AsosiyJamiyat

​O`zbekiston Astronomiya instituti 2017 yil insoniyatga nimalar “hadya” etishi haqida ma`lumot berdi

'​O`zbekiston Astronomiya instituti 2017 yil insoniyatga nimalar “hadya” etishi haqida ma`lumot berdi'ning rasmi

Mazkur yilning fevral va avgust oylarida ikki marotaba quyosh va ikki marta oy tutiladi. Ularning to`g`ri va ko`chma ma`noda biz insonlarga nimalarni “hadya” etishi haqida O`zbekiston fanlar Akademiyasi Astronomiya isntitutining ilmiy kotibi Igor Ibragimov ma`lumot beradi.

11 fevral kuni to`lin oy tutiladi

U xira yarim oy shaklida namoyon bo`ladi. Er Quyoshni qisman to`sib qo`yganligi tufayli Oyning yorqinligi biroz kamayadi. Agar havo ochiq , osmon tiniq bo`lsa, Oy gardishining qorayganini kuzatish mumkin. Mamlakatimiz hududida bu hodisani oddiy ko`z bilan (durbinsiz) ham ko`rish mumkin bo`ladi.

26 fevral — yangi Oy chiqqan kuni, navbatdagi xalqasimon Quyosh tutilishi ro`y beradi

Oy Quyosh gardishi ustidan o`tsa-da, uni to`liq yopa olmaydi, natijada tabiiy yo`ldoshning yopilmagan qismi yorqin xalqani hosil qiladi. Shunga qaramay, osmon yorug`ligicha qoladi. Xalqasimon faza chizig`ini Tinch va Atlantik okean akvatoriyasida, shuningdek, Janubiy Amerikaning janubiy qismida va Afrikada ko`rish mumkin. Bu tutilish O`zbekistonda ko`rinmaydi.

7 avgust, Oy to`lgan kuni qisman tutiladi

Sayyoramizning yo`ldoshi bo`lgan Oy Er soyasining shimoliy qismidan o`tib, qorayadi, uning boshqa qismi esa yarim soya ostida qoladi. Bu voqeani mamlakatimiz hududida kuzatish mumkin. Qizig`i shundaki, bu paytda Oydan turib, Quyoshning tutilganini ko`rish mumkin bo`ladi.

21 avgust, yangi Oy chiqqan kuni Quyosh tutiladi

Fazaning to`liq chizig`i Tinch va Atlantik okean akvatoriyasidan o`tib, Shimoliy Amerika qit`asining g`arbidan sharqi tomon ko`ndalang kesib o`tadi. Mazkur hodisani Shimoliy va Janubiy Amerika, shuningdek, eng g`arbiy davlatlar bo`lgan G`arbiy Evropa va Afrika aholisi ham kuzatishi mumkin.

– Igor Abdurahmonovich, keling, eng avvalo Oy va Quyosh tutilishining nimaligi haqida ma`lumot bersangiz...

– Quyosh, Er va Oyning bir chiziqqa turib qolishi tutilish deyiladi va bu tabiat hodisasi hisoblanadi. Agar tutilish yuz bergan paytda Oy yangi chiqqan bo`lsa Quyosh, agar to`lin oy fazasida bo`lsa Oy tutiladi. Tutilish xususiyati Oyning Erdan uzoqligiga bog`liq bo`ladi, bu masofa har safar o`zgarib turadi. Chunki sayyoramiz yo`ldoshining orbitasi aylanma emas, balki elliptik (noto`liq) xususiyatga ega. Unga mos ravishda Oyning ko`rinish o`lchami ham o`zgarib turadi.

Quyosh tutilganda Oy Erga yaqin masofada bo`lsa, uning gardishi Quyoshni batamom to`sib qo`yadi va to`liq tutilish ro`y beradi. Agarda Oyning ko`rinib turgan gardishi Quyoshnikidan kichikroq bo`lsa, uning atrofida yorug` gardish hosil bo`ladi. Haqiqatda Oyning diametri Quyoshnikiga qaraganda 400 marta kichik bo`lib, yorug`lik darajasini taqqoslaganda Erga 400 marotaba yaqindir, shuning uchun ham ularning ko`rinishi deyarli bir xildir.

