AsosiySport

Samvel Babayan: Natija va o`yin sifatidan qoniqish hosil qildim

'Samvel Babayan: Natija va o`yin sifatidan qoniqish hosil qildim'ning rasmi

O`zbekiston terma jamoasi Turkiyadagi yig`ini doirasida Rossiyaning “Amkar” klubiga qarshi bahs olib bordi va 1:0 hisobida g`alaba qozondi. Uchrashuvdan so`ng O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan uchrashuv borasida o`z fikrini bildirdi va zaxira kuchini yana bir bor sinab ko`rganini aytdi.

“Bugun rasmiy o`yinlar oldidan navbatdagi o`rtoqlik o`yinini o`tkazdik va terma jamoaning zaxirasini yana bir bor sinab ko`rish imkoniyatiga ega bo`ldik. Shuningdek, bugungi o`yin orqali o`yinchilarning jismoniy holatini ham tekshirish imkoniga ega bo`ldik”, – deydi milliy terma jamoa bosh murabbiyi.

“Aytishim mumkinki, so`nggi o`rtoqlik o`yinlarida optimal tarkibni sinab ko`rish imkoniyatiga ega bo`lmadik va bu o`yinlar asosan zaxira kuchimizni, terma jamoaga potensial nomzodlarni saralab olishga imkon beradi. Bugun hujumda to`p surgan futbolchilarimiz, bizning asosiy tarkibdagi hujumchilarimiz sanaladi. Ularning bugungi o`zaro harakatlarini ko`zdan kechirish biz uchun muhim edi. Umuman, futbolchilarning bugungi o`yinidan, ularning bugungi harakatlaridan ko`nglim to`ldi”, – dedi Babayan.

“Biz bugungi o`yin orqali, shuningdek, yoshlarga ham imkon berishga harakat qildik. Tarkibdagi ayrim o`yinchilar milliy chempionat o`yinlariga ham tayyorgarlikni boshlab yuborishgan, ayrim futbolchilar esa Osiyo Chempionlar Ligasi o`yinlariga tayyorgarlik ko`rishmoqda. Shu bois, yig`in orqali, ularning o`z formalarini optimal holatga keltirishlari uchun harakat qildik. Umuman, bugungi natijadan va o`yin sifatidan qoniqish hosil qildim”, – deya fikrini yakunladi Samvel Babayan.

Boshqa yangiliklar