9 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti univesitetida Mir Alisher Navoiyning 576 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan “Avvalg`ilarg`a o`xshamas” deb nomlangan adabiy-ma`rifiy kecha bo`lib o`tdi.
Tadibrda O`zbekiston xalq shoirlari Xurshid Davron, Iqbol Mirzolar hamda O`zbekiston xalq hofizi Sherali Jo`raev ishtirok etishdi. Sherali Jo`raev Navoiy g`azallari bilan bastalangan bir qancha qo`shiqlarini ijro etdi.
Milliy ruhda o`tayotgan badiiy-musiqiy kechada bor diqqat-e`tibori bilan kuy tinglayotgan chet ellik mehmon barchaning e`tiborini tortdi.
Beneden Peri asli vengriyalik bo`lib, navoiyshunos olim, professor sanaladi. Bugungi kechaga esa u aynan buyuk hofiz Sherali Jo`raevni shaxsan ko`rish va uning Navoiy g`azallariga bastalangan qo`shiqlarini tinglash uchun tashrif buyurgan. Beneden Peri shoir Iqbol Mirzo tomonidan sahnaga chaqirilib, unga alohida hurmat ko`rsatildi.
“Men Sherali Jo`raevni 1990 yillardan tinglayman, chunki uni otam eshitardi. Uyimizda uning qo`shiqlari yozilgan plastinkalar bo`lardi. Hayotimdagi men uchun sharaf hisoblangan ishlardan biri Alisher Navoiy ijodini o`rganganligim bo`lsa ikkinchisi Sherali Jo`raevni ko`rish edi. Bugun biz xizmat safari bilan Navoiy viloyatiga ketishimiz kerak edi. Biroq Sherali Jo`raev kuylashini eshitib safarni kechiktirdim. Chunki men uning ashaddiy muxlisiman” — deydi hayajonini yashirmay Beneden Peri.