AsosiyJamiyat

​Nasiba Maqsudova hayotining so`nggi lahzalari

'​Nasiba Maqsudova hayotining so`nggi lahzalari'ning rasmi

8 fevral kuni tunda ijtimoiy tarmoqlarda sovuq xabar tarqalgan bo`lsa-da, lekin “Nasiba Maqsudova olamdan o`tdi...” degan xabarga hech kimning ishongisi kelmasdi. Biroq, o`lim haq...

20 dekabr kuni suratga olish ishlari boshlangan “Diydor shirin” ko`rsatuvining Yangi yilga bag`ishlangan soni 21 ­dekabrning tongi 3.30 ga qadar davom etdi. Suratga olish ishidan ho­ri­gan bo`lishiga qaramay, 170 kishilik muxlislardan iborat bayram tadbirida Nasiba Maqsudova Anvar Azimov bilan birgalikda boshlovchilik qildi. Ushbu tadbirda O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raevning “Gulbadan”iga oxirigacha raqs tushgan Nasiba Maqsudova barchani lol qoldirgandi... Lekin kutilmaganda, kechqurun insult tashxisi bilan Toshkent Tibbiyot akademiyasining jonlantirish bo`limiga yotqizildi. 12 kundan so`ng esa palataga olindi. 30 kun shifokorlar nazoratida bo`lgan Nasiba Maqsudovaga 28 yanvarda uyga javob berishgan...

“Uydagilari qatori men ham har kuni shifoxonaga qatnadim. Shifokorlarning “Hali hech qaysi taniqli odamning oldiga butun shahar “ko`chib kelmagandi”. Nasiba opani shu qadar hurmat qilishar ekan”, deganida boshim osmonga etgandi. Nasiba opa ham holidan xabar olib kelganlar bilan dillashgani bois va asli optimist insonligi uchun ruhi tetik edi. “9-fevralda qizim Barnoxon chet eldan keladi, miriqib suhbatlashib o`tiramiz. Xudo xohlasa, 8 mart — Xotin-qizlar bayrami”ga bag`ishlangan bayramona ko`rsatuv bilan muxlislarga kutilmagan sovg`a ham qilamiz. Bordi-yu, ulgurmasak, “Navro`z” bayramiga bag`ishlangan “Diydor shirin” ko`rsatuvi, albatta, efir yuzini ko`radi”, deya bot-bot takrorlagandi”, deydi ko`rsatuv prodyuseri Ma`mura Yusupova.

Bir-ikki qadam tashlab, sog`ayishni boshlagan Nasiba Maqsudova 8 fevral kuni infarktni boshdan o`tkazgan. Bir nechta shifoxonaga olib borishgan, so`nggi manzil Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`ldi. Kechga tomon suxandon “Qornim ochdi, ovqat olib kelinglar”, degan. O`g`li Otabek ovqatga ketishi bilan soat 22:00 da ortidan shifokorlar qo`ng`iroq qilib, noxush xabarni aytishgan...

Oliy toifali diktor Nasiba Maqsudova hayotini kasbiga bag`ishlagan jonkuyar, tinib-tinchimaydigan, fidoyi ijodkor edi. Axir televideniega ilk qadam qo`yganiga 55 yil, diktor vazifasiga ishga qabul qilinganiga 50 yil to`lgan. Bir necha yuzlab mualliflik ko`rsatuvlarini tayyor­lab, millionlar qalbini zabt etishga ulgurgan, so`nggi yillarda “Diydor shirin” ko`rsatuvi orqali samimiy tabassumi­ bilan­ tomoshabinlar xonadoniga g`oyibona tashrif buyu­rib, muxlislarini xushnud etish baxti nasib qilgan kam sonli ijodkorlardan edi. Nasiba Maqsudova “Soxta kamtarlikni chetga surib aytmoqchiman, hech kim Nasibalarning o`rnini bosa olmaydi. Muxlislardan “Nasiba Ibrohimova, Nasiba Qambarova, Nasiba Maqsudova, Galina Melnikovaning tashqi ko`rinishidan tortib, gapirish ohangigacha sira o`zgarmaydi-ya?” degan savolni ko`p eshitaman. Zap davrlar bo`lgan-da. Ishlab yurgan kezlarimiz suxandonlar “maktab”i bo`lmagan. Ustozlardan o`rnak olib, ichki-tashqi va kiyinish madaniya­ti, ishga bo`lgan jiddiy yondashuvni o`rganardik. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, ustozimiz O`ktam Jobirov “yo`lingdan chiqqan kishiga salom berishni kanda qilma, ustozlarning yo`rig`idan chetga chiqma”, deb o`git berardi. Masalan, men g`azal o`qiyolmasligimni tan olaman. Bu ishni Nasiba Qambarova a`lo darajada bajarardi. She`r o`qirdim, g`azal berishsa Mirzohid Rahimovning oldiga qo`yib qo`yardim. Siyosiy xabarlarni o`qishda Nasiba Ibrohimovaning oldiga tushadigani yo`q edi”, deya “O`zteleradiokompaniya”da o`tgan davrlarini maroq bilan xotirlardi. Nasiba opa ancha yillik tajribasidan kelib chiqib, shu sohaga kirib kelayotgan va ishlayotgan yoshlarni to`g`ri yo`lga boshlash maqsadida o`rinli maslahatlarini berishdan erinmasdi. Atrofdagilarga, kasbiga nisbatan befarq, loqayd qarolmasdi. “Avvallari diktorlarning so`zlashi, matnning “dinamika”si, “temporitm”ini ushlab tu­rishdan to kiyinish uslubi jihatidan taqqoslaydigan bo`lsam, bugun efirga chiqayotganlarni suxandon emas, boshlovchi, deb qabul qilaman… Yodimdan chiqmaydi, efirda ssenariydan tashqari “Ertangi dam olish kuningiz ko`ngilli va mazmunli o`tsin”, degan gapni aytganim uchun ertasi kuni rahbariyatdan dakki eshitganman.

