2017 yilning 1 aprel kuni shahar hokimligida joriy yilning 31 mart Toshkent shahar hokimi tomonidan imzolangan “Toshkent shahrining tumanlari hududida “Zamonaviy mahalla” markazlari namunaviy loyihasini joriy qilish to`g`risida”gi 333-sonli qaror mazmun-mohiyatini aholiga, xususan tadbirkorlik sub`ektlariga etkazish maqsadida brifing tashkil etildi.
Qaror O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-4944-sonli Farmoni, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 martdagi selektor yig`ilishidagi topshiriqlar ijrosi hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 17 sentyabrdagi 73-sonli bayonnomasi ijrosini ta`minlash, Toshkent shahar tumanlari hududlarida milliy urf odatga mos “Zamonaviy mahalla” namunaviy loyihasi (Yunusobod tumanidagi “Uvaysiy” mahallasi misolida) asosida, mahallalar hududida ta`mirlash, obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, zamonaviy mahallalarni tashkil etish orqali o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan.
Unga ko`ra, tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan Toshkent shahridagi barcha mahallalarda “Zamonaviy mahalla” namunaviy loyiha asosida mahalla oqsoqoli, maslahatchilari, profilaktika inspektori uchun xonalar, qariyalar uchun dam olish xonasi, kutubxona, kommunal to`lovlarni qabul qilish shahobchasi, barcha sharoitlari mavjud o`rindiqlar, soyabonlar, bolalar maydonchasi hamda dam olish maydonlari, engil konstruksiyalardan iborat yoshlar uchun sport inshootlari, kichik arxitektura shakllari va favvoralar, tungi yoritgich moslamalaridan tashkil topgan mahalla markazi (keyingi o`rinlarda matnda – “mahalla markazi” deb yuritiladi), shuningdek go`zallik saloni, savdo shahobchasi, nonvoyxona, poyabzal ta`mirlash ustaxonasi, maishiy texnikalar ta`mirlash ustaxonasi, kichik xajmdagi kiyim-bosh ta`mirlash atelesi, kichik va o`rta biznes (hudud ekologiyasi, jamoat tartibi, fuqarolar hafsizligi va tinchligiga ta`sir etmaydigan) faoliyati uchun, kichik o`quv va sport markazidan tashkil topgan savdo va maishiy shahobchalarini (keyingi o`rinlarda matnda - “savdo va maishiy shahobchalar” deb yuritiladi) tashkil etishga ruxsat beriladi.
Mahalla markazi hamda savdo va maishiy shahobchalar tashkil etish, mahalla fuqarolar yig`ini raislari va tuman hokimliklari tomonidan tavsiya etilgan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur qarorda qayd etilgan savdo va maishiy shahobchalar kapital qurilmalarining qurilish ishlari yakunlanganidan hamda foydalanishga qabul qilingandan so`ng, faoliyat turini o`zgartirmaslik (savdo va maishiy shahobchalarni qayta ixtisoslashtirmaslik) sharti bilan o`rnatilgan tartibda tadbirkorlik sub`ektiga mulk huquqi e`tirof etiladi.
Joylarda tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan qurilgan mahalla markazlariga mulk huquqi e`tirof etilmaydi.
Tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan “Zamonaviy mahalla” namunaviy loyihasi bo`yicha barpo etilgan mahalla markazlari inshootlari “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo`limlariga beg`araz foydalanish uchun topshiriladi.
Shu o`rinda ta`kidlash joizki, “Zamonaviy mahalla” namunaviy loyihasi asosida tashkil etilgan, mahalla markazi hamda savdo va maishiy shahobchalarini qurish ixtiyorini bildirgan tadbikorlik sub`ektlarining murojaat va loyihalari e`tibor bilan o`rganilib, ularga er maydonini ajratish bo`yicha tuman hokimliklari, Savdo-sanoat palatasi shahar boshqarmasi, Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar bo`limi tomonidan shahar hokimligiga asoslangan taklif kiritiladi. Ushbu loyihani amalga oshirishda ixtiyor bildirgan tadbirkorlik sub`ektlariga imtiyozli kredit beriladi.