1

​“Okorochka” ortidagi jinoyat

Jinoyat 02.02.2017, 16:44
Teglar: Jazo, Jinoyat
​“Okorochka” ortidagi jinoyat

Bir umr qishloq maktabida o`qituvchilik qilib, nafaqaga chiqqan Abdubakir ota kechadan beri iztirobda. Ko`pchilikning izzat-hurmatiga o`rganib ketgan otaxonni mahalla faollari yig`iniga chaqirishmadi. Avvaliga “Menga xabar etib kelmagandir-da”, degan xayolga bordi. Biroq uning ko`nglidagi taskinlar sekin-asta shubhaga aylandi. “Yo`q! Bu erda bir gap borga o`xshaydi”, dedi u o`ziga-o`zi ichini it timdalab. Lekin o`sha “bir gap” nimaligini bilmay, boshi garang.

Abdubakir ota (ism-familiyalar o`zgartirilgan) savollariga bugun javob topolmasa, tuni bilan mijja qoqmasligini tushunib, ko`chaga chiqdi. Hovlilar orasidan o`tgan ilon izi so`qmoqdan yurib ketdi. Ota shu tobda mahalla oqsoqoli tasodifan yo`lidan chiqib qolishini, yig`ilishga chaqirish yodidan ko`tarilganini aytib, uzr so`rashini juda-juda istardi.

Biroz yurgach, sal narida yashaydigan Fatxulla mol do`xtirining darvozasi yonida uyilgan shag`alni ko`rsatib, nimanidir uy egasiga tushuntirayotgan mahalla oqsoqolini ko`rdi-yu, qadamini sekinlatdi. Nihoyat, qarama-qarshi tomondan kelayotgan mahalla oqsoqoli Abdubakir otaning ro`parasida to`xtab, unga qo`l uzatib so`rashdi.

— Tinchlikmi, Baxtiyor o`g`lim? — samimiy ohangda so`radi ota. — Ishlar bilan charchamayapsizmi?

Xuddi shuni kutib turganday, Baxtiyor ham ko`nglidagini to`kib soldi.

— E, otaxon, ishdan-ku charchamayman, — dedi u hamon hayajonini bosolmasdan. — Shu Fatxulla akaga o`xshagan odamlarning ikkitasi bilan gaplashsam, tamom, hafsalam pir bo`ladi, Shunday chiroyli ko`chani buzib, shag`al to`kib qo`yganini ko`rmaysizmi? Ko`cha qurilish materiallari ombori emas-ku, nega tushunmaydi?

— Fatxulla o`sha otaning bolasi-da, — dedi gap butkul boshqa tomonga og`ib ketganidan quvongan otaxon. — Rahmatli Norbo`ta saranjom ham “hovli iflos bo`ladi" deb, moliga xashakni ko`chaga to`kardi.

— Afsuski, ba`zi yaxshi odamlarning farzandlari otasiga tortmaydi, chamasi...

Mahalla oqsoqolining bu ilmoqli gapidan so`ng Abdubakir ota boyagi xavotiri behuda emasligiga ishonch hosil qildi.

— Kecha faollar yig`ilishi bo`lganmish, — dedi so`ng.

— Odob-axloq mavzuida ayrim yig`ilib qolgan muammolarni gaplashib oldik, — deya erga qaradi mahalla oqsoqoli. — Uzr, ustoz, hokimiyatga shoshib turgandim.

Abdubakir ota Fatxullanikiga ham kirmasdan, shartta ortiga qaytdi.

“Sobiq quda” bilan hamkor o`g`il

Katta o`g`li To`xtaboy biror ishkal chiqargani endi kunday ravshan edi. Muyulishda aksiga olib, mahallada “so`nggi axborot” degan laqab olgan piyonista Norchaga ro`baro` keldi. Bundan 5-6 yil muqaddam qizini o`g`liga olib berish uchun non sindirib, keyin fikridan qaytgani bois, Norcha “sobiq quda”sidan ancha paytgacha xafa bo`lib yurgandi. Hozir ham shirakayf Norcha birinchi bo`lib gap boshladi:

— Namuncha qovog`ingizdan qor yog`adi, domla? O`g`lingiz To`xtaboy qizimga uylanmagan bo`lsa ham, hamkorlik qilyapmiz. U siz kabi mirquruq, emas, haqiqiy boy bo`ldi.

— Qanaqa hamkor? — g`azab bilan unga tikildi ota. — Uni yo`ldan uradigan bo`lsang, o`zingdan ko`r!

— U tovar olib keladi, men do`konlarimga tarqataman. Buni “biznes” deydilar! — tirjaydi u.

— U Qo`yliqqa yo`lovchi tashiydigan kirakash bo`lsa... Qanaqa tovar haqida gapiryapsan? Qaerdan olib keladi uni? — taajjublanib so`radi ota. — Bugundan e`tiboran o`g`limni tinch qo`y, tushunarlimi?..

Kechadan beri bo`lib o`tayotgan voqealarning tagiga etgan ota shu erdan to`g`ri taksi-avtomashinalar to`xtash joyiga borib, o`g`lini surishtirdi. Hamkasblari To`xtaboyni ikki kundan buyon ko`rishmaganini aytishdi. Ota yo`lovchi avtomashinaga o`tirib, mahalla chekkasida yashaydigan katta o`g`lining uyiga yo`l oldi.

* * *

Abdubakir ota kelini suzib kelgan oshga qo`lini ham tekkizmadi. U tuz totmay, yarim kechagacha o`g`lini kutib o`tirdi. Nihoyat, hovlining qoq o`rtasiga kelib to`xtagan avtomashinadan tushgan To`xtaboy ulovning yukxonasini ochib, zil-zambil karton qutini oldida, ichkariga qo`yib chiqdi. Otasi kelganini xotinidan eshitgan, shekilli, u gandiraklay-gandiraklay yog`och karovat yoniga etib keldi-yu, so`rashish uchun otasiga qo`l uzatdi.

— Nopok qo`lingni tort!.. — jerkib berdi Abdubakir ota. — Yarim tundan oshganda qaerdan kelyapsan?

— Qaerdan bo`lardi, — dedi mastlik tufayli tili yaxshi aylanmayotgan o`g`il, — bo`zchining mokisidek u yoqdan bu yoqqa qatnab, oilani boqish uchun pul topib kelyapman. Nima, tirikchilikning aybi bormi? Milisiyaga o`xshab so`roq qilasiz-a, dada. Buyurtma bo`yicha bir joyga bordim. Bir xalta pul ishlab keldim.

— Demak, aylanma tuproq yo`llarda ivirsib yurganing rost ekan-da?.. Sen yuzimni erga qaratding. Qariganimda tiriklay go`rga tiqmoqchimisan, yaramas?! Agar o`zingni o`ylamasang, norasida qizlaringni — Fotima-Zuhrangni o`yla, – dakki berdi chol.

Kelinning chohga boshlagan talabi

Oysara qaynotasining gapini bo`lib, bobillab ketdi:

— E ota, shu o`g`lingizni tinch qo`yasizmi-yo`qmi? Pul topmasa, “topmadi”, topsa, “topdi” deb, urishganingiz-urishgan. Oilamizni tinch qo`ying! Xudoga shukur, hech kimdan kam emasmiz. Lekin hammadan boy bo`lishni istayman. Shu yomonmi?!

— Kelin, men pul topmagin, deyayotganim yo`q, – ovozini mayinlatdi qaynota. — Faqat qing`ir yo`l bilan emas, to`g`ri, qonuniy yo`l bilan pul topsin, deyman. Ertaga “attang”, deb qolmanglar.

Kelin endi eriga yuzlandi va shang`illadi:

— Aytsam ishonmasdingiz. Dadangiz bir kuni sizni qamatib yuborishdan ham toymaydi!..

To`xtaboy xuddi shu gapni kutib turgandek, xotiniga ergashib, ichkariga yo`l oldi. Tashqarida yolg`iz o`zi qolgan ota alamli ko`z yoshlarini tutib turolmadi...

Navbatdagi “xizmat”

Otasining nasihatlariga quloq osmagan To`xtaboy ertasi kuni shom payti kelishilgan manzilda mijozni kuta boshladi. Soch-soqoli o`sib ketgan, sovuq bo`lsa ham gaplari dadil bu kimsa undan bojxona maskanidan sal nariroqdagi aylanma yo`l yaqinidan dehqonchilik mahsulotlarini bozorga olib kelib berishda yordam so`radi. Keyin 3-4 tonna yuk sig`adigan transport vositasini topishni ham iltimos qildi. Eng muhimi, savdolashmadi ham. U To`xtaboy so`ragan pulning yarmini o`sha zahoti qo`liga tutqazdi, bir quti muzlatilgan tovuq oyoqlarini ham tortiq qildi.

Mashinasida xayol surib o`tirgan To`xtaboy orqa eshikning ochilgan ovozidan cho`chib tushdi. Orqa o`rindiqda o`tirgan kechagi kimsa uni savolga tutdi:

— Transport nima bo`ldi?

— Tanishimning tirkamali “1-28” rusumli traktorini gaplashib qo`ydim. Xabar berishim bilan aytilgan joyga etib boradi. O`zi o`sha tomonlarda yashaydi, – javob berdi To`xtaboy.

Xullas, To`xtaboy boshqarayotgan “Jiguli” tirkamali traktorning oldiga tushib olib, manzilga etguncha aylanma yo`llardan ancha vaqt yurishga to`g`ri keldi. Nihoyat, ular chegara sim-to`siqlardan sal beriroqda taxlab qo`yilgan qog`oz qutilar uyumiga duch kelishdi. Yollangan ishchilar mashina faralari yorug`ida qutilarni traktor tirkamasiga orta boshlashdi.

— Menga qarang, — dedi shoshib qolgan To`xtaboy mijoziga yuzlanib, — siz dehqonchilik mahsulotlari degandingiz-ku? Bu nimasi, nega meni aldadingiz?

— Qanaqa ishga bosh qo`shganingni hali tushunmadingmi? — o`shqirdi mijoz. — Jaraq-jaraq pulini olganingdan keyin buyurgan ishimni qilasan! Tezroq ortishga sen ham yordam ber. Chegarachilar sezib qolishsa, qulog`ingni ushlab ketasan!..

To`xtaboy kecha tunda otasi aytgan gaplarni esladi. Esladi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Shu payt qayoqdandir paydo bo`lgan qurolli askarlarga ko`zi tushib, shart mashinasiga o`tirib, qochishga tushdi. Ayni damda qo`l telefoni tinimsiz jiringlay boshladi...

Kech ochilgan ko`z...

Ancha joygacha qochib borgan To`xtaboy uni hech kim ta`qib qilmayotganiga ishonch hosil qilgach, telefonni qo`liga oldi.

— Sho`rimiz qurib qoldi, To`xtaboy aka, — dedi xotini yig`i aralash. — Zuhra kecha siz olib kelgan tovuqdan eb, zaharlandi. Zuhrangiz o`lyapti... Qaerdasiz, tez etib keling. Biz shifoxonada, jonlantirish bo`limidamiz...

To`xtaboy bu xabardan karaxt bo`lib qolgan, hatto mashinaga yaqinlashayotgan askarlarga ham e`tiborsiz, baqrayib turardi.

— Zuhra tirik qolishi kerak, — bir necha bor takrorladi u. – Dadamdan yordam so`ra! Dadam haq ekan. Men hozir borolmayman. Faqat bolam o`lmasin... Oysara, men qo`lga tushdim, — dedi o`zi bilmagan holda To`xtaboy.

* * *

Tuman ichki ishlar bo`limida boshqa jinoiy sheriklari qatori so`roq qilingan To`xtaboy ertalab tilxat asosida qo`yib yuborildi. U shifoxonaga etib kelganida, uch yashar Zuhra operasiya qilinib, o`ziga kela boshlagandi.

To`xtaboy otasining ko`ksiga boshini qo`yib, uzoq yig`ladi.

— Hammasi yaxshi bo`ladi, o`g`lim, — farzandining boshini siladi ota, — “Suv bir loyqalanib, tinadi”, deyishadi, yomon kunlar o`tib ketgani rost bo`lsin!..

* * *

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati Pskent tuman sudi To`xtaboy Abdubakirov va uning jinoiy sheriklari ustidan adolatli hukm chiqardi. Ularning har biri – qilmishiga yarasha turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Voqea joyidan olingan 318 kg, umumiy qiymati 15.586.700 so`mlik tovuq oyoqlari yo`q qilindi. Shuningdek, jinoyat quroli sifatida e`tirof etilgan “T-28” rusumli traktor va tirkama davlat foydasiga musodara qilindi.

Ismatulla MAMANOV,

Jinoyat ishlari bo`yicha

Toshkent viloyat sudining sudyasi,

Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda

16.08.2021, 12:20

Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.Unga ko`ra, Rossiyadagi har beshta kompaniyaning biri koronavirusga qarshi vaksina olishdan bosh...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1