AsosiySport

Samvel Babayan: Tanqid qilishyaptimi, demak biz ishlayapmiz

'Samvel Babayan: Tanqid qilishyaptimi, demak biz ishlayapmiz'ning rasmi

Tez orada O`zbekiston milliy terma jamoasi uchun mas`uliyatli davr boshlanadi. Samvel Babayan shogirdlari JCh-2018 3-saralash bosqichi doirasidagi guruhning hal qiluvchi ikkinchi davra uchrashuvlariga kirishadilar. 2017 yil hisobidan dastlabki rasmiy o`yin 23 martga belgilangan.

Shu kuni terma jamoamiz Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida eng yaqin ta`qibchimiz Suriya mehmoni bo`ladi. Mazkur o`yin guruh bosqichining 6-turi doirasida o`tkaziladi. Hozircha guruhda Samvel Babayan shogirdlari 9 ochko bilan 3-o`rinni egallab turishibdi. Peshqadam Eronda 11, 2-o`rindagi Janubiy Koreyada 10 ochko mavjud. Terma jamoamiz bo`lajak uchrashuvga tayyorgarlik ko`ryapti. Dastlabki yig`in 21-24 yanvar kunlari Dubay shahrida tashkil etildi.

Yig`in doirasida Daniya yoshlari hamda Gruziya milliy jamoalariga qarshi o`rtoqlik o`yinlari o`tkazildi. 9-14 fevral kunlari esa ikkinchi xorij yig`ini Turkiyaning Antaliya shahrida bo`lib o`tadi. Biz o`tkazilgan va kutilayotgan yig`inlar, tayyorgarlik, tarkibdagi muammolar, umuman, milliy termamizga bog`liq muhim masalalar yuzasidan bosh murabbiy Samvel Babayandan intervyu oldik.

- Samvel Vyacheslavovich, avvalo, siz bilan uchrashib turganimizdan xursandmiz. Ochig`i, bu suhbatning uyushtirilishini anchadan beri kutayotgandik. Yo`q demaganingiz uchun rahmat. Albatta, muxlislar va mutaxassislarda ham savollar yig`ilib qolgandi.

- Ha, haqiqatan ham matbuot va muxlislar bilan kam muloqotga kirishamiz. Tan olaman, bu mening aybim. Terma jamoa haqida ko`p yozishyapti, tanqid qilishyapti. Lekin deyarli hech bir fikr chuqur tahlil natijasida aytilmayapti. Shu holat meni biroz ranjitmoqda. Balki jurnalistlar bilan kam muloqot qilishim ham bunga sababdir. Boshqa tomondan buning o`ziga yarasha sabablari ham bor. Yordamchilarim bilan o`yinlarni, futbolchilarning xatti-harakatlarini doimiy ravishda tahlil qilamiz. Bevosita safarlarga ko`p boraman. Shu sababli ham bo`sh vaqt deyarli qolmaydi. E`tibor bersangiz, bugunga kelib JCh saralash bahslarida o`tkinchi o`yinning o`zi qolmadi. Autsayder deb qaralgan jamoalar ham kuchli raqiblaridan ochko tortib olishyapti.

Har bir o`yin - bu alohida tarix va yashab o`tilgan umr. Endi ana shu shiddatli zamon futbolida bizning o`zimizga yarasha tanlagan yo`limiz, futbol falsafamiz bor. U nimalarni o`z ichiga oladi? Biz tanlagan futbolning birinchi tamoyili - agressiv, ya`ni tajovuzkor, shuningdek, tezkor, vertikal, hujumkor hamda pressingga asoslangan futbol namoyishidan iborat. Ikkinchi tamoyil - yuqori intellektual futbol. Uning ichiga o`yinni tashkil qilish, futbolchilarning bir-birini yuqori darajada tushunishi, o`yinning borishiga qarab taktikalarni o`zgartirish kiradi. Uchinchi tamoyil - milliy terma jamoa manfaati. Ya`ni, futbolchi o`z klubi bilan har qanday katta shartnomaga ega bo`lmasin, terma jamoa yig`ini va o`yiniga kelganda uning manfaatlarini ustun qo`yishi shart. Klub manfaati hech qachon termadan ustun bo`lmasligi kerak.

Va nihoyat, to`rtinchi tamoyil, ya`ni talab bu - insoniy sifatlar. Bu faqat futbolchilarga taalluqli talab emas. Terma jamoa lageriga qadam bosgan har bir inson bu talab va majburiyatlarga qat`iy tarzda amal qilishi shart. Terma jamoa - bu bir oila. Ha, futbolchilar va yordamchilarimga kezi kelganda jiddiy tarzda tanbeh beraman. Lekin bu so`zlar hech kim ranjimaydi. Yuqoridagi dastlabki uchta talabga javob bersa-yu, so`nggisiga mos kelmasa, biz unday futbolchidan voz kechamiz. Bu oilaning talablari shunday jiddiy. Keyin men futbolchilarning ayni paytdagi holati bilan hisoblashaman. Bilasizmi, shunday vaziyatlar ham bo`ladiki, futbolchi o`z klubida yaxshi o`yin namoyish etmasligi mumkin. Lekin terma jamoada aksincha. Bunga Marat Bikmaevni misol tariqasida keltirishim mumkin. U termaning ilgari surilgan barcha talablariga javob beradi. Ikkita o`yinda termamizning o`ta muhim gollarini urdi. Aksincha holat ham bo`ldi.

