1

​Shavkat Mirziyoev “Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasini tashkil etish to`g`risida” farmon imzoladi

Jamiyat 01.04.2017, 12:06
Teglar: Prezident farmoni, Shavkat Mirziyoev
​Shavkat Mirziyoev “Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasini tashkil etish to`g`risida” farmon imzoladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasini tashkil etish to`g`risida” farmon imzoladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O`zbekiston Respublikasining investisiya salohiyatini to`liq ro`yobga chiqarish, investisiya muhitini yanada takomillashtirish, yillik investisiya dasturlarini sifatli ishlab chiqish, xorijiy investisiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya institutlari, etakchi chet el kompaniyalari va bank tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, jalb etiladigan chet el investisiyalari samaradorligini oshirish maqsadida:

1. O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uning hududiy bo`limlari tashkil etilsin.

Belgilab qo`yilsinki, O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi yagona davlat investisiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda xorijiy investisiyalarni jalb etish uchun mas`ul vakolatli davlat organi hisoblanadi.

2. Quyidagilar O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasining asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib belgilansin:

mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga investisiyalar kiritish hajmini kengaytirishni rag`batlantirish, respublikada investisiya muhitini yanada takomillashtirish, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlashga yo`naltirilgan yagona davlat investisiya, jumladan, xorijiy investisiyalar jalb qilish siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;

xorijiy investisiyalarni jalb qilish va O`zbekiston Respublikasi hududida investisiya faoliyatini kengaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish sohasidagi me`yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;

O`zbekiston Respublikasining yillik Investisiya dasturlari va hududiy investisiya dasturlarini, jumladan, xorijiy investisiyalar ishtirokidagi loyihalarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va monitoring qilishda ishtirok etish, xorijiy investisiyalar, kreditlar va moliyaviy-texnik ko`maklashishga qaratilgan mablag`larni jalb etish uchun investisiya takliflari bo`yicha yagona bazasini yuritish;

O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, chet el banklari, jamg`armalari, agentliklari, kompaniyalari va boshqa xalqaro huquq sub`ektlari bilan investisiya sohasidagi hamkorligini o`zaro manfaatli asosda rivojlantirish va hamkorlik yo`nalishlarini diversifikasiya qilish bo`yicha takliflar ishlab chiqish;

xorijiy investisiyalar jalb etish bo`yicha asosiy yo`nalishlarni belgilash va amalga oshirish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va chet el investorlari bilan investisiya sohasidagi hamkorlikni amalga oshirishda O`zbekiston Respublikasining davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar bo`yicha maslahatchilari, xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakillarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya institutlari, etakchi xorijiy kompaniya va bank tuzilmalari bilan investisiya sohasidagi hamkorlik masalalari bo`yicha xalqaro shartnomalarini o`rnatilgan tartibda tayyorlash, kelishish va imzolashda ishtirok etish;

tarmoq investisiya dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi kompleks dasturlar, ishlab chiqarish, transport-kommunikasiya va ijtimoiy sohalardagi infratuzilmalarni rivojlantirish dasturlari bilan bog`liq investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investisiyalar, avvalambor to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar, kreditlar va moliyaviy-texnik ko`maklashishga qaratilgan mablag`larni jalb etish;

investisiya loyihalarining amalga oshirilishini tizimli nazorat qilish, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyatini, shuningdek, investorlar tomonidan investisiya majburiyatlari qanday bajarilayotganini tahlil qilish, xorijiy investisiyalar ishtirokidagi investisiya loyihalarining o`z vaqtida va samarali amalga oshirilishiga to`sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo`yicha tezkor choralar ko`rish asosida mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilayotgan xorijiy investisiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish;

xalqaro tashkilotlar va xorijiy hukumatlar moliya institutlarining jalb etiladigan kredit resurslari va texnik ko`maklashishga qaratilgan mablag`lar (grantlar), O`zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi mablag`lari, O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari mablag`lari hisobidan yo`naltiriladigan markazlashtirilgan investisiyalardan samarali foydalanish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

mamlakatimizning iqtisodiy va investisiya salohiyati to`g`risida xorijiy investorlarni keng xabardor qilish uchun O`zbekiston Respublikasida va chet ellarda xalqaro konferensiyalar, seminarlar, investisiya forumlari o`tkazilishini tashkil etish;

iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallarni xarid qilish uchun tender (tanlov) savdolari o`tkazish va ularning yakunlari bo`yicha g`oliblarni aniqlashda ishtirok etish, ishlab chiqarish samaradorligi, mahsulot sifati va raqobatdoshligi, energiya va resurs tejamkorligi bo`yicha zamonaviy talablarga, ekologik standartlarga javob beradigan ilg`or texnologiya hamda uskunalar bo`yicha jahon bozoridagi vaziyatning chuqur tahlilidan, taklif etilgan narxlarning dunyo bozoridagi o`rtacha baho va yuzaga kelgan bozor kon`yunkturasiga mos kelishi, shuningdek, tayyor holda topshiriladigan loyihalar qiymati taklif etiladigan texnologiyaga qanchalik muvofiq ekanidan kelib chiqqan holda, tender hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o`tkazish va tender takliflarini baholashda qatnashish, zarurat tug`ilganda, o`tkazilgan tender (tanlov) savdolari natijalarini rad etish, tender natijalariga ko`ra tuzilgan import shartnomalarini bekor qilish bo`yicha takliflar kiritish;

investisiya loyihalarini amalga oshirish doirasida sotib olinadigan uskunalar, texnika va texnologiyalar, butlovchi buyumlarning narx ko`rsatkichlari, shuningdek, tayyor holda topshiriladigan loyihalarning qiymat ko`rsatkichlariga doir import shartnomalarini tizimli asosda puxta ekspertizadan o`tkazish;

mamlakatimiz loyiha institutlari va tashkilotlarining investisiya loyihalari, avvalo xorijiy investisiyalar ishtirokidagi investisiya loyihalari bo`yicha loyihadan oldingi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish.

3. Belgilab qo`yilsinki:

O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasining o`z vakolatlari doirasida qabul qilingan va me`yoriy-huquqiy xususiyatga ega bo`lgan qarorlari davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat`i nazar, xo`jalik sub`ektlari tomonidan bajarilishi shart.

O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari A.J.Ramatov rahbarlik qiladigan Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.

4. Belgilansinki:

O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar bo`yicha maslahatchilari va xalqaro hamda xorijiy moliya institutlaridagi doimiy vakili lavozimi O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi nomenklaturasiga kiradi;

savdo-iqtisodiy masalalar bo`yicha maslahatchilar o`z faoliyati yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasiga hisobot beradi;

O`zbekiston Respublikasining savdo-iqtisodiy masalalar bo`yicha maslahatchilari, xalqaro va xorijiy moliya institutlaridagi doimiy vakillari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi raisining buyrug`iga asosan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonlari O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasiga iqtisodiyotning tayanch tarmoqlari va infratuzilmani rivojlantirishga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar hamda ilg`or texnologiyalarni, ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun texnik ko`maklashish mablag`lari (grantlar) va imtiyozli kreditlarni jalb etish bo`yicha bajarilgan ishlar to`g`risida tahliliy materiallar, hisobotlarni, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan investisiya sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirishga doir takliflarni har chorakda muntazam taqdim etib borishi shart.

5. O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligining chet el kompaniya va tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditasiyadan o`tkazish vazifasi O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasiga o`tkazilsin.

