AsosiyShou-biznes

​Shahzoda Matchonova: “Shaxsiy hayotimdan ko`nglim xotirjam!”

'​Shahzoda Matchonova: “Shaxsiy hayotimdan ko`nglim xotirjam!”'ning rasmi

“Darakchi” gazetasida berib boriladigan “10 qaltis savol” loyihasi qayta tiklandi. Loyiha mehmoni iste`dodli aktrisa Shahzoda MATChONOVA...

1. Shahzoda, aktrisa bo`lishni orzu qilib yurgan kezlaringizda ilk kinosinovdan muvaffaqiyatsizlikka uchragansiz. Shundan so`ng rejissyor Zebo Navro`zovaning taklifini qabul qilish qiyin bo`lmaganmi?

— To`g`ri, rejissyor Bahodir Odilovning “Yo`qolgan odam” filmining kinosinovidan o`tolmagandim. Lekin Zebo opani taklifini bajonidil qabul qilganman, rolga tasdiqlanganimdan ham xursand bo`lganman. Faqat bu haqda otamga aytolmay, ikki kun qiynalganman. Oxiri o`zimda kuch topib, kinosinovdan o`tganimni otamga aytganimda uzoq o`ylab, “Unutma, yozgi ta`tiling tugagach, bor e`tiboringni o`qishga qaratasan”, degan shart bilan ilk filmim bo`lgan — “Aprel-may”da suratga tushishga rozilik bergan.


2. Ustoz san`atkorlar mashhurlikka erishgan, biroq kino sohasida tahsil olmagan aktyor-aktrisalarga “Nega unda biz falon yil shu sohada tahsil oldik?” deya ularga nisbatan salbiy munosabat bildirishadi...

— Bunday tanqidlarga mutlaqo bee`tiborman, shu bois jahlim chiqmaydi. Sakkiz yillik ijodiy kareram mobaynida men bilgan ustoz san`atkorlar men haqimda faqat iliq fikrlarni aytishadi. Bordi-yu, O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida tahsil olgan aktrisa bo`lganimda ham bu sohada o`qimay turib, kinoga qadam qo`yganlarga salbiy fikr bildirmasdim. Ishonch bilan ayta olaman, diplomning kamera qarshisidagi ishga mutlaqo aloqasi yo`q. To`g`ri, bilim olish foydadan xoli emas, lekin aktyorlarga diplomga ega bo`lish u qadar muhim emas. Chunki jahon tajribasidan kelib chiqsak, butun dunyoga mashhur ko`plab aktyorlar ham kino sohasida tahsil olmagan.

3. Orzuingizdagi san`at olamiga qadam qo`ydingiz, past-balandliklardan o`tdingiz. Yana qayta imkon berilsa, aktrisalik yo`lidan borarmidingiz yo hafsalangiz pir bo`lishga ulgurdimi?

— Boshqa sohada tahsil olib, kinoga qadam qo`yganimdan sira afsuslanmayman. Va hech ikkilanmay yana aktrisalikni tanlagan bo`lardim. Chunki kino, bu — hayotim!

4. Faqat jiddiy mavzudagi filmlarda ko`rinayotganingizning sababi tanlab suratga tushadigan darajaga etdingizmi yo kam gonorar taklif qilishyaptimi?

— Gonorar narxiga qarab emas, ssenariy va rol tanlab filmda suratga tushishga odatlanganman. Lekin O`zbekistonda ham aktyorlarning mehnatiga yarasha gonorar to`lashlarini istardim, albatta. Jiddiy mavzuli filmlardagi ishtirokimga kelsak, ssenariy, rol, umuman kinoga avvalgidan-da jiddiy yondashadigan bo`lganman. Boisi sevib qolgan yo muhabbatdan azoblangan qizchalarning rolini o`ynab bo`ldim va bunday takroriy rollar menga mutlaqo qiziq emas.

5. Hilol Nasimov, Yolqin To`ychiev, Rustam Sa`diev, Ayub Shahobiddinov, Mirmaqsud Oxunov, Abduvohid G`aniev, Akbar Bekturdiev. Ularni iste`dodi bo`yicha ketma-ketlikda joylab chiqing.

— Bu rejissyorlar O`z­be­kis­tondagi eng ko`zga ko`ringan, o`z “dastxat”iga ega ijodkorlar. Ularni ketma-ketlikda joylolmayman. Kimnidir xafa qilib qo`yishdan qo`rqqanim uchun emas, boisi ular bir-biridan farqli ravishdagi uslub, janrda ijod qilishadi. Ularning har biri bilan ishlash baxti nasib etgan, barchalariga hurmatim beqiyos.

6. Kinoda siz uchun ideal “turmush o`rtoq” bu – Adiz Rajabov, Farrux Soipov, Alisher Uzoqov, Abdujalil Mavlonov, Aziz Rametov…

— (Kuladi), aniq javob be­rish­ga qiynalyapman. Kinoda ideal “turmush o`rtoq” bo`l­may­di, nazarimda. Boisi qah­ra­mon­la­rimiz goh ijobiy, gohida salbiy qiyofada bo`ladi va turli ziddiyatli vaziyatlarda to`qnashamiz.

7. Ko`pchilikning fikricha, dugonangiz – xonanda Nilufar Usmonovaning “Kel ikkimiz” qo`shig`i klipidagi qahramoningizning prototipi aynan o`zingiz ekansiz?

— Bu haqda sira eshitmagan ekanman. Ishontirib aytolaman, taxminlar noto`g`ri. Boisi, klipdagi qahramonimning farzandi bor, meni turmushga chiqqanimga esa endigina ikki oy bo`ldi.

8. Turmush qurishingiz shunchalik gap-so`zlarga sabab bo`lishini hech o`ylaganmidingiz?

— Yo`q. Gap-so`z qilayotganlar menga hasad qilishyapti, xolos. Hech kimga yomonlikni ravo ko`rmagan va xafa qilmagan bo`lsam-da, turmushga chiqqanimdan so`ng negadir mish-mishlarga ko`mib tashlashdi. Ularning gaplariga endi bee`tiborman. Faqat unutishmasin, bu — qaytar dunyo! Muhimi, yaqinlarim qandayligimni bilishadi. Shaxsiy hayotimdan esa ko`nglim xotirjam.

9. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan olgan diplomingiz chang bosib turibdimi yo o`z sohangizda ham ish boshlaganmisiz?

— To`g`ri, diplomim tokchada turibdi, lekin faxrli burchagida. O`sha bilimlarim hayotimda katta rol o`ynagan. Masalan, xalqaro festivallardagi suhbatlarda qaerda tahsil olganimni so`rashganida katta mamnuniyat bilan “Jahon iqtisodiyoti va dip­lomatiya universitetida”, deyman. Va atrofimdagilar shunday nufuzli universitetni tamomlagan talaba kino sohasiga qadam qo`yganidan xursand bo`lishadi. Diplomim garchi tokchada turgan bo`lsa-da, hayot yo`limda o`z izini qoldirishga ulgurdi.

Maxsus savol! Alisher UZOQOV, aktyor: — Butun hayotingiz tushga aylanib qolishini istarmidingiz?

— Aslo. Chunki hayotimdan to`la mamnunman, o`tmishimdan ham roziman. Hech qachon hech nima uchun afsuslanmaganman.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar