Sarlavhani o`qib ajablanyapsizmi? Ha, bu hayotda o`zi o`tirgan shoxga bolta urib, so`qir ko`zlari ochilganidan keyin afsus-nadomatdan boshini qaysi devorlarga urishni bilmay qolganlar ko`p. Ayniqsa, men qonunda belgilangan jazomni o`n sakkiz yildan beri o`tab kelayotgan mana shu muassasada shunday kimsalarni istagancha uchratishingiz mumkin. Men ana shularning biriman.
Ismim Alisher, familiyam Jumaniyozov (ism-familiyalar o`zgartirilgan – tahr.). 1968 yilda Xiva shahrida tug`ilganman. Bolalagim xuddi afsonalardagi shaharlarni eslatuvchi Ichanqal`aning sirli, jozibali ko`chalarida, umrboqiy maqbarayu madrasalar orasida kechgan.
Bilasiz, Xorazm zaminidan islom olamining ko`plab etuk allomalari etishib chiqqan. Ularning nomi bilan bugun musulmon olami haqli ravishda faxrlanadi. Lekin afsuski, men ana shu buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo`lolmadim. O`zimcha, dinimizni puxta o`rganaman, uning rivoji, erkinligi, taraqqiyoti uchun xizmat qilaman deb o`ylab, jaholat botqog`iga chuqur botganimni sezmay qolibman.
Albatta, bugun, bu erda afsus chekib o`tirganim uchun boshqalarni ayblashim to`g`ri emas. Zero, o`zimning ham ko`zim, qulog`im, aqlim bor edi. Ammo, baribir, agar bolalikdan tepishib katta bo`lgan o`rtog`im Bahodir bo`lmaganida...
Bahodir bolaligidan dinga berilgan, machitdan qadami uzilmaydigan bola edi. O`shanda o`tgan asrning to`qsoninchi yillari, biz ham ayni kuchga to`lgan navqiron yigitlar edik. Tengdosh jo`ralar yig`ilib qolgudek bo`lsak, Bahodir hammamizni islom yo`lida birlashib harakat qilishga, uning uchun molu jonimizni ham ayamaslikka undardi. Ko`p oshnalarimiz uning bu da`vatlaridan xavfsirab, Bahodirni yig`inlarga chaqirmaydigan, u bor davralardan uzoqroq yuradigan bo`lib qolishdi. Shunda Bahodir asosiy e`tiborni menga qaratdi:
Jo`ra, bu manglayi qoralar baribir hech narsani tushunmaydi. Ularga o`yin-kulgi, maishat, pul, dunyoviy tashvishlar bo`lsa bas. Oxiratni umuman o`ylashmaydi. Sen ulardan farq qilasan-ku! Oq-qorani ajrata olasan, ulardan uzoqroq yur. Sen bilan men ularga qo`shilsak, ikki dunyomiz xarob bo`ladi.
Shu tariqa men Bahodirning ta`siri ostiga tushib qoldim. U qaerga boshlab borsa, ergashib ketaveradigan, nima desa, mutlaq haqiqat o`rnida qabul qiladigan bo`lib qoldim.
O`sha yillari Rossiyada Birinchi Chechen urushi tugagan bo`lsa-da, bu mintiqada vaziyat to`la izga tushmagan, turli qurollangan chechen jangarilari tog`lar orasida biqingancha payt poylashardi. Bahodir menga bu urushni mutlaqo boshqacha bo`yoqlarda ko`rsatishga o`rganib qolgandi:
Kofirlar bizning birodarlarimizni ayovsiz qiryapti. Bunday paytda ularning yoniga borib, mazlumlarga yordam bermasligimiz to`g`ri emas. Ertaga qiyomatda sharmanda bo`lmasligimiz uchun hoziroq chechen do`stlarimiz yoniga yordamga borishimiz kerak.
Avvaliga uning taklifiga uncha qo`shilmadim. Axir uch bolam katta bo`la boshlagan, ularni boqish, ota-onamga ko`maklashish mas`uliyatini bo`ynimdan soqit qilolmasdim.
Bu yog`ini o`ylama, — dedi Bahodir taraddudlanayotganimni sezib. – Biz birodarlarimiz safiga borib qo`shilsak, ular ham bizni yolg`izlatib qo`yishmaydi. Qo`llaridan kelgunicha moddiy yordam ko`rsatishadi. Uyingga ham yaxshigina pul jo`natib turasan.
O`ylanib qoldim. O`zi o`sha paytlarda iqtisodiy jihatdan ancha qiynalib yurardim. Demak, ham birodarlarimizga yordam berib, katta savob olsam, ham yaxshigina pul to`lashsa, buning nimasi yomon? Oshnamning aytishicha, bordiyu, Chechenistonda islom davlatini tiklay olsak, bizga juda katta lavozimlar berilarkan. Ajabmas, u erda amir yoki qozikalon mansabiga loyiq ko`rilsam...
Ana shunday xomxayollar bilan 1998 yilning boshlarida Chechenistonga yo`l oldik. Bahodir bilan chechen jangarilari safida anchagina harbiy tayyorgarlikdan o`tdik. O`sha erda birinchi bor qo`limga qurol oldim. Ularni qanday ishlatishni, jang paytida qanday harakatlanish, qanday qilib qo`lbola qurollar tayyorlashni obdon o`rgatishardi.
Bir paytlar umrimda chumchuq so`yib ko`rmagan bo`lsam-da, u erda turli jang manzaralari, shafqatsiz qatl lavhalarini ko`raverib ko`zim pishib ketdi. Bir ikki marta sinov tariqasida rus armiyasi bilan bo`lgan harbiy to`qnashuvlarda ham qatnashdim. Odam shu tariqa o`limdan qo`rqmay qo`yarkan. Ochig`i, bizga o`limdan qo`rqmaslikni o`rgatishar, o`limdan so`ng to`g`ridan-to`g`ri jannatga tushishimizni uqtirishardi.
Holbuki, begunoh insonlarni o`ldirib, davlatga, xalqqa qarshi bosh ko`tarish, minglab insonlarning tinchligi va osoyishtaligini buzish, kim-kimlarning qutqusi bilan boshlangan urushda bemaqsad o`lib ketish bilan Yaratganning roziligiga, jannatga erishib bo`lmaslikni u paytlar anglab etmagandim.
Ma`lum bo`lishicha, chechen jangarilari bir paytlar O`zbekistonda tashkil etilib, keyin yurtimizdan chiqib ketgan, biroq bir necha bor mamlakatimizning turli hududlarida teraktlar uyushtirib, o`nlab begunoh yurtdoshlarimiz joniga zomin bo`lgan “O`zbekiston islom harakati” nomini olgan terroristik tashkilot bilan yaqin aloqada ekan. 1998 yilning kuz oylarida ana shu tashkilotning vakillari Chechenistonga kelib, anchayin chiniqib qolgan biz singari “mujohid”larni o`zlari bilan Tojikistonga olib ketishdi. Xuddi shu erda menng “rahnamo”yim Bahodir bilan yo`llarimiz ayrildi. Uning keyingi taqdiri nima kechganidan xabarim bo`lmadi.
“O`zbekiston islom harakati” bir paytlar qo`shni Tojikistonda yuz mingdan ortiq insonning o`limiga sababchi bo`lgar fuqarolar urushida Birlashgan tojik muxolifati bilan elkama-elka jang qilgan, hozirda ham bu guruhning katta qismi ushbu mamlakatning Tojikobod tumani hududida joylashgan ekan. Bu erda tashkilotning “sardorlari” biz singari “askarlar”ga O`zbekistondagi konstitusion tuzumni ag`darib, uning o`rniga shariatga asoslangan davlat barpo etish lozimligini, buning uchun hech qanday qiyinchiliklardan qochmaslik, kerak bo`lsa, jonimizni berishimiz kerakligini qayta-qayta uqtirishardi.
Chindan ham biz juda og`ir sharoitlarda yashardik: oddiy non, choy, atala, meva qoqisi singari g`aribona emaklarga qanoat qilar, gohida shular ham topilmasdi. Ammo, “sardorlarimiz” xorijdagi “homiylari” hisobidan shohona hayot kechirishlari, ko`ngillari tusagandek aysh-ishrat qilishlari, o`zlariga tobe odamlar ustidan istaganlaricha hukm chiqarishlarini ko`rsak ham, “ular bizga rahbar, nima qilishsa o`zlari bilishadi” deb yuraverardik. So`zlariga quloq osmagan, tashkilotni tark etmoqchi bo`lganlarni shafqatsizlarcha jazolashar, hatto o`ylab ham o`tirmasdan otib tashlashar yoki boshlarini tanidan judo qilishardi.
Bora-bora men ham ularning yo`rig`iga yurib, xato qilmayapmanmi, deb o`ylab qoladigan bo`ldim. Axir uydan chiqib ketganimga bir yildan oshib qoldi. Shu payt ichida ota-onam, xotinim, bolalarimning holi nima kechganidan xabarsiz edim. Bahodir aytganiday, “bizga ko`rsatiladigan moddiy yordam” ham o`zimizdan ortmaydi. Men ham bir amallab shu lagerdan qochib ketishni o`ylardimu, ammo qo`lga tushib qolsam, holim nima kechishini bilib, bu fikrimdan voz kechardim.
1999 yilning may oylari edi. Rahbarlardan biri muhim bir topshiriq bilan meni Dushanbe shahriga jo`natdi. Men kodlangan bir xabarni tashkilotning poytaxtdagi mas`ullaridan biriga etkazishim lozim edi. Ammo, manzilga etib borish peshonamda yozilmagan ekan. Dushanbening markaziy ko`chalaridan birida, meni kutib olgan “birodarimiz”ning mashinasida ketib borayotganimda, uch nafar milisiya xodimi bizni to`xtatishdi. Hatto kimligimizni so`rab ham o`tirmay, qo`llarimizni orqamizga qayirib, o`z xizmat mashinalariga bosishdi.
Shunda anchadan beri izimizga tushishganini angladim. Yashirishning hojati qolmagandi. Hamma qilgan aybimni tan oldim. Bir oycha meni tojikistonlik huquq-tartibot organlarida so`roq qilishgach, O`zbekiston ichki ishlar idoralari xodimlariga topshirishdi.
Xullas, men o`z vatanimga yurt xoini, xalq osoyishtaligi dushmani tamg`asi bilan kirib keldim. O`sha yilning avgust oyida Sirdaryo viloyati Xovos tumani sudi qilmishlarim bilan atroflicha tanishib chiqib, meni jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan aybdor deb topdi. Shundan qilib, yigirma yil muddatga ozodlikdan mahrum etildim.
Hozirgacha oradan salkam o`n sakkiz yil o`tdi. Hanuz qilmishimga yarasha berilgan jazoni o`tab kelmoqdaman. Men qanchalik g`aflatga botganimni, din, iymon, ibodat deya miyamga turli ekstremistik g`oyalarni obdon quyishganini ham shu erda tushunib etdim.
Dinimizning asl mazmun-mohiyati, sof islomiy tushunchalarni men... aynan shu erda, qamoqda, panjara ortida o`rgandim, desam ishonavering. Bu erda muassasa xodimlari diniy ulamolar ishtirokida turli uchrashuv, tadbirlar o`tkazib terishadi. Diniy adabiyotlar ham etarli. Ibodatlarni ado etish uchun ham sharoitlar bor.
Bu erda shuni chuqur anglab etdimki, o`zini dinga sodiq, taqvodor, imonli ko`rsatgan har qanday insonning gapiga laqqa tushavermaslik kerak ekan. Asl islom ta`limotida inson bolasi qurol yoki qo`l bilan emas, hatto til bilan, og`irroq so`z bilan bilan ozor etkazish ham gunoh sanaladi. Vatanni sevish, uning ozodligi, tinchligi, erkinligiga hissa qo`shish har bir mo``minning muqaddas burchi ekan. Odamlar orasida turli fitna-fasod tarqatish, ularni tahlika va tafriqaga solish, nizo va nifoq tarqatish eng og`ir gunohlardan ekan. Menga bularni o`rgatishmagan, faqat qurol ishlatish, qon to`kish, qanday yo`l bilan bo`lmasin, davlatni egallash, talash, portlatish haqidagina saboq berishgandi. Men bilib-bilmay, ana shu mutaassiblarning nayranglariga chuv tushib, o`z xalqimga qarshi bosh ko`tardim, o`zim o`tirgan shoxga bolta urib, eng avvalo o`z hayotimni, kelajagimni barbod qildim.
Ana shu fitnachi, zolim, xunrezlar safiga qo`shilib, og`ir gunoh, kechirilmas jinoyat sodir etdim va buning uchun haqli jazoga tortildim. Qilmshlarimdan mingdan-ming pushaymonman. Ozodlikka chiqsam, butun umrimni halol mehnatga, bolalarimning ta`lim-tarbiyasiga baxshida etaman. Qilgan xatolarimni o`z mehnatlarim bilan yuvishga tayyorman. Faqat, ona xalqim, Prezidentimizdan yana bir karra imkon so`ramoqchiman. Iltimos, meni kechiring, men mutlaqo boshqacha odam bo`lib, yurtimga xizmat qilishmga imkon bering. Tavba qildim...