FAKT

Quyoshning to`liq tutilishini bir nuqtada kuzatish uchun 7,5 daqiqa kerak bo`ladi. Uning maksimal darajasini juda kam hollarda – 16 yilda bir marotaba kuzatish mumkin.

– O`tgan yilning noyabr oyida sayyoramiz aholisi Super to`lin oy hodisasining guvohi bo`ldi. Oyning gardishi juda ham kengaydi...

– Ha, 2016 yilning kuzida Oy Erga juda yaqin masofada bo`lganligi tufayli uning ko`rinish hajmi ilgarigidan ancha katta bo`ldi. Har yili Oy ikki marotaba sayyoramizdan maksimal darajada 406 ming kilometrga uzoqlashib, xuddi shunday maksimal darajada 357 ming kilometr masofada yaqinlashadi. Agar bu harakat Oy to`lganda yuz bersa, biz super to`lin oy hodisasini kuzatishga muvaffaq bo`lamiz. Super to`lin oy hodisasini kuzatish uchun osmon bulutsiz bo`lishi lozim. Mazkur hodisani oddiy ko`z bilan ham kuzatish mumkin. Bunday kechada sayyoramiz aholisi Oyni 14 % katta va 30 % yorqinroq holda ko`rish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Super to`lin oy kechasida turli halokatlar yuz berishi, uning inson sog`ligiga salbiy ta`sir ko`rsatishi haqida turli afsonalar mavjud. Ularning ba`zilari haqiqatga asoslangan. Masalan, ruhiy kasalxonalarning shifokorlari aynan Oy to`lganda ularga boshqa paytga nisbatan juda ko`plab bemorlar murojaat qilishini aytishadi. Yana aksariyat shifokorlar bunday kunda surunkali kasalliklarning xuruj qilishi haqida ham ma`lumot berishadi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, Oy to`lganda turli yo`l-transport hodisalari, halokatlar ham yuz berishi tasdiqlangan. Bunga misol qilib, 2004 yilda Indoneziyada yuz bergan sunamini keltirishimiz mumkin. Aynan to`lin oy kuni ro`y bergan sunami minglab odamlarning qurbon bo`lishiga sabab bo`ldi.

Oy Erga katta ta`sir kuchini ko`rsatib, dengiz suvining ko`tarilishi va pasayishiga sabab bo`lsa-da, aslida super to`lin oy odamlar hayotiga ulkan darajada xavf tug`dirmaydi. Bunday ko`tarilish hattoki Erning ichki qobig`ida ham yuzaga kelganiga qaramay, bu holat odamlar uchun sezilmaydi. Bunday o`zaro ta`sir oqibatida Oy Erdan yiliga juda tez — 3,8 santimetrga uzoqlashmoqda , Er esa o`z o`qi atrofida aylanishini yuz ming yilda 1,6 soniyaga sekinlashtirmoqda.

QIZIQARLI FAKT

Ba`zi olimlarning aniqlashicha, to`lin oy va Super to`lin oy kechasi insonlarning ovqat hazm qilish tizimiga kuchli ta`sir ko`rsatib, ularning me`yoridan ortiq ravishda ovqat iste`mol qilishiga sabab bo`ladi.

– Oy va Quyosh tutilishi inson salomatligiga qanday ta`sir ko`rsatadi?

– Ruhiy tomonni hisobga olmaganda, Oy va Quyosh tutilishi inson salomatligiga hech qanday xavf tug`dirmaydi. Ular zilzila, urush bo`lishiga sabab bo`lolmaydi yoki ijtimoiy tuzumni o`zgartirib yubormaydi. Bularning barchasi odamlar tomonidan o`ylab topilgan xayolot mahsulidir. Ba`zi bir odamlar Oy va Quyosh tutilishi ruhiy poklanishga, kelajak rejalarini to`g`ri belgilashga sabab bo`ladi, deb hisoblaydi. Agarda bunday ishonch har bir insonga yordam beradigan, ruhiy osoyishtalik keltiradigan bo`lsa, buning yomon tomoni yo`q. Ammo muntazam ravishda Quyosh faolligining ortib borishi haqiqatan ham inson sog`ligiga muayyan darajada salbiy ta`sir ko`rsatadi.

