Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qarshi shahridagi Gulshan mahallasida fuqarolar yig`ini xodimlari va profilaktika inspektori birgalikda ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Mahallalarning hayotimizdagi o`rni va ta`siri bugungi kunda ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalla faoliyatining tashkiliy asoslarini takomillashtirish, uning vazifa va vakolatlarini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tizimidagi rolini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Qarshi shahrida ham mahalla fuqarolar yig`inlarining aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, ular uchun zamonaviy sharoit yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda "Gulshan" mahalla fuqarolar yig`inining yangi binosi foydalanishga topshirilgani buning dalilidir.
Mahalla idorasining zamonaviy binosida barcha sharoit yaratilgan. Mahalla raisi, kotib, maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar ajratilib, kompyuter, mebel, tegishli adabiyotlar bilan ta`minlangan. Profilaktika inspektori xonasi mahalla hududidagi jamoat ob`ektlariga o`rnatilgan videokuzatuv uskunalari orqali hududni nazorat qilib turish imkoniyatini beruvchi monitor bilan jihozlangan.
Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining ko`zgusiga aylanishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Bu er odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga echim topadigan joy bo`lishi kerak. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor bo`lishi, kim nima bilan mashg`ul – hammasini bilishi lozim. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko`zlangan asosiy maqsad mahallani kechayu kunduz odamlarning ahvolidan boxabar bo`ladigan maskanga aylantirishdir.
Qarshi shahridagi barcha milisiya tayanch punktlarini bir-biri bilan bog`lovchi optik tolali tizim barpo etish bo`yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.
“Gulshan” mahalla fuqarolar yig`ini binosi yonida profilaktika inspektori oilasi bilan yashashi uchun turar-joy barpo etilgan. Davlatimiz rahbari ushbu xonadonda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Bunday uylar profilaktika nozirlarining kechayu kunduz o`z hududida bo`lib, mahallada jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta`minlashida muhim ahamiyatga ega, dedi Prezidentimiz. Shuning uchun Qarshi shahrida faoliyat ko`rsatayotgan barcha profilaktika inspektorlariga mana shunday uylar qurib berish zarur. Bu hududda jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.