AsosiyJamiyat

​Namanganda bir kunda turmush qurgan 12 juft kelin-kuyovga Prezident sovg`asi topshirildi

'​Namanganda bir kunda turmush qurgan 12 juft kelin-kuyovga Prezident sovg`asi topshirildi'ning rasmi

Namangan viloyati Chust tumanidagi “Parizod” tantanalar majmuasida To`raqo`rg`on, Pop, Chust tumanlaridan 12 juft kelin-kuyovning nikoh to`yi tantanali nishonlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Prezident e`tibori – muruvvat tadbirlarida” shiori ostida o`tkazilgan tantanada Prezidentimiz rahnamoligida inson manfaatlarini himoya qilish, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish, ayniqsa, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamini moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan “Captiva” mashinalarida kelgan kelin-kuyovlarni majmua xiyobonida to`plangan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, yoshlar va oila qurayotganlarning ota-onalari, qavm-qarindoshlari karnay-surnay sadolari ostida kutib oldi.

Mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari ko`magida oila qurayotgan yoshlarga uy-joylarini ta`mirlash, tibbiy ko`rikdan o`tish va nikohni rasmiylashtirishda imtiyozlar berilayotganidan kelin-kuyovlar va ularning yaqinlari g`oyat mamnun.

“ O`g`lim Sunnatilla otadan etim qolganida 12 yoshda edi”, – deydi chustlik R.To`xtaeva. – Taqdir ekan, 4 bolani o`zim katta qildim. Qiynalgan vaqtlarimda qarindosh-urug`, mahalla-ko`y yordam berdi. Bugun Prezidentimizning g`amxo`rligidan, viloyatimiz rahbarlari, saxovatli homiylarning mehr-muruvvatidan bahramand bo`lib turibmiz. Birinchi o`g`limning to`yi bunday katta tantana bilan o`tishini orzu ham qilmagandim. Davlatimiz rahbaridan, hukumatimizdan, bu xayrli ishga bosh qo`shgan barcha saxovatli insonlardan bir umr minnatdorman”.

To`y marosimida kelin-kuyovlarga yangi oilaning hujjati – nikoh guvohnomasi, Prezidentimiz sovg`asi – mebellar to`plami va maishiy texnika jihozlari tantanali ravishda topshirildi.

To`yxona poytaxtdan kelgan taniqli san`atkorlar va yosh xonandalar ijrosidagi kuy-qo`shiqlar, raqslar bilan zavqu shavqqa to`ldi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so`zga chiqdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar