Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 4 apreldagi «O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 31 maydagi “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi» qaroriga o`zgartishlar kiritish haqida»gi qarori imzolandi.
Unga ko`ra, 2017/2018 o`quv yilidan boshlab mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tab, harbiy qism qo`mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo`lgan abiturientlar oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirishda 50 foizlik imtiyozga ega bo`ladi, deb yozadi O`zA.
Muddatli harbiy xizmatdan qaytganlarga imtiyoz yildan-yilga takomillashib bormoqda. Chunonchi, 2005 yildan boshlab muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan fuqarolar uchun mamlakatimiz oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirishda test sinovlarida to`planadigan eng ko`p ballning 25 foizi miqdorida qo`shimcha ball shaklidagi imtiyoz taqdim etilgan bo`lsa, 2012 yildan e`tiboran bu ko`rsatkich 27 foiz etib belgilandi.
Yangi o`quv yilidan boshlab harbiy qism qo`mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo`lgan fuqarolarga mamlakatimizdagi barcha oliy ta`lim muassasalariga kirishda test imtihonlarida to`plagan ballining 50 foizi miqdorida qo`shimcha ball taqdim etiladi.
Shu bilan birga, Birinchi Prezidentimizning 2012 yil 31 maydagi “O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorining boshqa bandlari o`zgarishsiz qoldirildi.
Demak, agar abiturient mazkur imtiyozdan foydalangan holda tanlovdan o`ta olmasa, mamlakatimizning boshqa oliy o`quv yurtiga qabul qilish to`g`risida ariza topshirishi mumkin. Bunda abiturient tanlagan boshqa oliy o`quv yurtiga qabul qilish tasdiqlangan umumiy qabul kvotasi doirasida, imtiyozlar bo`yicha belgilangan qo`shimcha ballni hisobga olgan holda, fanlar bo`yicha topshirilgan test sinovlari fanlar to`plami (bloki) va abiturient tomonidan to`plangan ballarga muvofiq, Ta`lim yo`nalishlari bo`yicha davlat komissiyasining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Bunday arizalar test sinovlari tugagandan keyin 10 kun mobaynida Ta`lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha davlat komissiyasi tomonidan ko`rib chiqiladi.