AsosiyJamiyat

​O`zbekiston san`ati rivojiga hissa qo`shgan 11 nafar madaniyat xodimiga yangi uylarning kaliti topshirildi (Foto)

'​O`zbekiston san`ati rivojiga hissa qo`shgan 11 nafar madaniyat xodimiga yangi uylarning kaliti topshirildi (Foto)'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tizim tashkilotlaridagi bir guruh xodimlari oilalariga mo`ljallangan 11 xonadonning kalitlari o`z egalariga topshirildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.


O`zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi, O`zbekiston Respublikasining "Davlat uy-joy fondini hususiylashtirish to`g`risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 27 yanvardagi "Xizmat turar joylari berish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 24-son qaroriga asosan hamda Madaniyat vazirligi markaziy apparati va tasarrufdagi korxona, tashkilot, muassasalarda faoliyat olib borayotgan xodimlarga xizmat turar joylarini berish to`g`risidagi buyrug`iga asosan Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatri hamda O`zbekiston Badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi xodimlariga Yunusobod tumanining 17-mavzesidan birdan to`rt xonagacha bo`lgan bepul turar uy-joylar ajratildi.


Yangi uylarga ega bo`lganlar: Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatridan – dirijyor Bobomurod Xudoyqulov, balet artistlari Ulug`bek Olimov, Zamir Fazlutov, Nodira Hamroeva, direktor o`rinbosari Oybek Bahodirov, opera solistlari Rustam Alimardonov, Nosir Yusupov, Ma`suma Boltaboeva, Shirin Mamatova, "Tumor” raqs ansambli bosh baletmeysteri Charos Jo`raboeva, O`zbekiston Badiiy jamoalari ijodiy birlashmasidan esa "Navro`z” ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Zarina Ahmedova.


Xizmat uylari taqdim etilishida, albatta, xodimlarning mehnat jamoalaridagi faoliyati, yashash sharoitlari, fuqarolar yig`ini, ish joylaridan taqdim etilgan tavsiyanomalar hamda boshqa barcha holatlar inobatga olingan. Misol uchun, B.Xudoyqulov yuqori malakali dirijyor, xorijiy davlatlarda o`z malakasini oshirgan, garchi katta maosh evaziga chet elda ishlash imkoni bo`lsada, o`z yurti san`ati rivoji yo`lida mehnat qilayotganligi, qolaversa, oilasi to`rt nafar ekanligi e`tiborga olingan. Balet artistlari U.Olimov, N.Hamroeva va Z.Fazlutov spektakllardagi obrazlarni yuqori texnikada ijro etish bilan birga, yuqori darajadagi davlat tadbirlarida ham faol ishtirok etishmoqda. N.Yusupov va Sh.Mamatova kabi yosh ijodkorlar ko`plab mamlakat va xorijiy miqyosdagi tanlovlarda yuqori natijalarga erishib, yurtimiz opera san`atining rivojiga munosib hissalarini qo`shishmoqda.


- Asli Surxondaryoning Qiziriq tumanidanman. O`zbekiston Davlat konservatoriyasida o`yib, teatrda ish boshlaganimga ham o`n yildan oshdi. Ijara uyda yashab, mehnat qilishning mashaqqatlarini his qildim. Uyga muxtojligimni e`tiborga olib, meni, turmush o`rtog`im va uch nafar farzandimni uy bilan ta`minlagani uchun tizimimiz mutasaddilariga, eng avvalo shunday sharoit yaratib berayotgan Hukumatimizga ko`pdan-ko`p minnatdorlik bildiraman - deydi yangi uyga ega bo`lgan Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatri opera solisti Rustam Alimardonov.


- Bunga javoban yanada fidoyilik bilan xizmat qilib, Vatanimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi yo`lida bor kuch-g`ayratimizni ishga solamiz.




Boshqa yangiliklar