“Kinematografiyani rivojlantirish markazi” ilk katta loyihasini amalga oshirdi.
Markaz tashabbusi bilan o`zbekistonlik yosh kinorejissyor Muxlisa Azizovaning filmida bosh rolni ijro etgan rossiyalik taniqli kino va teatr aktyori, rejissyor, “Brigada”, “Jmurki”, “Ostrov” kabi serial va filmlarda bosh qahramon obrazini yaratgan Dmitriy Dyujev 7 may kuni Toshkent shahriga uchib keldi. Poytaxtimizda mehmon bo`lgan aktyor o`sha kuni “Kinematografiyani rivojlantirish markazi"da bo`lib, markaz binosi va uning faoliyati bilan batafsil tanishdi.
Aktyor 8 may kuni soat 11:00 da O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti talabalari uchun master-klass o`tkazish, hamda “U” qisqa metrajli filmni premera qilish uchun O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutda mehmon bo`ldi. Ikki soatga yaqin talabalar bilan fikr almashdi, ularga o`zining aktyorlik mahorati va sirlaridan so`zlab berdi. Uchrashuv so`nggida talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.
Aktyor Toshkent shahridagi O`zbekiston davlat rus akademik drama teatrida “U” filmining keng jamoatchilik uchun mo`ljallangan taqdimotida ishtirok etdi, taqdimotdan so`ng Dyujev o`zining yakka ijrodagi “Evgeniy Onegin” monospektaklini taqdim qildi.
Taqdimot yig`ilganlar tomonidan juda iliq kutib olindi.
Aktyor o`zbek tomoshabinlariga iliq kutib olishgani uchun minatdorchilik bildirib, o`zbek xalqining mehmondo`stligi va san`atsevarligini alohida e`tirof etdi.
Eslatib o`tamiz, M.Azizovaning “U” nomli qisqa metrajli filmi shu yilning fevral oyida Toshkent shahrida suratga olinib, unda Ra`no Shodieva va Karim Mirxodiev kabi taniqli kinoaktyorlar qatori, Rossiyalik mashhur aktyor Dmitriy Dyujev ham suratga tushgan.
Mazkur film 70-Kann Xalqaro kinofestivaliga tavsiya qilinib, festivalning qisqa metrajli filmlar burchagida (Short Film Corner) ko`plab professional ijodkorlarning asarlari qatori namoyish qilinadigan bo`ldi. Mazkur ma`lumot Xalqaro kinofestivalning www.cannescourtmetraj.com saytida e`lon qilingan.