Bugun u vaqtlardagidan farqli o`laroq boshlovchilarga so`zlash erkinligi berilgani sabab, ishga bo`lgan munosabat haminqadar bo`lib qoldimikan? Biz diktorlar o`z xatolarimizdan xulosa chiqargan holda bugungi darajaga erishdik, teletomoshabinlar ko`nglidan joy ola bildik. So`zlarim yoshlarning ijobiy tomonga o`zgarishiga xizmat qilsa, bu — yutug`imiz. Zero, kasbimizning davomchilari bo`lgan yosh ijodkorlar televideniening ertangi yuzidir”, deya kuyunchaklik qilishi yuqoridagi so`zimiz isboti bo`la oladi.

Samimiyati bilan yuraklarni zabt eta olgan suxandon nafaqat kasbi, balki shaxsiy hayotidan ham baxt topa olgandi. Nasiba Maqsudova bilan suhbatlarimizning birida bolalarcha beg`uborlik bilan kelinlik davrini yuzda tabassum ila so`zlab bergandi:

— Turmush o`rtog`im Anoriddin Aminov bilan ilk bor Toshkent Davlat texnika universitetida uchrashganmiz. O`shanda ukam arxitektura fakultetiga hujjat topshirgan edi. Imtihonga kirishdan avval chizmachilik bo`yicha konsultasiyaga kirdi-yu, yozish uchun qog`oz topolmadi. Uddaburon emasmanmi, qog`oz izlab dekanatga kirdim. Qarshimdan chiqqan yigit darhol yordam qo`lini cho`zdi, hatto “Biror muammo bo`lsa, menga qo`ng`iroq qiling”, deb telefon raqamini ham berdi. Oradan vaqt o`tib, ukam o`qishga kirdi. Bir kuni paxta mavsumida qo`lini sindirib kelsa bo`ladimi? Tabiiy­ki, kursdoshlari, domlalari ukamni ko`rgani uyga kelishdi. Ne ko`z bilan qarayki, dekanatda uchragan jingalaksoch, qirraburun yigit yana qarshimda turibdi. Keyin­ bilsam, u yigit ukamning domlasi emas ekan. Ayyorlikni qarang, fursatdan foydalanib, oilam bilan tanishish uchun uyimga kelgan. So`ng sovchi jo`natdi. Onam “Menga ishon, shu yigit seni baxtli qiladi”, deyishga tushdilar. Televideniedagi ustozim To`lqin Olimovga ham onam “Bir yigitdan sovchi kelyapti, lekin Nasiba ko`nmayapti”, degan ekanlar. Shunda To`lqin aka “Meni o`sha yigit bilan tanishtirib qo`y”, dedi. Anoriddin aka, To`lqin aka va men “Bahor” restoraniga bordik. Ular xuddi ota-boladek gaplashib ketishdi. Ustozim hamma bilan ham gaplashib ketaveradigan odam emas edi-da. Ishga borganimda To`lqin aka “Shu yigit senga juda mos. Boshqasi haqida gap-so`z bo`lishi mumkin emas”, — dedi. Onam, ishxonamdagilar yanglishmagan ekan, taqdirning menga bergan eng katta mukofoti bu — turmush o`rtog`im! Vaqt o`tib, u kishi meni kamtarligi, to`g`riso`zligi, bag`rikeng va ochiqqo`lligi, ilmga tashnaligi bilan rom qilgan. Meni o`ziga tortadigan sirli jozibasi nimada ekanini hali-hanuz topolmadim. Yangi kelinligimda dugonalarim “Turmush o`rtog`im bilan urishib qoldim”, deyish­sa, hayron bo`lardim. Chunki bizning xonadonda sira bunday vaziyat bo`lmagan-da. Haligacha meni qadrlaydi, mehri, e`tiborini ayamaydi. Chiroyli kiyinishimni, go`zal bo`lishimni istaydi. Uyda pardoz qilmay, sochimni turmaklamay yurganimni ko`rsa, “Nasibaxon, bugun bir go`zallik saloniga borib kelsangiz bo`larkan”, deydi. Hatto tug`ruqxonada yotganimda pardoz vositalarimni olib kelib berishga ham erinmagan. Shuning uchun bo`lsa kerak, yon-atrofimdagilarning bari menga havas ko`zi bilan qaraydi. Oila qurmasimdan avval taniqli suxandonlar safidan joy olishga ulgurgandim. Umr yo`ldoshim kechki dasturlarni olib borganimda ham meni to`g`ri tushungan. Farzandimiz uch oylik bo`lganida ishga chiqqanman. Shunda ham “Bolaga o`zim qarab turaman, efirdagi matningizni yodlayvering”, derdi. Oramizda ishonch bo`lgani uchun ham kasbim va oilam bilan bog`liq muammolar bo`lmagan. Biror marta kasb bayramim bilan tabriklashni unutmaganlar. Erta tongdan ish stolim ustiga pul solingan konvert qo`yib qo`yadi. Va ko`nglimga yoqqan narsani xarid qilishimni aytadi. Keyin bag`riga bosib, yuzimdan o`pib: “Xonim, kasb bayramingiz muborak bo`lsin!”, deydi. To`y kunimiz, tug`ilgan kun kabi sanalardan tashqari, FHDYodan o`tgan kunimizda ham bir dasta gul bilan uyga kirib keladi. Bunday e`tibordan xursand bo`lmaslik mumkinmi?!

Havas qilgulik ijod va hayot yo`lini bosib o`tgan sevimli suxandonimiz Nasiba Maqsudova 2 qiz, 1 o`g`il: Barnoxon, Otabek, Go`zalxonning onasi, 8 nabiraning buvisi edi.

Hech kim benazir emas, lekin betakrorlar borligini ham inkor etib bo`lmaydi. Oliy toifali suxandon, “Shuhrat” medali va “Oltin qalam” mukofoti sohibasi, eng muhimi samimiyati va o`ziga xos tabassumi bilan yuraklarni zabt eta olgan Nasiba Maqsudova ana shunday insonlardan biri edi. Shunday ekan, sevimli suxandonimiz millionlarning qalbi va xotirasida mangu barhayot!

Shunday qayg`uli damlarda Nasiba Maqsudovaning oilasi va yaqinlariga tahririyatimiz nomidan chuqur hamdardlik bildiramiz.


"To`yimda tug`ishgan opamdek xizmat qilgan"

Tolibjon Isroilov,­ teleboshlovchi va xonanda: — Noxush xabarni eshitib, o`zimga kelolmayapman. Tushga qadar rasmlarimizni tomosha qilib, xotiralar “olami”ga kirib ketibman. Nasiba opa bilan 1991 yil televidenieda ish boshlaganimda tanishgandim. “Assalom, O`zbekiston”, “Diydor shirin” ko`rsatuvlarida birgalikda boshlovchilik qilganmiz. Nihoyatda quvnoq, mehrli, mehmondo`st, hammani birdek ko`radigan, kirishimli inson edi. Uylanganimda ham tug`ishgan opamdek elib-yugurib xizmat qilgandi. ­Nasiba opa bilan bog`liq xotiralarim shu qadar ko`p-ki... Alloh rahmatiga olgan bo`lsin!


"So`nggi ishimiz ham bayram dasturi bo`ldi"

Anvar Azimov, teleboshlovchi:­ — Nasiba opa bilan 2014 yil dekabrdagi “Diydor shirin”ning bayram sonidan birgalikda ish boshlagandik. Ming afsuski, birgalikdagi so`nggi ishimiz ham 2016 yil yakunidagi Yangi yil bayram dasturi bo`ldi (ko`ziga yosh oldi). Shu qadar g`ayratli edilarki, yoshlar bilan baravar ishlardilar. Juda mehribon, quvnoq, tabassum va shirinso`z ulashishdan charchamasdi, ishdan zavq olardilar. Kasallik bilan kurashayotgan vaqtlari ham xayollari ish rejalari bilan band edi. “Anvar, nasib bo`lsa, “Navro`z” sonini yozamiz!”, degandilar, hayotni sevardilar. Nasiba opa, yana besh yil ishlasak, zo`r bo`lardi, desam, “Hali yana 15 yil “Diydor shirin”da birga ishlaymiz!”, degandilar...

Bilasizmi?

► Nasiba Maqsudova 1948 yilning 12 aprelida dunyoga kelgan.

► 20-maktabda tahsil olgan.

► O`zbekiston Milliy universitetini tamomlagan.

► 1969 yil 18 sentyabrda oila qurgan. Turmush o`rtog`i Anoriddin Aminov­professor.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar