8 martni ko`pchilik xotin-qizlar bayrami deb hisoblashadi. Bizga, ya`ni sakkiz ulfatga esa 8 mart «erkaklar kuni»dir. «Qanaqasiga?» deysizmi? O`qing, o`qiyvering. Bu — bor gap!..
Har yili 8 martda sakkiz ulfat biror choyxonaga yig`ilamiz. Kechgacha ziyofat! Ulfatchilik ulfatchilikday, bayram bayramday bo`lsin, deb ziyofatni ayollarsiz o`tkazamiz. Qaerda ishlashimizni, ism-familiyamizni sir tutgan holda faqat laqablarimizni va sakkiz xil ekanimizni aytib o`tmoqchiman, xolos. Buning nima qizig`i bor, deyishga shoshilmang. Balki tanishingiz yoki biror yaqiningiz bo`lib chiqarmiz? Masalan, Xo`jako`rsin laqabli ulfatimizni olaylik. U hamma ishni xo`ja ko`rsinga, nomigagina bajaradi. Fevral oyida qo`liga biror buyum tushib qolsa, shartta xotiniga beradi. «Bu senga sakkizinchi martga!» Bayram kuni qulog`i tinch. «Ha», desa, «sovg`amni bir oy oldin berib qo`yganman», deydi. Ishqul laqabli ulfatimiz uchun esa 8 mart bayram emas, maqsad. Uylanmoqchi bo`lganida, sevgan qiziga gul bergan. Nima maqsadda? Sovchilariga rozilik aytishi uchun! Biror maqsadi yo`qmi, 8 mart bilan atayin tabriklamaydi. (Ko`chada duch kelib, majburiyat yuzasidan tabriklagani hisob emas, albatta.) Uchinchi ulfatni Tinchboy deb chaqiramiz. Qachon qaramang, qulog`i tinch bo`lishni o`ylaydi. 8 martda xotiniga, qaynonasiga qimmatbaho sovg`a berishi mumkin. Hurmat qilganidan yoki yaxshi ko`rganidan emas! «Shulardan qulog`im tinch bo`lsin! Qutulay pichinglaridan!» deydi. To`g`ri-da, to`rtinchi ulfatimizga o`xshab sovun yoki shampun sovg`a qilmayapti-ku! Go`lmirzaga ming marta aytdik, «Hoy inson, maktab davridagidek sovun, shampun sovg`a qilishni to`xtat! Tinchboydan o`rnak ol!» deb. Yo`q, odamda did, farosat, romantika bo`lmasa qiyin ekan. Hech bo`lmasa, ulfatimiz Maishatiyga o`xshab antiqa sovg`a ol-da, «Xotin, senga atalgan romantik sovg`am yotoqxonadagi javon tortmasida turibdi, men o`rtoqlarim bilan oshga bormoqchi edim, kechqurun qaytaman», desin. Ayniqsa, o`tgan yili Maishatiyning sovg`asini xotini kechgacha topolmay, axiyri choyxonaga qo`ng`iroq qildi. Bir jihatdan achindim. Xotin ham odam, 8 martda bunchalik kichik sovg`a bilan aldamaslik lozim. Xotin bechora tortmani ochib, mikroskop bilan sovg`a axtarishi shartmi?
Eskiboyda pul ko`p, ammo aql yo`q. 8 martda ziyofat ko`payib ketib, xotiniga sovg`ani haydovchisidan yuboradi. Qurumsoq degan ulfatimizdan doim ijirg`anaman. Nega deysizmi? Ishxonasida hamkasb ayollarga beriladigan gullar ortib qolsa, xotiniga olib boradi. Birovning sovg`asini boshqa birovga berish… Yo`q, men buni tushunolmayman.
Endi-i, kamina ham anoyi emas. Laqabimni bekorga Pishiqbek deyishmaydi. 8 martda xotinimga go`shtqiymalagich sovg`a qildim. Baribir ro`zg`orga olishim kerak edi, bayramdan unumli foydalandim. Xullas, shunaqa gaplar! Kelgusi yil choynak sovg`a qilmoqchiman, chunki hozirgi choynakning tutqichi sinib qolgan.
Pishiqbek