Bu odamning muhabbati, olijanobligi, yaxshiligi haqiqatan ham tahsinga loyiq, deb xabar beradi Interesno.cc nashri.
U o`zining harakatlari bilan barchaga o`rnak bo`lishga arziydi.
Dashrat Mani bir umr Hindistonning kichkina qishlog`ida umrguzaronlik qildi. U rafiqasi bilan muhtojlikda kun kechirsa-da, muhabbat o`zlarini baxtli his qilishlariga yordam berdi. Ammo ularning mehr-muhabbatlariga ko`z tegdi. Dashratning rafiqasi bedavo dardga chalinib, shifokor yordami kerak bo`ldi. Ular eng yaqin shahardagi kasalxonaga borishlari uchun ham 80 kilometr piyoda yo`l bosishlari lozim edi. Er-xotin ko`zlagan manzillariga etish uchun qo`llaridan kelguncha, tezroq harakat qilishdi. Ammo tog` ularning yo`lini to`sib, safarni og`irlashtirdi. O`zi shusiz ham kasallik tufayli zaiflashib qolgan ayol, yo`l azobini ko`tara olmay vafot etdi.

Eng yaqin insonini yo`qotish erkak uchun katta fojia bo`ldi. U endi qanday yashashni bilmay, hayotining mazmuni yo`qoldi. Shunday ayriliq azobini chekib yurgan kunlari unda ajoyib fikr tug`ildi. Erkak rejalashtirgan fikrini amalga oshirish uchun bir hafta davomida kerakli asbob-uskunalarni yig`di.
Dashrat astronomik aniqlik bilan ularning yo`liga g`ov bo`lib, rafiqasining o`limiga sababchi bo`lgan tog`ni bittama-bitta toshlarga ajrata boshladi. Uning boshiga tushgan fojia hamqishloqlarining ham boshiga tushmasligi, bu baxtsizlik qayta takrorlanmasligi uchun tog`ning o`rtasini teshib, yo`l o`tkazmoqchi bo`ldi.

Qalbini ayriliq azobi kemirayotgan Dashrat tinim bilmay mehnat qilib, alamini ishdan oldi. U qishloqdoshlarining baxtli kelajagini o`ylab, bu ishni amalga oshirishdan to`xtamadi. Erkak har kuni g`ira-shira tongda chiqib ketib, uyiga yarim kechasi zo`rg`a sudralib, qaytardi.

Bu ish 2007 yil, to u vafot etgunga qadar davom etib, 22 yil mobaynida hayoti mazmuniga, kundalik odatiga aylandi. Hamqishloqlari uning bolg`a ko`targancha, shunday ulkan tog` bilan kurashayotganini ko`rib, aqldan ozganga, telbaga chiqarib qo`yishdi.

Ammo Dashrat vafot etgandan keyin u shuncha yil mobaynida nima uchun tog`ning o`rtasidan yo`l ochishga harakat qilganini tushunib etishdi.







