Chexiyaning Shvesariya va Lixtensheyndagi elchisi rafiqasining tvitlari tufayli lavozimidan chetlashtirildi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Karel Boruvka sababi ko`rsatilmagan holda ishdan bo`shatilgani haqidagi xabarnomani oldi. Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, uning lavozimidan ozod etilishiga rafiqasi Alyonaning ijtimoiy tarmoqlarda faolligi sabab bo`lgan.
Chexiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari unga “Siz rafiqangizni jim o`tirishga majbur qilolmadingiz!”, deb ta`na qildi. Haqiqatan ham elchining rafiqasi ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda siyosatchilarni, jurnalistlarni, shu bilan birga erining hamkasblarini tanqid qilib kelgan. Bu narsa Pragadagilarning g`azablanishiga sabab bo`ldi. Diplomatning o`zi esa buni oddiy hol deb qabul qilib, ishdan bo`shatishga arziydigan sabab emas, deb hisobladi. U rafiqasi tashqi ishlar vazirligi xodimi emasligini, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy fikrini bildirishga haqqi borligini, buning evaziga u lavozimidan ayrilishini nohaqlik, deb qabul qildi. Elchi aprel oyining oxiriga qadar ish joyidan ketishi lozimligi belgilandi.