bo`lgan futbolchilar mana endi yangi yilda o`zlarini ko`rsatish imkoniga ega bo`lishadi. Bu – futbolda oddiy holat, menimcha.
— «Loko» futbolchilari bilan xayrlashish qanday bo`ldi?
— Rostini aytadigan bo`lsam, “Loko”dan ketish men uchun og`ir. Sababi ushbu jamoa tarkibida juda ajoyib g`alabalarga erishdim. Mamlakat chempioni degan unvonga aynan mana shu jamoa safida ega chiqdim. Bunday g`alabalarni so`z bilan ta`riflab berish qiyin. Lekin qachondir baribir o`zimni xorijiy chempionatda sinab ko`rishim lozim edi, deb o`ylayman.
— Jamoa bu yil ham chempionlik va Kubok uchun kurasha oladimi?
— Albatta! Ishonchim komilki, “Lokomotiv” – 2017 yilda ham O`zbekiston chempioni bo`lish uchun asosiy da`vogar. Bunga tarkibda yig`ilgan futbolchilarning tajriba va mahorati imkon beradi. Qolaversa, yosh iqtidorli futbolchilarning ishtiyoqi ham “Loko”ga yangi mavsumda yangi g`alabalarni qo`lga kiritish uchun turtki bo`ladi.
— Faoliyatingizda birinchi bor O`zbekistondan chetda to`p surasiz. Qanday hissiyotlarni boshdan o`tkazyapsiz?
— To`g`risi, biroz hayajon bor. Lekin o`yinlar boshlangach bu hayajon o`tib ketishiga ishonaman. Ana endi yangi jamoa safida o`zimni ko`rsatib, o`zbek futboli dovrug`ini yoyishga harakat qilaman. Umid qilamanki, mendan kutilayotgan o`yinni namoyish etishni uddalayman.
— Shu o`rinda «Loko» muxlislariga nimalar degan bo`lardingiz?
— “Lokomotiv” – mening qalbimda qoladigan jamoa. Uning muxlislarini ham aslo unutmayman. Jamoa ishqibozlari bizni ajoyib tarzda qo`llab-quvvatlab turgani o`yinchilarga kuch berardi va natijada biz Oliy ligada zafar quchishga muvaffaq bo`ldik. Shuning uchun ham jamoa muxlislariga minnatdorchilik bildiraman va ularga omad tilayman. Qolaversa, “Loko”da mehnat qilayotgan har bir xodimga, rahbariyat-u futbolchilarga ham ulkan zafarlar yor bo`lishini tilayman.