​Ziyoda farzandlarini kimga ishonib topshirishi va Rayhonning mehribonligi haqida(Eksklyuziv)

Shou-biznes 03.04.2017, 10:55
Teglar: Xonanda, Farzand, Shou-biznes, Oila, Er-xotin
​Ziyoda farzandlarini kimga ishonib topshirishi va Rayhonning mehribonligi haqida(Eksklyuziv)

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ziyoda Qobulova “Darakchi” gazetasining “Uchrashuv” rukni mehmoni bo`ldi.

— Yana bir bora onalik baxtiga erishganingiz bilan tabriklaymiz. Farzandlaringizning kamolini ko`ring!

— Rahmat, aytganingiz kelsin! Bir insonni dunyoga keltirish bu tengi yo`q quvonch va baxt! Ayniqsa, uning ilk kunlari, hayotga moslashishini kuzatish juda zavqli. Bolaning qorni dam bo`lishi-yu, kecha va kunduzni almashtirib biroz qiynalishini inobatga olmaganda, shukr, hammasi yaxshi. Ayol har gal ona bo`lganda, o`z onasining qadriga yanada ko`proq etib boraverar ekan. Yildan yilga men ham onamni yanada yaxshiroq tushunib boryapman. O`g`lim, akasi Komronbek bilan hayotda doim do`st-inoq, bir-biriga mehribon bo`lib yashashini niyat qilib, unga Imronbek deb ism qo`ydik.


— Farzandning fe`l-atvori ilk kunlaridanoq bilinadi deyishadi...

— Shu gapda jon bor. Katta o`g`limda o`zim ham rosa injiq bo`lib qolgandim. Ikkinchisida esa, to`g`ri kelgan ovqatni eb, bemalol ishlab yuraveribman. Imronbek hali juda kichkina bo`lsa ham, og`ir- bosiq va juda sezgir.


— Katta o`g`lingiz, ukasini qanday kutib oldi?

— Har doim bog`chaga ketishdan avval “Qachon ukam keladi?” deyaverardi. Bir kuni bog`chaga ketayotib, meni ko`tarib oling deb qoldi. Unga “Hozir ko`tarolmayman. Ukang bor” desam. “Ukam qachon keladi o`zi?” deb so`roqqa tutdi. Imronni hammadan ko`ra u ko`proq kutdi (kuladi). Kecha yonimga kelib, “Oyi, endi bog`chaga meni o`zingiz ko`tarib olib borasiz-a?” deydi. Bu gapiga hammamiz kulib yubordik. Hozircha ukasidan meni qizg`anganini sezganim yo`q. Ilohim, doim shunday bo`lsin.

— Ikkita bolaga ikki xil parvarish, ko`proq e`tibor kerak bo`ladi. Ijod, oila, bolalar tarbiyasi... Hammasiga qanday ulgurmoqchisiz?

— Opa-singillarim baraka topishsin. Har bir ishda menga ko`makdosh bo`lib, doim yonimda turishadi. Opam Munisani Komronning ikkinchi onasi deyman. Men ishda bo`lganimda doim o`g`limning yonida bo`ladi. Bir-birlariga o`rganib qolishgan, uzoqroqqa ketadigan bo`lsam ham, ulardan ko`nglim to`q. Imronbekni ham opamga ishonib topshirish niyatidaman. Kasbi — hamshira, shuning uchunmi bolalarni mendan yaxshiroq tushunadi, yaxshiroq qaraydi.


— Homiladorlik davringiz ish bilan o`tdi. Yangi qo`shiqlar, kliplar va hatto konsert dasturlarida chiqishlar qildingiz...

— Yangiliklar bilan muxlislarimni zeriktirmaslikka harakat qildim. Doim harakatda bo`lgim, ijodda sira tanaffus qilgim kelmadi. Ochig`i, uyda bekorchi bo`lib o`tirishni juda yomon ko`raman. Shuning uchun ham turmush o`rtog`im va ma`murimning yordami bilan tinimsiz ishladim.

— Balki shou biznesdagi reytingni ham o`ylagandirsiz...

— Bu gapingiz ham to`g`ri! Hozir raqobat kuchli. Bugungi shou biznes qozonida “shaqillab” qaynab turmasangiz bo`lmaydi. Jim tursak, yutqazamiz.

— Endi qachon ishga qaytmoqchisiz?

— Albatta, qirq kun bolam bilan uyda bo`laman, chilla saqlayman. So`ng sekin-asta yana ijodga sho`ng`ish niyatidamiz. Lekin tinglovchilar mening kichik tanaffusimni sezishmaydi deb o`ylayman. Chunki oldindan suratga olingan kliplar efirga uzatilib turadi.


— Yaqinda Rayhon G`anievaning konsertida birga duet kuyladingiz. Hamkorlik taklifi kimdan chiqdi?

