Sezib yuribmiz, bilib turibmiz, shu kunlarda xotirangiz parishon. Axir kutilayotgan bayramga sanoqli kunlar qoldi! Sizning esa bizni qanday xushnud etishni bilmay, boshingiz qotgan. Axir biz nozikoyimlar na issiqqa ko`namiz, na sovuqqa. Mayli, hech ham diqqat bo`lmang, o`zimiz sizga ko`maklashib yuboramiz. Buning uchun quyidagi kichkina topshiriqni bajarsangiz bas.
Shartimiz!
Hisob-kitobga ustaligingiz sir emas, muhtaram janoblar. Qani, quyidagi misolni eching-chi.
Endi biz tug`ilgan kunning sanasi tarkibidagi sonlarni qo`shasiz. Bitta songa adashsangiz ham, mo`ljalni to`g`ri ololmaysiz. Masalan, men 1987 yilning 1 mart sanasida tug`ilganman: 1+9+8+7+1+0+1=28=2+8=10=1+0=1
Eslatma: natija bir xonali son chiqquncha, misolni echaverasiz. Chiqqan natijaning ta`rifiga qarab sovg`a tanlashni boshlang.
Kimga qanaqasidan?
1. Eh, biz — birinchilar juda boshqachamiz-da. Sizning atrofingizdagi ayollardan birining raqami «1» bo`lsa, otni qamchilashga biroz kechikdingizmi, deb qo`rqaman. Chunki shosha-pisha olingan, yo`qdan ko`ra bor, deya ulashilgan sovg`alardan boshimiz ko`kka etmay qoladi. Mayli, kayfiyatni tushirmang. Hali hisobingizda besh kun bor. Gapning dangalini aytsak, bizga qulay, foydali va original sovg`alar yoqadi. Buning ustiga, ayni paytda nimaga ehtiyojimiz bor, shuni ham hisobga oling. Ana, soch quritgichimiz kuyib qolgan bo`lsa, darrov bir quchoq atirgul bilan ko`tarib keling, qarabsizki, bizdan baxtli ayol yo`q dunyoda! Yoki birga do`kon aylanishni taklif qilib, ko`nglimiz jiz etgan libosni ko`z ostingizga olib qo`yishingiz mumkin. Xullas, istaklarimizni bilib oling, so`ramang faqat.
2. Bu raqam ostiga yashiringan xonimlarning xobbilari sizga yordam beradi. Ularning sevimli mashg`ulotlari qanaqa? Pishir-kuydirni jonidan sevadimi, marhamat, katta bo`ladimi yoki kichik biror oshxona buyumi sovg`a qiling. Kunning quyosh charaqlagan qismini ofisda o`tkazadigan ayollarga esa ish stolini bezab, unga kayfiyat ulashib turadigan nimadir tuhfa qilishni maslahat beramiz. Masalan, orxediya guli. Shartimiz, odatiy sovg`alaringiz noodatiy ko`rinishda bo`lsin!
3. Ijodkor, betakror ayollarimizning fe`l-atvoriga «Bir, ikki, uch, uchdan keyin puch» iborasi juda mos-da. Shunnig uchun, etti o`lchab, bir kesib, sovg`a tanlang. Masalan, devorga osilsa, uyga ko`rk bag`ishlaydigan manzarali surat, nafis matodan ishlangan sharf kabilar ayni muddao. Yana tong sahardan onangiz, ayolingiz yoki qizingizni bir dona bo`lsa-da, sevimli guli yoxud orzusidagi narsasi bilan xushnud etsangiz ham, ularning ko`ngli tongdek yorishadi.
4. Natija shu raqam chiqqan bo`lsa, tabriklaymiz sizni! Axir bu raqam «Sovg`aning katta-kichigi bo`lmaydi», deya firklaydigan ayollarimizga xos. Yumshoq o`yinchoqmi, tabriknomami, boringki, finjonmi — ularga xush kelaveradi. Hattoki bir o`q bilan ikki quyonni urib, ro`zg`orga kerakli nimanidir tuhfa qilsangiz ham, quvonchlari ichiga sig`maydi. Erkaklar, shuncha engillikka yarasha, chiroyli guldasta esdan chiqmasin-a?!
5. Ishlari doim besh bo`lishini istaydiganlarga, albatta, ishbilarmonlarga xos sovg`alar ma`qul keladi. Deylik, telefon, noutbok, hech bo`lmaganda, organayzer. Faqat ularni syurpriz syurprizdek bo`lsin deya, dabdabali qilib o`ramang. O`rami sovg`angizning stiliga mos bo`lsin.
6. Go`zallikning shaydolariga juda chiroyli tuhfalar yoqadi. Kichkina buyum bo`lsa, go`zalligi ko`zni quvnatishi shart. Nozik did bilan ishlangan soat, taqinchoqlar to`plami, bejirim ko`ylak, klatch — mana, sizga takliflar. Buning uchun sovg`a sohibasining didini bilsangiz kifoya. Yoki biror yaqiningizdan tanlashishni iltimos qilarsiz (masalan, oyingizga rafiqangiz bilan birga sovg`a tanlashingiz mumkin).
7. Bu raqamni bejizga omad belgisi deyishmas ekan-da! Axir atrofingizdagi ayollarning shu raqam bilan bog`liqlari «Hamma gap e`tibor-da» degan shior ostida yashaydilar. Bu yog`i himmatingizga bog`liq, mehr-muhabbatingizni chiroyli izhor qilsangiz bas. Oilangizdagi ayollarga ertalabdan chiroyli dasturxon bezatsangiz, 7 mart kechasi sovg`alarni xonalariga qo`yib chiqsangiz, hamkasblaringizning esa stol ustida tuhfalar bilan kutib olsangiz, nur ustiga nur bo`lardi.
8. Hayotdan mo``jizalar kutib yashovchi bu toifa xonimlar romantik sovg`alarni jon dilidan sevishadi. Shuning uchun antiqa narsalarga ixtiyor bering. Ertaknamo bayram tashkillashtiring. Gullar, shirinliklar bilan uyingizni bezatib chiqing. Fantaziyani ishga solsangiz, ayolingiz bir yil davomida og`zidan bol tomib, sizni maqtab yuradi!
9. «9» raqami chekingizga tushgan bo`lsa, oilangiz ayollarini restoran, konsert kabilarga taklif qilishingiz mumkin. Qaniydi, biror chet el mamlakatiga sayohat uchun chiptalar bilan qutlasangiz. Bahonada o`zingiz ham bir ko`ngil yozib kelardingiz. A, labbay, albatta, deysizmi? Yashang! Umuman olganda, maslahatimiz, shu kun pulingizga ziqnalik qilmang! Axir 8 Mart sanasi taqvimda birgina-ku!
Ha aytgancha, eng muhimi, tabriklash marosimi uchun chiroyli va samimiy nutq tayyorlash ham yoddan ko`tarilmasin... Yana hayajonlanib, qovun tushirib o`tirmang, deymiz-da...
MUXLISA tayyorladi.