AsosiyJamiyat

​Poytaxtda xalqaro press-klub ish boshladi

'​Poytaxtda xalqaro press-klub ish boshladi'ning rasmi

Poytaxtimizda mamlakatimizda birinchi bor tashkil etilgan Xalqaro press-klubning taqdimot marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Tadbirda parlament a`zolari, vazirlik va idoralar, nodavlat va jamoat tashkilotlari rahbar va mutaxassislari, olimlar, mamlakatimizdagi xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Rasmiy marosimdan avval Xalqaro press-klub Jamoatchilik kengashining birinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda Xalqaro press-klub raisini saylash, tashkilot ramzini tasdiqlash va boshqa masalalar muhokama qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o`rinbosari, Xalqaro press-klub Jamoatchilik kengashi raisi S.Safoev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan mamlakatimizda islohotlar samaradorligini oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg`un, jadal rivojlantirish, barcha sohani modernizasiya qilish va erkinlashtirish, xalq bilan muloqotni izchil yo`lga qo`yishga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. Ushbu press-klub O`zbekistonda ro`y berayotgan voqea-hodisalar, islohotlar ko`lamini tezkor va sifatli yoritishda interfaol maydonga aylanib, ijtimoiy muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Xalqaro press-klub nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tashkil etildi. Mamlakatimiz axborot makonini yanada rivojlantirish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotimizda bo`layotgan o`zgarishlar haqida ob`ektiv ma`lumotlarni xalqaro jamoatchilikka keng etkazishni maqsad qilib qo`yganmiz. Ushbu media maydonda davlat boshqaruvi organlari, ekspertlik jamiyatlari vakillari, xorijlik va mahalliy mutaxassislar bilan ommaviy axborot vositalari ishtirokida ochiq muloqotlar, uchrashuvlar tashkil etish mo`ljallanmoqda. Bu davlat hokimiyatining ochiqligini, o`zaro cheklovlar va muvozanat tizimi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ustidan jamoatchilik nazoratini mustahkamlashga xizmat qiladi”,— deydi Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo`jaev.

Xalqaro press-klubda Xalq qabulxonalari faoliyati natijalari, O`zbekiston ichki va tashqi siyosati, inson huquqlari himoyasi, Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi, yangidan qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarining muhokamasiga bag`ishlangan yangi formatdagi tok-shou, bahs-munozaralar, matbuot anjumanlari tashkil qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, yosh jurnalistlar uchun mahorat darslari, treninglar, mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy delegasiyalar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va rasmiy doira vakillari ishtirokida media uchrashuvlar o`tkazish ko`zda tutilgan.

Press-klubning yana bir jihati, mansabdor shaxslarning hisobotlarini tinglash emas, balki ishtirokchilar interfaol maydonda ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va jurnalistlarning takliflari bilan tanishish, o`zaro fikr almashish imkoniga ega bo`ladi.

Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar