Toshkent davlat yuridik universitetiga universitet bitiruvchilari uchun, o`quv rejalari va dasturlari uchun talablarni huquqni qo`llash amaliyotidan kelib chiqib mustaqil ravishda shakllantirish huquqi berildi. Endi TDYuU amalda o`quv jarayonini Oliy ta`lim vazirligidan mustaqil ravishda belgilay oladi. Bu Prezidentning 28 aprel kuni imzolagan Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid qarorida belgilangan, deb yozadi “Xushnudbek.uz”.
Ushbu qaror bilan yuridik ta`lim tizimida yana quyidagi o`zgarishlar amalga oshiriladi:
– TDYuUga pedagog xodimlarning o`quv yili uchun 1540 soatlik yuklama bajarishiga oid sovet davridan qolgan talablardan voz kechib, mustaqil ravishda universitet o`qituvchilariga faqat o`quv faoliyati bilan bog`liq mehnat vaziflarini yuklash mexanizmini ishlab chiqish huquqi berildi.
– universitet pedagog xodimlarini qo`shimcha rag`batlantirish tizimi joriy qilinadi. Bunga ko`ra, o`qituvchilarga 100 foizgacha bo`lgan miqdorda ustama joriy qilindi.
– semestr davomida nazariy fanlardan o`quv jarayonlari uchun mo`ljallangan 19 haftalik standart 14 haftagacha qisqartirildi. Tejab qolingan haftalar talabalarning mustaqil izlanishiga hamda imtihonlarga tayyorlanishiga ajratiladi;
– universitet o`quv jarayonlarida xuddi g`arb davlatlaridagi kabi kredit tizimi joriy etiladi;
– universitetda talabalar qabul kvotasi kontrakt hisobiga 600 ta etib belgilanadi (o`tgan yili 450 nafar edi). Buning ustiga universitetga ehtiyojdan kelib chiqib, qo`shimcha kontrakt kvotalari olish huquqi berildi. Ma`lumotlarga ko`ra, universitet yana 300 tagacha qo`shimcha kontrakt (xalq tilida “super kontrakt”) olishi mumkin;
– TDYuU xorijlik talabalarni xorij valyutasida to`lanadigan kontrakt evaziga test sinovlarisiz, shunchaki suhbat asosida qabul qilishi mumkin bo`ldi;
– Bundan buyon TDYuU rektorlari bir vaqtning o`zida Adliya vaziri o`rinbosari sifatida tayinlanadigan bo`ldi. Masalan, hozirgi rektor E.Kanyazov Prezidentning PQ-2933-sonli qarori bilan Adliya vaziri o`rinbosari – TDYuU rektori lavozimiga tayinlandi;
– 11 kishidan iborat TDYuU Vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi. Kengash raisi Bosh Prokuror I. Abdullaev, Kengash raisi o`rinbosari Adliya vaziri M. Ikromov tayinlandi. Shuningdek, Kengash tarkibiga Prezident Davlat maslahatchisi O. Murodov, Sudyalar Oliy kengashi raisi M. Usmonov, Konstitusiyaviy sud raisi B. Mirboboev, Oliy sud raisi Sh. G`oziev, Ichki ishlar vaziri A. Azizov, Oliy ta`lim vaziri R. Qosimov, Sudyalar assosiasiyasi raisining birinchi o`rinbosari U. Mingboev, Advokatlar palatasi raisi R. Ahmedov hamda Adliya vaziri o`rinbosari – TDYuU rektori E. Kanyazovlar kiritildi.