Magnit bo`ronining ta`siri haqida

– Bu bilan siz magnit bo`ronini nazarda tutdingizmi? Magnit bo`roni qon bosimining oshishiga, bosh og`rig`iga va turli betobliklarga sabab bo`lishi mumkinmi?

– Bu Quyosh faolligining ortish va kamayish darajasiga bog`liq. Quyosh faollashganda uning atmosferasida chaqnash hududlari paydo bo`ladi. Chaqnash oqibatida fazoviy kenglikka ko`p miqdordagi proton va elektronlardan iborat bo`lgan zaryadlangan zarrachalar sachraydi. Ular sekundiga 400-1000 kilometr tezlikda Er sari harakat qiladi va 1-2 kunda etib keladi. Zaryadlangan zarrachalarning kuchli oqimi Erning magnit maydonini harakatga keltiradi. U nafaqat inson hayotiga, balki aloqaning uzilishiga, fazoviy kemalarning navigasiya tizimiga, energetikaga va boshqa faoliyat turlariga, qon bosimidan , yurak qon-tomir kasalliklaridan aziyat chekuvchi odamlarga salbiy ta`sir qiladi. Aynan magnit bo`roni kunlarida infarkt, insult, gipertonik inqirozlar avj oladi. Yana aksariyat odamlar bosh og`rig`idan, migrendan, yurakning tez urishidan, uyqusizlikdan, qon bosimining o`ynashidan, kayfiyatning tushib ketishidan shikoyat qilishadi. Bunga magnit maydonining tebranishi oqibatida qonning kapillyar oqimi sekinlashib, kislorod etishmasligi sabab bo`ladi.

Asteriodlar xavflimi?

– Astronomlarning bashorat qilishicha, yilning ikkinchi yarmi misli ko`rilmagan yangiliklarga boy bo`lib, ko`plab meteoritlar tushar ekan. Shu rostmi?

– Turli meteorit jismlarning Er atmosferasiga katta tezlikda uchib kelishi, xalq tilida “yulduz uchishi” deb ataladi. Havo qatlamidagi ishqalanish oqibatida ular qizib, yonib ketadi va o`zidan yorug`lik tarqatadi. O`zidan olovli iz qoldirgan jism – meteorit, deb ataladi. Aksariyat bunday samo “tosh”lari kichik hajmga ega bo`lib, ular atmosferaning yuqori qatlamida, 80-100 kilometr balandlikda yonib ketadi. Faqatgina juda katta hajmdagi meteoroidlar va ularning bo`laklari Erning yuqori qatlamiga meteorit tarzida kelib tushadi.

Hozircha bu borada omadimiz kelmagan, chunki barcha mashhur yirik meteoritlar kimsasiz, cho`l hududlariga tushgan. Ammo ular insoniyatga ma`lum darajada xavf ham tug`diradi. Masalan, 2013 yilning 15 fevralida Rossiyaning Chelyabinsk viloyati hududiga kelib tushgan meteoritning o`lchami 17 metr, og`irligi esa 10 tonna bo`lgan. Bu ulkan meteoritning Er atmosferasiga o`tkir burchak bilan kirib, 20 kilometr balandlikda portlashi va uning bo`laklari shahar tashqarisiga kelib tushishi, chelyabinskliklarning omadi bo`lgan. Agar u shahar ustiga kelib tushganda, fojia yuz berishi aniq edi. Uning portlash quvvati Xirosimaga tashlangan atom bombasidan 20 marotaba kuchli edi. Baxtga qarshi, bu quvvat Erdan uzoqda, balandlikda tarqalib, yo`qolgan. Ammo shunga qaramay, Chelyabinsk shahridagi 5000 dan ortiq binoning deraza oynalari parchalanib, oyna siniqlaridan 1500 kishi tan jarohati olgan.

Keling, endi asteroidlar haqida ma`lumot bersa... Asteroid Quyosh sistemasining juda yirik bo`lmagan samo jismi hisoblanib, yorug`lik orbitasi atrofida harakat qiladi. Ular sayyoralardan o`lchami jihatdan kichkina bo`lib, shaxsiy atmosferaga ega emas. Yupiter va Mars sayyoralari oralig`ida bir kilometr diametrda g`uj bo`lib, uchib yuradigan asteroidlar mavjud. Bunday asteroidlar haqiqatan ham xavflidir. Hatto eng kichik — 40-50 metr o`lchamdagi mayda asteroid ham sekundiga 40-50 kilometr tezlikda Erga uchib kelib, biror aholi punktiga tushadigan bo`lsa, katta talafot etkazadi. Shuning uchun hozirgi kunda asteriod xavfiga katta e`tibor qaratilmoqda. Er yuzining ko`plab observatoriyalarida asteroidlarni kuzatish xizmati tashkil etilgan. Bizning Maydanak observatoriyamiz ham mazkur dasturda ishtirok etib, Erga yaqin joydan uchib o`tuvchi kichik samo jismlarini qidirib topish va kuzatish ishlarini olib bormoqda.

– Xalqimiz orasida “Yulduz uchganda yaxshi niyat qilish kerak”, degan gap yuradi. Bu ibora fanda qay darajada o`z isbotini topgan?

– Buyuk va mashhur fizik Nils Bor turli irim-sirimlarga ishonmasa-da, eshigiga taqa qoqib qo`ygan ekan. Uning bu qilig`idan ajablanib, savol bergan odamlarga “ Men xurofotga ishonmayman, ammo aytishlaricha, taqa unga ishonmaydigan odamlarga ham yordam berar ekan”, deb javob bergan. Siz ham uchayotgan yulduzga qarab, chin dilingizdan ezgu niyat qilsangiz, u albatta, amalga oshadi.

– Meteorit zarrachalari insonga yaqin joyda bo`lsa, radioaktiv ta`sir ko`rsatishi, bundan odam nurlanishi mumkinmi?

– Meteorit va asteroidlar tosh va metalldan tashkil topgan bo`lib, uning tarkibida nikel, temir, kalsiy, magniy, natriy, kremniy unsurlari mavjud. U kimyoviy tarkibi bilan Er minerallari va metallga yaqin bo`lgani bois, hech qanday nurlanishga sabab bo`lmaydi.

– Demak, Koinot insoniyatga biror bir kasallikni “hadya” etish xususiyatiga ega emas...

– Nima desam ekan... Taxminlarga ko`ra, bundan milliard yillar ilgari kometalarning organik qo`shiluvi orqali Erda hayot paydo bo`lgan. Shu jumladan DNKning asosi bo`lgan nuklein kislotasi vujudga kelgan. Erga samo jismlarining katta tezlikda uchib tushishi oqibatida ular atmosferada qizib ketadi. Bunday kuchli qizish natijasida atmosferada mavjud bo`lgan barcha viruslar qirilib ketadi. Shuning uchun kometa yoki asteroidlar emas, ob-havo sharoiti insonlarga kuchliroq ta`sir ko`rsatadi. Albatta, bu erda odamlarning xurofotlarga ishonishi ham katta rol o`ynaydi. Agar Lox-Ness ko`li maxluqini ko`rishni chin dildan istasangiz, uni albatta, ko`rish baxtiga sazovor bo`lasiz. Shuning uchun barcha voqea-hodisalarga ilmiy tomondan nazar tashlashga harakat qiling. Astronomiya fanini o`rgansangiz, Koinot haqidagi qiziqarli ma`lumotlarga ega bo`lasiz.

Barcha “yulduzli” orzularingiz ro`yobga chiqishiga tilakdoshman!

Lola ShOIMOVA

Olga FOZILOVA

Boshqa yangiliklar