1

“Navro`zning yoshi 10 000 yildan kam emas”

Jamiyat 18.03.2017, 11:32
Teglar: Bayram
“Navro`zning yoshi 10 000 yildan kam emas”

Xalqimiz tafakkurining betakror mo``jizasi – Navro`z ajdodlarimizdan bizga meros bo`lib kelayotgan o`lmas qadriyatlardan biridir. U asrlar mobaynida insoniyat taraqqiyotining har bir yutug`idan doimo kuch va quvvat olib kelgan. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, Qoraqalpog`iston xalq artisti Farhod Bobojonov hamda taniqli tadqiqotchi, qadimshunos olim, akademik Zoyir Ziyotovning noan`anaviy munozarasi ana shu azaliy va umrboqiy bayramning kechmishi va buguni xususida kechdi.

«12 kun bayram qilishgan»

Farhod Bobojonov: Qadimgi yunon olimi Strabonning yozishicha, ikki daryo oralig`ida istiqomat qilgan ajdodlarimiz Navro`z kuni otashkada, ya`ni olovga topiniladigan ibodatxonalarda to`planishgan va yilboshining 12 kun davomida tantana qilishgan. Bayramda har bir kishining ustiga quyosh nuri tushishi uning yil bo`yi to`kin-sochin, barakali hayot kechirishidan darak beradi, deb qaralgan. Bayram tantanalari dala ishlarining boshlanishi bilan o`z nihoyasiga etgan.

Abu Bakr ibn Ja`far Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida ham Navro`z o`lkamizda bir necha ming yil davomida uzluksiz nishonlanib kelayotganligini tasdiqlaydigan muhim dalillar keltirilgan.

Xitoylik muarrix Vey-Sze qadimgi samarqandliklarning Navro`z bayrami haqida shunday yozadi: “Oltinchi oyning birinchi kuni ularda yilboshi hisoblanadi”. O`sha kuni podshoh ham, xalq ham o`zlarining yangi liboslarini kiyadilar, ular shaharning kunchiqar tarafidagi bir daraxtzor yonidagi maydonda to`planishib, bayram qiladilar.

Ardoqli va qadimiy bayramimiz Navro`zi olam o`lkamizda bir necha ming yildan buyon nishonlanib kelayotganligini taniqli ingliz olimi Boysning tadqiqotlari ham tasdiqlaydi.

Manbalarda eng hayotbaxsh va qadimiy bayramimiz navro`zning qachon paydo bo`lishi xususida turli mulohazalar bildirilgan. Sizning fikringizcha bu bayramning tarixi yanada qadimiyroq, shunda emasmi?

Hali yil hisobi bo`lmaganda...

Zoyir Ziyotov: Navro`z tarixini o`n ming yildan o`n besh ming yilgacha deb hisoblash mumkin. Navro`z aslida Markaziy Osiyoda yashagan qadimgi ajdodlarimizning kashfiyoti. U hali yil hisobi o`ylab topilmagan, yillar fasllarga, oylarga haftalarga bo`linmagan uzoq zamonlardayoq sovuq bilan (qish bilan yozning emas) issiqning almashinuvi kunlari ekin-tikinning boshlanishi munosabati bilan bayram qilingan. Iliq kunlar kelayotganidan esa bahorning ilk chechagi - boychechak xabar bergan. G`orlarda, yarim erto`lalarda qishning izg`irinli sovuqlaridan zo`rg`a jon saqlab chiqqan ibtidoiy davr odamlari hali yil hisoblarini bilmasa-da, boychechakning erni yorib chiqishining o`ziyoq ular qalbida bayram shukuhini qo`zg`atgan.

Misrda yoshi o`n ming yillik bug`doy donasi topilgan. Biroq bug`doy Misrning ekini emas, u dastlab Osiyoda madaniylashtirib so`ng Misrda ekila boshlagan, shuning uchun navro`zni yoshini ham o`n ming yildan ko`proq va o`n besh ming yilgacha deb baholash mumkin.

Ming yillik suvratlar

F.B. Navro`z bayrami qadimgi ajdodlarimiz tafakkurining mahsuli ekanligini tasdiqlaydigan yana bir muhim dalil, Farg`ona vodiysidan topilgan qoyatosh suvratlaridagi mavsumiy marosimlarga oid chizgilardir. Ma`lumki, Farg`ona vodiysining tog`li xududidagi Ko`gart davoni yaqinida, Saymalitosh degan joyda ko`plab qoyatosh suvratlari, petrogliflar aniqlangan.

Qadimgi farg`onaliklarning yil fasllari va quyoshning yillik harakatini kuzatishga asoslangan astronomik kuzatishlarini o`zida aks ettirgan Saymalitosh suratlari miloddan avvalgi III ming yillikdayoq yaratila boshlangan, deb hisoblaydi. Saymalitosh suvratlari o`ziga xos rasadxona vazifasini bajargan bo`lib, quyoshning chiqishi va botishiga asoslangan vaqt hisobini aks ettirgan.

Suvratlardan birida, ikkita ho`kiz, ularning atrofida 12 ta odam, kecha va kunduzning 12 soatdan iobratligini, ya`ni kuzgi va bahorgi teng kunlikni anglatadi. Chunki dehqonchilik bilan shug`ullanib kelgan O`rta Osiyo xalqlari yil boshi–Navro`zni 21 martdan boshlanadi, deb hisoblaydilar va bahorgi teng kunlikdan dala ishlarini boshlaydilar.

Jamshidning aravasi

Z.Z. To`g`ri, buyuklarimizning yana ayrim qiziq ma`lumotlarini eslataman. Keyin ularni izohlash oson bo`ladi. Umar Hayyom “Navro`znoma”sida Navro`z bayramlari har doim ham quyoshning hamal burjiga kirgan (21-mart)da o`tkazilavermaganini, turli davrlarda padishohlar bayramini nishonlash kunlarini o`zgartirib turganini yozadi.

Umar Hayyomning “Navro`znoma”sidagi kabi Firdavsiyning “Shohnoma”sida ham yangi yil bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog`lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga hunarlar o`rgatadi, temir eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib to`qitadi, imoratlar barpo qiladi. Nihoyat, “ishlari gurkirab berganda meva”, bir kuni taxt yasab, unda osmonga ko`tariladi. Ushbu afsonaga ko`ra xuddi shu kuni Navro`z nishonlangan.

Beruniy fikricha ham Navro`z shoh Jamshidga bog`lanadi: “Jamshid o`ziga arava yasab olgach, o`sha kuni aravaga chiqib oldi, jinlar va shaytonlar uni havoga ko`tarib, bir kunda Dunbovanddan (Damovand tog`i) Bobilga olib bordilar. Odamlar bir ajoyib voqeani ko`rgach, o`sha kuni bayram qildilar va “Jamshidning (aravada uchishiga) taqlid qilib arg`imchoqlarda uchdilar”.

Bu afsonalar chuqur fikrlashga va ilmiy taxlil qilishga chorlaydi. Shoh Jamshid taxt yasab, arava yasab osmonga ko`tarilgan ikki holatda ham uni Bobilga uchgani ko`zda tutilayotir.

Nega aynan Bobil?

F.B. Markaziy Osiyolik ajdodlarimiz kashf qilgan Navro`zning Bobilga nima aloqasi bor?

Z.Z. Bunga aloqador voqealarni qisqacha va soddaroq izohlashga harakat qilaman. Er yuzida turli davralrda xalqlarning buyuk ko`chishlari sodir bo`lib turadi: ular har doim ham urushlar tufayligina ko`chavermagan. Masalan, chorva yaylovlarini kengaytirish maqsadida ko`chishlar ko`p bo`lgan. Biroq bundan 11800 yil burun sayyoramizda qandaydir talofat yuz berganida sayyoramizning, xususan Markaziy Osiyoning iqlimi keskin o`zgarib, harorat sovib ketadi. Dengiz satxidan 800-1000 metr balandliklar doimiy qor bilan qoplanadi, hatto Kaspiy va Orol dengizlari muzlaydi. Ana shu iqlim o`zgarishi odamlarning yoppasiga janubga ko`chishga majbur qiladi, bir qismi esa Bering bo`g`ozi orqali Amerika qit`asiga ko`chadi.

Markaziy Osiyodan Mesopatapiya (Dajla va Furot daryolarining oralig`i)ning janubiga ko`chib borgan xalq yangi vatanida bundan besh yarim, olti ming yil avval misli ko`rilmagan sivilizasiyani - yozuvni, yilning, oylarning, haftalarning hisobini ham kashf qiladi.

Bu xalq (yoki qabilalar ittifoqi)ning asl nomi Kengi (Kanguy, Qang`, Qang`li, Qang`ir bo`lishi ham mumkin) bo`lib keyin uni evropaning olimi, ayrim sabablarga ko`ra Shumer deb atashga qaror qiladilar. Ajdodlarimizning barcha kashfiyotlarini yozib o`tirmaymiz, biroq o`quvchi tasavvur qilishi uchun aytamizki dunyo sivilizasiyasining eng boshida turganlar bizning ajdodlarimiz edi. Ular yilni oylarga va haftalarga bo`lganda har bir oyi va haftaning har bir kuni ham nom qo`yib chiqadilar. Yil ikkita tengkunligi (mart, sentyabr)ni ham, yilning eng qisqa kun, eng uzun kunlarini ham belgilaydilar.

Yangi Vatan, yangi iqlim...

Qang`lilar yangi vatanga kelgach ko`rdilarki, bu joyda iqlimi ilk vatanidagi iqlimidan keskin farq qiladi. Ana shu iqlim sharoitida dehqonchilik qilishni yo`lga qo`yadilar. Endi bahorgi tengkunlik (21-mart) ular ekin ekmasdilar, aksincha hosilni yig`ishtirib olardi va aksincha kuzgi (21-sentyabr) tengkunlikda ekin ekishardi.

Ilk vatandagi yilboshi bayramini o`tkazish udumlarini yangi vatanlarida yangicha marosimlar bilan boyitib nishonlaydigan bo`ladilar. Bu bayram tabiatning o`lishi va tirilishini o`zida aks ettiradi. Qang`ilarning besh-besh yarim ming yillik dostonlarida afsonaviy podshoh Dumuzi (cho`pon) tabiatning o`lishining ramzi bo`lsa Inanna (Zuxro yulduzi) tabiatning tirilishi, unumdorlik ramzi sifatida kuylanadi.

Har yili yangi yil bayramida hukmdor Dumuzi (tammuz) va koxinalardan biri Inanna rolini o`ynab sahnadagi spektakl o`ynaladi. Bu bayramda xalq ham ommaviy ishtirok etib Dumuzining o`limiga qayg`urib motam qo`shiqlarning ijro etishadi. Bir Shumer dostonida tabiatning o`lishi quyidagicha kuylanadi:

Qalbi qonli yoshlarga to`ldi,

U to`g`ri vodiy tomon yo`l oldi,

Ha, podachining qalbi qonli yoshga to`ldi,

Faqat unga orom berar go`yoki vodiy.

Podachi–u qon yig`layotgan Dumuzidir,

U dardini yoyar poyonsiz vodiyga,

Nayini u labga qo`yib

Iztiroblarini to`kib soldi begaron

Kuyla, g`amgin qo`shig`ingni, kuyla, ey vodiy,

Sen ham manday qalbi g`amga to`lgan oshiqsan,

Kuyla, vodiy, nolalarning rang-barang bo`lsin,

Daryodagi chig`anoqlar hatto ingrab yuborsin,

Eng qizig`i shundaki yangi yil bayramini ular har yili ikki marta - bahorgi va kuzgi tengkunliklarda nishonlashgan. Bahorgi tengkunlik yangi vatanda hosil yig`ishtiriladigan mavsumga to`g`ri kelsa-da, ular shu mavsumdagi bayramni asosiy yangi yil bayrami deb nishonlashgan, zero ajdodlarimiz avvalgi vatani bilan uzviy aloqani hechham uzmagan edilar. Bunga tarixiy dalillar ko`p.

Mangulikka daxldor

F.B. Bu suxbatdan shuni anglab ettikki Navro`zimizning eng qadimgi tarixini chuqurroq o`rganib olishimiz uchun shu mavzudagi asarlarga murojaat qilishimiz zarur ekan.

F.B. Qadim-qadimdan bizning xududimizda qut-baraka so`rab turli marosimlarni o`tkazishgan. Navro`z O`rta Osiyoda yashagan qadimgi dehqonlarning bahoriy udumlari, ko`klamni e`zozlash, suv, olov, tuproq, quyoshga sig`inish bilan bog`liq marosim va e`tiqodlari asosida paydo bo`lgan umumxalq bayramidir.

Bu bayram erni sevishga, mehnatni qadrlashga, ko`klam mo``jizalaridan lazzatlanishga, hayotning boqiyligiga imon keltirishga o`rgatadi. Navro`z eski yil tugab, yangisi boshlanadigan, dehqon umid bilan erga baraka urug`i qadaydigan, cho`pon qo`y-qo`zilarini yam-yashil o`tloqqa yoyadigan saodatli kundir. Bu kunda ezgulik tantana qiladi. Bu kun - mangulikka dahldor.

Sharhlar

Bu yilgi Qurbon hayitida qo`shimcha dam olish kunlari bo`ladimi?

03.08.2019, 22:17

Prezident qaroriga muvofiq, O`zbekistonda Qurbon hayiti bayrami 11 avgust kuni keng nishonlanishi haqida xabar bergandik. Ma`lumki, avvalgi Hayit bayramlari munosabati bilan qo`shimcha dam olish kunlari...
​ShAVKAT MIRZIYoEV O`QITUVChI VA MURABBIYLARGA TABRIK YO`LLADI

30.09.2017, 09:23

Prezident Shavkat Mirziyoev 1 oktyabr kuni O`zbekistonda keng nishonlanadigan O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ustozlarga o`z tabrigini yo`lladi. Tabrik matni O`zAda e`lon qilindi. Qadrli...
​O`zbekiston mustaqilligining 26 yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida Prezident qarori imzolandi

28.06.2017, 10:36

O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida Prezident qarori imzolandi. Prezident Qarori bilan Vatanimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa...
​Surxondaryoda "Boysun bahori" folklor festivali boshlandi

15.05.2017, 10:53

Boysun tumanida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Boysun bahori” folklor festivali bo`lib o`tmoqda, deb xabar beradi O`zA.Festivalning...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1