Aniqrog`i, futbolchi klub manfaatini termadan yuqori qo`ygan. Biz 3ta muhim qadamni tashladik. Afsuski, ikki uchrashuvda mag`lubiyat alamini totib ko`rdik. Eron va J.Koreyaga qarshi kechgan uchrashuvlarda durang adolatli natija bo`lardi. Lekin bu o`yinlarda omadimiz kelmadi. Raqib jamoaning mahorati va tajribasi ijobiy natija ko`rsatishimizga to`sqinlik qildi. Kuchlilar kichik xatoni ham kechirmaydi. J.Koreya termasi bilan o`yinni bir necha marotaba tahlil qildim. Umumiy o`yin bo`yicha yigitlarga jiddiy e`tiroz yo`q. Faqat ayrim vaziyatlarda konsentrasiyani yo`qotib qo`yishdi. Maqsadimiz to`xtab qolmay, oldinga intilish. Bizni Suriyaga qarshi muhim o`yin kutib turibdi. Raqib juda ham kuchli. O`z maydonida Eron va Koreyadan ochko tortib oldi. Suriyani saralash bosqichida o`tkazgan o`yinlari orqali o`rganyapmiz.

- Dubayda o`tkazilgan yig`indan ko`nglingiz to`ldimi?

- Birinchi navbatda, ushbu yig`inni tashkil etib bergan O`FFga rahmat. Shuningdek, parallel ravishda o`z yig`inlarini o`tkazayotgan klublarga o`z futbolchilarini terma jamoa ixtiyoriga qo`yib yuborganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman. O`z o`rnida biz ham klublar manfaatini himoya qilishga intilyapmiz. Misol uchun, OChL o`yiniga tayyorgarlik ko`rayotgan «Lokomotiv»ga yordam berish maqsadida terma jamoa rejalariga o`zgartirish kiritdik. Turkiyadagi yig`inimiz chog`ida asosiy o`yin hisoblangan «Amkar»ga qarshi uchrashuvni 12 fevraldan 10-sanaga ko`chirdik. Ko`rpani hamma o`z tomoniga tortaversa, yaxshi emas. O`zbek futboli uchun OChL ham muhim.

- Turkiyadagi yig`in haqida ma`lumot bersangiz. Ikkinchi raqib nomiga hali oydinlik kiritilmadimi?

- Rossiyaning «Amkar» klubiga qarshi 10 fevral kuni o`tkaziladigan o`rtoqlik o`yinimizda asosiy tarkib futbolchilari harakat qilishadi. Ikkinchi o`yinimiz 11 fevralga mo`ljallanmoqda. Shu kunlarda raqib nomiga oydinlik kiritiladi. Mazkur bahsda «Lokomotiv» futbolchilari ishtirok etishmaydi.

- O`rtoqlik o`yini uchun terma jamoaning tanlanmagani muammo emasmi?

- Yo`q. Uch kunlik yig`in uchun bu normal holat. Hali mazkur yig`indan tashqari qiladigan ishlarimiz ham ko`p. Gruziya va Daniya yoshlari bilan o`tkazilgan uchrashuvlarni tahlil qilishimiz kerak. «Amkar» ham kuchsiz raqib emas. Rossiya premer-ligasida 6-o`rinni egallab turibdi.

- Terma jamoamizning klublar bilan o`rtoqlik uchrashuvlari o`tkazayotgani turlicha talqin qilinmoqda. Bu borada sizga ruhiy tomondan oson bo`lmaydi. Shunday emasmi?

- FIFA kunlaridan tashqarida terma jamoalar bilan o`yinlar o`tkazishimiz qiyin. Buni muxlislar to`g`ri tushunishlari kerak. Gruziya va «Amkar»ga qarshi o`yinlarni shaxsiy munosabatlarim tufayli tashkil etishga erishdik. Vays bilan juda yaxshi aloqadamiz. U bilan shaxsan o`zim telefon orqali gaplashdim. Gruziyani ham bejizga tanlamadik. Ular o`yin uslublari bo`yicha Suriya terma jamoasiga o`xshab ketishadi. Xabaringiz bor, Armaniston bilan o`yinimiz bekor qilindi. Armanlar rejalarini o`zgartirib, Turkiyadagi yig`inlarini Kiprga ko`chirishdi. Bizning ham Kiprga borishimiz va o`sha erda o`yin o`tkazishimizni so`rashdi. Ammo bu bizning rejalarga to`g`ri kelmadi.

- BAA yig`inida ishtirok etgan yangi futbolchilar qanday taassurot qoldirishdi?

- Har bir futbolchining xatti-harakatlari haqidagi to`liq ma`lumotlar bor. Hali buni tahlil qilamiz. Har qanday holatda ham terma jamoa yig`inida eng iste`dodli futbolchilar ishtirok etishdi. Ayrim o`yinchilarimiz bo`yicha klublarga tegishli ko`rsatmalarni berdik. Ko`proq nimalar ustida ishlashini aytdik. Ulardan ayrimlarini Turkiya yig`iniga ham jalb qilamiz.

- Kuchli chempionat negizida kuchli terma jamoa shakllanadi, deyishadi. Shu ma`noda, bizning oliy ligaga qanday ta`rif bergan bo`lardingiz?

- Raqobatbardosh klublar bor, lekin etarli darajada emas. Asosiysi, terma jamoaga nomzod futbolchilar yaxshi klublarda o`ynashyapti. O`tgan yili o`tkazilgan «Lokomotiv»-«Paxtakor», «Paxtakor»-«Bunyodkor» o`yinlarini men bemalol OChL darajasidagi uchrashuvlar qatoriga qo`shaman. Ammo bu kam.

- Suriyaga qarshi o`tkaziladigan o`yin oldidan tashkil etiladigan yig`in rejasi tasdiqlandimi?

- 14 yoki 15 mart kuni Toshkentga yig`ilamiz. Bu erda terma jamoamiz ikki tarkibga bo`lingan holda o`yin o`tkazadi. 18 mart kuni esa Malayziyaga jo`nab ketamiz.

- Terma jamoaga u yoki bu futbolchining taklif etilishini bosh murabbiy hal qiladi. Lekin ba`zan futbolchi o`z shartini qo`ygan holatlar ham uchrab turar ekan. Bunga munosabatingiz qanday?

- Yuqorida men terma jamoani oilaga qiyosladim. Oila - bu yopiq hudud. Muxlislarning unga kirishga haqqi yo`q. Ular terma jamoaga muxlislik qilishlari va muvaffaqiyatlaridan xushnud bo`lishlari lozim. Har bir oilaning o`ziga yarasha muammolari bor. Ularni ko`chaga olib chiqib, doston qilish shart emas. Men tanqiddan qo`rqmayman. Tanqid qilishyaptimi, demak biz ishlayapmiz.

- Eng katta muammolardan biri hujum chizig`i bo`lib qolyapti. Asosiy hujumchimiz Igor Sergeevning gol urmayotgani barchamizni tashvishga solyapti. Bu muammoni qanday hal qilmoqchisiz?

- Hujum chizig`ida tajribali futbolchilarga egamiz. Sergeevdan tashqari, Aleksandr Geynrix, Marat Bikmaev va Eldor Shomurodovni aytishim mumkin. Shu bois, hujumda katta muammolar bor, demagan bo`lardim. Igorga kelsak, u mening iltimosimga binoan «Paxtakor»ga qaytdi. Sababi, uni oldingi holatiga qaytarishimiz lozim. Sergeevga hozir ham xorij klublaridan yaxshigina takliflar bo`lgandi. Shunga qaramay, u «Paxtakor»ga qaytishga qaror qildi. Sergeev o`z ustida tinmay ishlayapti. Ishonchim komil, Igor avvalgi sport formasini tiklab, yana gol ura boshlaydi. Uning o`sayotganini ko`ryapman. Xitoyda o`ynab yurgan kezlari ham ikkita ajoyib gol urishga muvaffaq bo`ldi.

- Terma jamoaga nomzod yarim himoyachi Jaloliddin Masharipovning «Paxtakor»dan «Lokomotiv»ga o`tishiga qanday munosabat bildirasiz?

- Bu faqat terma jamoa manfaati uchun xizmat qiladi. Boisi, u «Lokomotiv» bilan OChL o`yinlarida maydonga tushib, tajribasini yanada oshiradi.

- Odil Ahmedov Xitoy klubiga ko`chib o`tdi. Bu terma jamoa sardori tomonidan qabul qilingan to`g`ri qaror bo`ldimi?

- Xitoy chempionati bugungi kunda Osiyoning eng kuchli ligasiga aylandi, desam xato bo`lmaydi. Chin yurti jamoalari ko`zga ko`ringan yulduz futbolchilarni o`z safiga qo`shib olyapti. Bunday raqobatda Odil yanada kuchli bo`ladi. Shularni inobatga olib, Ahmedovning qarorini qo`llab-quvvatlayman.

- Server Jeparovda muammolar paydo bo`libdi. Bu haqda eshitdingizmi?

- Serverning o`zi bilan gaplashdim. Muammolar bartaraf etildi. U Eron birinchiligida o`ynaydi. Ushbu mamlakat chempionati ham kuchli hisoblanadi.

"InterFutbol" gazetasidan olindi

Boshqa yangiliklar