AsosiyJamiyat

​O`zbekistonlik firibgarlar 31.500 dollar evaziga o`lgan odamni “tiriltirib” bermoqchi bo`lishdi

'​O`zbekistonlik firibgarlar 31.500 dollar evaziga o`lgan odamni “tiriltirib” bermoqchi bo`lishdi'ning rasmi

Gurlan tumanida yuz bergan firibgarlik tafsiloti butun qishloqqa tarqaldi, deb yozadi “Inson va qonun” gazetasi.

Mazkur jinoyat gurlanlik Munavvara Davlatova va yangiariqlik Malika Ro`zimatovalar (ism-shariflar o`zgartirilgan) tomonidan sodir etildi. Ularning qiyofasiga birrov razm soling-a?!

Munavvara Davlatova bir necha yil muqaddam o`zini “tabib”, deb e`lon qildi. Uning tabibligiga birovlar ishondi, birovlar bunga qo`l siltab qo`ya qoldi. Xullas, kunlarning birida “tabib” opa huzuriga 1963 yili Yangiariqda tug`ilgan M.Rahimova kelib, qizi Malika Ro`zimatovani darddan forig` etib berishni so`raydi. Davlatova taklifni bajonidil qabul qilib, Malikani uyida “davolash”ga kirishadi. Bemor ayol bir muddat ana shu asnoda Munavvara opaning uyida “davolanadi.” “Tabib” bu jarayonda o`z mijozini obdan o`rganadi. Qarasa-ki, Malikadan tuppa-tuzuk sherik chiqishi ham mumkin. Davlatova buni fahmlab, anchadan buyon diliga tugib yurgan firibgarlik maqsadlarini amalga oshirishga kirishadi. Firib ishlari rejasi ham tuziladi.

Ularning tuzog`iga dastavval Urganch tumanidagi “G`alaba” qishlog`ining “Asalchilik” mahallasida yashovchi Rajabboy Bobojonov tushadi. Uning o`g`li U.Bobojonov giyohvandlik vositalari bilan bog`liq jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum qilingan edi. Ikkovlon firibgarlik yo`li bilan R.Bobojonovning ishonchini sui¬iste`mol qilishga kirishadi va o`g`lini 800 AQSh dollari hamda 400 ming so`m pul evaziga qamoqdan ozod qilishga va`da beradilar. Rajabboy aka firibgarlarning so`ziga laqqa tushib, aytilgan pulni ularga darhol qo`¬sh¬qo`llab tutqazadi.

“Opa-singil” tutingan hamtovoqlar osongina qo`lga qo`ngan omaddan ilhomlangancha, yanada kattaroq o`ljani poylashadi. Gurlanlik B.Otajonov to`ng`ich farzandi M.Otajonov avtohalokat natijasida vafot etganligi bois qattiq iztirobga tushib, og`ir betoblik dardiga yo`liqadi va najot izlab, Munavvara “tabib”ning uyiga boradi. Davlatova mo`maygina daromadning “hidi”ni sezib, Malika degan “advokat” tanishi borligini, undan zarur yordam olish mumkinligini aytadi. Malikaning nimalarga qodirligini bayon qila turib, narkotik moddalar bilan muomala qilishda ayblangan bir necha shaxs¬ni sud zalining o`zidanoq ozodlikka chiqartirib yuborgani, 15 yilga qamalgan yana bir necha aybdorning jazosini 6 yilgacha kamaytirib berganligini aytib, balki sizning o`g`lingiz tirikdir, avtohalokatda bosh¬qa kishi o`lgandir, deya ishontirishga urinadi. Cho`kayotgan odam hatto xas-cho`pdan ham najot izlaydi, deyishganidek, og`ir ruhiy holatdagi bemor Rajabboy aka bunday avrashga laqqa ishonadi. Ish silliqqina bitayotganidan ruhlangan Munavvara esa fursatni o`tkazmay Malikaga telefon qilib, tezda etib kelishini tayinlaydi. Malika Rajabboy akaga Urganch shahrida advokat bo`lib ishlashini, oldin ko`pgina ayblangan shaxslarni oqlaganini, barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda tanishlari borligini, ular ko`magida o`g`lini topib bera olishini aytadi. Shundan so`ng “advokat” ayol tezda ishga kirishib, Rajabboy akani “o`g`lingiz tirik, u qamoqda saqlanayapti”, deya avraydi. Farzandining tirikligiga astoydil ishongan odam ulardan pulni ham, mol-mulkni ham ayamaydi. 2014 yilning fevralidan 24 avgustiga qadar va`da va aldovlarga ishongan ko`yi “o`lmasdan qolgan” va ayni kunlarda go`yoki qamoqda saqlanayotgan o`g`lini ozod qilish uchun firibgarlarga 31.500 AQSh dollari hamda 4 million 100 ming so`mlik oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni beistihola in`om qilib yuboradi.

Sudda aybnuvchi M.Ro`zimatova hamda M.Davlatovalarning aybi to`la tasdiqlandi. Muqaddam jinoyat sodir etib, amnis¬tiya akti tufayli muqarrar jazodan qutulib qolgan M.Ro`zimatova bu gal javobgarlikka tortildi va 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. M.Davlatova ham tegishli jazoga tortildi.

Shu o`rinda, fuqarolarning firibgarlar aldoviga ishonib, yillar davomida peshona teri evaziga topgan bisotini qo`shqo`llab ularga topshirishi kishini ajablantiradi. Bunday ko`ngilsizliklarga yo`liqmaslik uchun esa hamma va har bir kishi ogoh bo`lmog`i, firib tuzog`idan o`zini asrash payida bo`lmog`i zarur.

Umrbek HASANOV,

jinoyat ishlari bo`yicha Yangibozor tuman sudining rais

Boshqa yangiliklar