6. Shunday tartib o`rnatilsinki, unga ko`ra, 2017 yilning 1 iyunidan boshlab O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi zimmasiga investisiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar etkazib berish, shuningdek, bitta shartnoma bo`yicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ortiq hajmdagi ishlar (xizmatlar)ning bajarilishi yuzasidan tender (tanlov) savdolari natijalarini muvofiqlashtirish, ekspertizadan o`tkazish, kelishish hamda ularga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari quyidagilarni nazarda tutgan holda yuklatilsin:

O`zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb etilgan kreditlar (qarz mablag`lari) hisobidan moliyalashtiriladigan;

O`zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi mablag`lari hisobidan birgalikda moliyalashtiriladigan;

ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ziyod bo`lgan xo`jalik sub`ektlari tomonidan xorijiy investisiyalar (kreditlar) hisobidan tayyor holda topshiriladigan loyihalar bo`yicha xarid qilinadigan loyihalar.

7. O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, «O`zbekekspertiza» aksiyadorlik jamiyatining quyidagi vazifalari O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasiga o`tkazilsin:

bitta shartnoma bo`yicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ziyod bo`lgan investisiya loyihalari, jumladan, tayyor holda topshiriladigan loyihalarni amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan uskunalar, texnika va texnologiyalar, butlovchi buyumlarning narx ko`rsatkichlariga doir import shartnomalarini ekspertizadan o`tkazish;

investisiya loyihalarini amalga oshirish doirasida tender natijalari bo`yicha tuzilgan import shartnomalarini buyurtmachi bank kafolatini olganini tasdiqlaganidan keyin amaldagi qonunchilikka muvofiq ro`yxatdan o`tkazish.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 21 noyabrdagi «Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 456-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar xarid qilish bo`yicha tender savdolari o`tkazish to`g`risidagi nizomning 55- va 62-bandlariga tegishli o`zgartishlar kiritilsin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 martdagi «Investisiya loyihalarining loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqish sifatini oshirish to`g`risida»gi PQ-2836-sonli qarorining 6-bandi o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblansin.

8. O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasiga xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar ishtirokidagi investisiya loyihalari doirasida tashkil etilgan va amalga oshirilayotgan loyihalarni joriy etuvchi guruhlar xodimlari, shuningdek, investisiya loyihalari tashabbuskori bo`lgan vazirlik, idora va xo`jalik birlashmalari mutaxassislarini tender hujjatlarini tayyorlash, kelib tushadigan tender takliflarini baholash jarayonlariga jalb qilish hamda ularni kelishgan holda tender komissiyalari tarkibiga kiritish huquqi berilsin.

9. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tegishli iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari doirasida Tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish bo`yicha idoralararo tender komissiyasi tarkibini qayta tasdiqlasin va unga O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi rahbarlarini idoralararo tender komissiyalari raislarining o`rinbosarlari sifatida albatta kiritsin hamda Idoralararo tender komissiyasi to`g`risidagi nizomni tubdan qayta ko`rib chiqsin.

10. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi bilan hamkorlikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga investisiya loyihalarini amalga oshirish doirasida tender (tanlov) savdolari o`tkazish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga doir takliflar kiritsin.

11. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o`n kun muddatda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida»gi qarori loyihasini o`rnatilgan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etsin.

12. O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A.Golishev zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri, 2017 yil 31 mart

Sharhlar

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoevga turkman xalqi alohida qadrlaydigan alabay zotli kuchuk sovg`a qildi

21.10.2022, 13:45

Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Prexident matbuot xizmati. Davlatimiz rahbari...
"Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va u erda tinch hayotni tiklash muhim". Shavkat Mirziyoev Ostonadagi sammitda nutq so`zladi

13.10.2022, 11:20

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahrida bo`lib o`tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash VI sammitida nutq so`zladi. O`zbekiston rahbari Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va...
Shavkat Mirziyoev Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykalini ochib berdi (foto)

29.08.2022, 11:46

Avval xabar qilganimizdek, Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev Urganch shahrida buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xorazm viloyatiga...
Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai Munavvara ziyoratidan boshladi (video)

17.08.2022, 16:42

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan ushbu mamlakatga borgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai munavvara ziyoratidan boshladi. O`zbekiston rahbari Madina...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1