Yil oxirigacha respublikadagi 50 ta kinoteatr bir tarmoqqa ulanadi. Bu haqda Kinematografiyani rivojlantirish Markazi direktori Oybek Abdushukurov kuni kecha o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qildi.
U bugungi kunda birlashgan prokat tizimi mavjud emasligi yaratilayotgan filmlarning nimoyishlarini bir vaqtning o`zida respublikaning barcha hududlarida amalga oshirishning imkoni yo`qligini va buning oqibatida kinoga sarflangan harajatlar qoplanmayotganligi, kinostudiyalar zararga ishlayotganligi, bu esa kinoindustriya rivojiga to`sqinlik qilayotganligini qayd etdi.
Kinoprokat tizimini tashkil etish, bu borada ilg`or zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish, kinoprokatning istiqbolli yangi tarmoqlarini tashkil qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish Kinematografiyani rivojlantirish Markaziningasosiy yo`nalishlaridan biri sanaladi.
Endilikda Markaz O`zbekistonning barcha kinoteatr va kinozallarida kinonamoyishlarni tiklashni, buning uchun ularni yagona tarmoqqa birlashtirishni, bu orqali prokat tizimini joriy qilishni rejalashtirgan.
Markaz 10 maydan boshlab viloyatlarga chiqishni va kinoprokat borasida amalga oshiriladigan ishlar bo`yicha kelishuvlar amalga oshirishni va yangi kinokartinalarni bir vaqtning o`zida barcha xududlarda namoyish qilishni reja qilgan.
Ma`lumotlarga ko`ra, ayni damda respublikada 350 ta kinoteatr bor, biroq barcha premeralar hozircha faqat poytaxtning 1-2 kinoteatrlarida namoyish etiladi.
Yuqorida sanab o`tilgan maqsadlar amalga oshirilsa o`z-o`zidan prokat tushumi oshib, kinoijodkorlarning yangi kino yaratishga ko`proq mablag`i bo`lib, o`z-o`zidan sifatli mahsulot yuzaga kelishiga sabab bo`ladi.
Markaz yil ohirigacha 50 ta kinoteatrni tarmoqqa ulashni rejalashtirmoqda.
Ma`lumot o`rnida aytish joizki, bugungi kunda sohada 350 dan ziyod yuridik shaxs ishlab kelmoqda, 2004-2017 yillarda O`zbekistonda jami 475 ta badiiy film yaratildi.