Bugun 20 fevral kuni o`zbekistonlik ziyoratchilarning 230 nafardan iborat dastlabki (4 nafar ishchi guruhi, 4 nafar oshpaz, 2 nafar shifokor) guruhi “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerida Saudiya Arabistoni Podshohligiga umra amallarini bajarish uchun uchib ketdilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo`yicha qo`mitaning axborot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yilning 20 fevral kunidan 11 aprel kuniga qadar o`zbekistonlik fuqarolarni umra ziyoratiga kuzatish va kutib olish rejalashtirilgan.
Bahorgi umra ziyoratida jami 5350 nafar fuqarolarimizning Toshkent – Jidda – Toshkent yo`nalishi bo`yicha 24 ta charter reysida safarlari tashkil etiladi.
Bahor mavsumida ziyorat 10 kunni tashkil etadi. Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makkada esa 7 kun bo`ladilar. Ziyoratchilarga mavsum davomida o`zbekistonlik 8 nafar ishchi guruhi, 107 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 27 nafar shifokor va 8 nafar oshpaz xizmat ko`rsatadi.
Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarda meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandi. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo`lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ziyoratchilarga safar oldidan davlat ramzlari tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Umra” qo`llanmasi va videotasmalar taqdim etildi.
O`zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi nabaviy”dan 100-150 metr masofada joylashgan to`rt yulduzli “Nur Mavadda” mehmonxonasi, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 500-550 metr uzoqlikdagi “Abroj al-Kisva” mehmonxonasi tayyorlab qo`yilgan.
O`zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kecha - 4 kunduz bo`lib, bu erdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so`ng Makka shahriga yo`l oladilar.
Ziyoratchilarni Saudiya Arabistoni Podshohligida kutib olish, kuzatish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish ishlari Din ishlari bo`yicha qo`mita va O`zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhi hamda O`zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi “Haj” va “Umra” masalalari bo`yicha attashesi hamkorligida tashkil etiladi.