— Duet haqida gapirishdan oldin Rayhon opa haqida ikki og`iz so`z aytsam — u hamkasblarim ichida men hurmat qiladigan, havas bilan qaraydigan insonlardan biri. Juda mehribon, ochiqko`ngil va muloyim. Birinchi farzandimga homilador paytimda Navro`z bayrami repetisiyasida uchrashib qolganmiz. Mening holatimni ko`rib, o`tirgan o`rnidan turib shu zahoti joy bergan, o`shanda ob-havo biroz sovuq edi. Engil kiyinganimni ko`rib, ust kiyimini ham echib bergan. Pidjak menga kichkina bo`lgani uchun kiya olmasamda, ustimga yopib qo`ygandi. Ularning iltifotidan, mehribonligidan juda ta`sirlanganman. Hamkasbiga shunchalik mehribon ayol uydagilariga qanchalik e`tiborli ekanini anglab olish qiyinmas. Duetga keladigan bo`lsak, qo`shiqni Rayhon opaning taklifi bilan kuyladik. Tadbirlarning birida uchrashib qolganimizda, “Ziyoda, men bilan duet kuylashga nima deysiz?” dedilar. Men bajonidil qabul qildim. Hamkorligimiz aynan konsert oldi boshlandi. Menimcha qo`shiq yomon chiqmadi. Lekin xolis bahoni baribir muxlislarning o`zidan kutamiz.

— So`nggi paytlarda qo`shiqlaringizning mavzusi juda rang-barang. Oiladagi samimiyat, mehr-muhabbat haqida ko`proq kuylayapsiz...

— Agar siz, tinglovchilar buni shunday baholagan bo`lsangiz, demak o`z maqsadimga erishibman. Nazarimda, har bir xonanda uchun bu e`tirofni eshitish yoqimli. Qo`shiqlarim mualliflari — Bahodir Nizomov, Umid Obidov va Furqat Bobojonov bilan hamkorligimiz o`zimga ham ma`qul bo`lyapti. Ular taklif qilgan mavzuda, ba`zida esa o`zimdan kelib chiqib, mavzu tanlab kuylayapman. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda juda ko`plar “Jim-jim” qo`shig`imning tarixi bilan qiziqdi. Fursatdan foydalanib, u savollarga ham javob berib o`tmoqchiman. Bu qo`shiq shaxsiy hayotimga taalluqli emas. Qo`shiq va klip orqali ba`zi oilalarda uchrab turadigan xiyonatni ko`rsatishga harakat qildim, xolos.


— Ijodingizni boshlaganingizda mumtoz qo`shiqlarni ham kuylagandingiz. Lekin so`nggi yillardagi negadir faqat estrada yo`nalishi bilan cheklanib qolyapsiz.

— Meni qiynayotgan mavzulardan biriga to`xtaldingiz-ku. O`zim ham shu narsani o`ylab yuribman. So`nggi paytlarda sharoitim tufayli engil janr bilan cheklanayotgan edim. Ammo shu yil albatta, mumtoz asarlarga ham murojaat etishni rejalashtirganman.

— Ovoz imkoniyatlaringiz keng, mahoratingiz etarli. O`zbek san`ati bilan xorijga chiqishni hech o`ylab ko`rmaganmidingiz?

— Bu haqida o`ylamagan ijodkor bo`lmaydi, aslida. Ammo hamma o`z shart-sharoitidan kelib chiqadi. 2017-2018 yilda chet davlatlarda konsert berish uchun muzokaralar olib borilyapti. Qaysi davlatlar ekanini esa hozircha ma`lum qila olmayman. Lekin xorijda ishlash haqida jiddiy o`ylamaganman. Hozircha, bugungi holatimdan ko`nglim to`q.


— Singlingiz xonandalikda o`zini sinab ko`rayotganini eshitgandik...

— Uning ovozi yaxshi. Qo`shiq kuylash qo`lidan keladi. Lekin dadam “Bir oiladan bitta san`atkor chiqsa, shuning o`zi etadi” deb bu sohada ishlashiga ruxsat bermadi. Kelajakda agar dadam bilan kelishib olsa, balki yana xonandalikni davom ettirar, yana kim biladi deysiz...

— Yakkaxon konsert dasturingizni taqdim etmaganingizga ham ikki yil bo`ldi...

— Menimcha, ikki yil konsert bermaslik uchun uzoq muddat emas. Bundan tashqari, bizlar uchun vaqt ajratib konsertga kelganlarni esda qolarli dastur bilan kutib olishimiz shart. Yangi qo`shiq, kliplar ustida ishlashni yaxshi ko`rsam ham, konsert berishga ko`p shoshilmayman. Chunki muxlislar xonanda bilan sog`inib-sog`inib uchrashishi kerak. Nasib qilsa, 2017 yilli oxirigacha muxlislarim bilan uchrashish niyatim bor.


— Vaqtingiz tig`izligiga qaramay suhbatga rozi bo`lganingiz uchun rahmat! Xonadoningizga kelgan yangi mehmonning qadami qutlug` kelsin! Kuch va g`ayratingiz esa hech qachon so`nmasin.

— Sizlarga ham rahmat. Yaxshi kunlarimizda yonimizda bo`lganingizdan xursandmiz.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Farg`onada bolalarni majburan onaga olib berish ijrosi kutilmagan tus oldi

13.12.2019, 19:35

Majburiy ijro byurosi organlarida davlat ijrochilari turli xil qizg`in voqealarga guvoh ham bo`lib qolishadi. Xususan, fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining 2019 yil 17 sentyabrdagi ijro...
Mashhur xonanda 61 yoshida vafot etdi

10.12.2019, 20:06

 Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1