2000 yil 12 may – «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui ochilgan kun
«O`sha yillarda biz Yunusobod tumanining Oqtepasida yashar edik. Shaharga ketayotganimizda Oqtepadan Alvasti ko`prikkacha cho`zilgan Qoronko`l tepaliklaridan o`tardik. Hozirgi “Toshkentlend” bolalar istirohat bog`iga yaqin joylar jarlik bo`lib, 1928-1930 yillarda bu erda qatllar amalga oshirilgan.
Keyinchalik qatlgohlar odamlar ko`zidan panaroq joylarga ko`chirilgan... O`shanda Alvasti ko`prik orqasida, Qoronko`l tepaliklari tugaydigan erlarda yana bir qatl joyi paydo bo`ldi».
Bu – 84 yoshni qarshilagan taniqli adabiyotshunos, professor, O`zbekiston fan arbobi Sobir Mirvalievning xotiralaridan.
Bugun poytaxtimizning eng ko`rkam va go`zal manzillaridan biri – «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuiga ziyoratga kelgan har bir insonni, avvalo, bir savol qiziqtiradi: nima uchun bu yodgorlik majmui aynan shu joyda barpo qilingan?
Chunki qadimiy Bo`zsuv sohili ko`p-ko`p tarixiy voqealarga guvoh bo`lgan. Odamlar yuragida mudhish iz qoldirgan qatag`on yillarida bu ko`rimsiz jarlik – Alvasti ko`prik degan sovuq nom olgan. Inson qalbiga qo`rquv soladigan bu qarovsiz joyda xalqimizning minglab asl farzandlari, millat fidoyilari otilgan, bekafan, bejanoza, nom-nishonsiz ko`mib tashlangan. Ular orasida millatimiz iftixori bo`lgan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho`lpon singari yuzlab ulug` zotlar bo`lgan.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida 1999-2000 yillarda bu erda keng qamrovli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Mazkur hududda otib tashlangan qatag`on qurbonlari jasadlarining qoldiqlari qazib olinib, milliy qadriyatlarimizga mos e`zoz-ehtirom bilan qabristonlarga dafn qilindi.
2000 yil 12 may kuni «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui ochilish marosimida Birinchi Prezidentimizning «Ana shu aziz ajdodlarimizning arvohlari shuncha yillar davomida halovat va orom topmasdan, mana shunday kunlarni kutar edi. Biz ularning ushalmagan orzu-armonlari oldida, oradan shuncha vaqt o`tgan bo`lsa-da, hali-hanuz dil yarasi bitmagan, ko`z yoshlari tinmagan, o`sha ayriliqning dardu g`ami bilan yashab kelayotgan qavmu qarindoshlari, yaqinlari, zurriyotlari oldida, Yaratgan oldida bugun o`z insoniy burchimizni ado etmoqdamiz», degan so`zlari tarixiy adolat tiklangani ifodasi edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida bugun mamlakatimizda bu ezgu ishlar ko`lami yanada kengaymoqda: ulug` ajdodlarimiz mangu qo`nim topgan manzillarda keng qamrovli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, zamonaviy yodgorlik majmualari barpo etilayotir, milliy adabiyotimiz, xalqimiz tarixini o`rganish va keng targ`ib etishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Zotan, davlatimiz rahbari 2016 yil oktyabrda Toshkent shahrida «Ta`lim va ma`rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo`l» mavzuida o`tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida ta`kidlaganidek, «Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo`ladi».
Xiyobon markazidagi zangori gumbazni aynan sakkiz ustun ko`tarib turgani bejiz emas. Bu – milliy jipslik ramzi. So`ng gumbazga qaraymiz, o`qiymiz: «Vatan ozodligi yo`lida shahid ketganlar xotirasi mangu barhayotdir». Bu hikmat tarixning abadiy haqiqatidan saboq beradi – har qaysi inson hayoti Vatan ozodligi, xalq farovonligi yo`lidagi ezgu ishlar bilan mazmunlidir.
Yodgorlik markazida naqshinkor milliy bezaklar tortilgan o`ymakor qabr toshi qo`yilgan. Bu – Vatanimiz istiqloli, xalqimizning erkin, farovon va barqaror hayotini, bugungi nurafshon kunlarni orzu qilib, jon fido qilgan ajdodlarimizning ramziy qabridir.
“Shahidlar xotirasi” xiyobonidan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Ular orasida mamlakatimizning turli hududlaridan, dunyoning turli davlatlaridan kelgan insonlarni uchratish mumkin.
– Har gal Toshkentga kelsam, albatta, shu xiyobonni aylanaman, – deydi samarqandlik 63 yoshli Abdulla To`raev. – Mustaqillik tufayli adolat qaror topganini o`z ko`zimiz bilan ko`rdik. Bugun nevaralarimni olib keldim. Biz yoshi kattalar bugungi avlodlarga Vatanimiz ozodligi osonlikcha qo`lga kiritilmagani haqida bor haqiqatni aytib berishimiz kerak.
Xiyobonga sayyohlar bilan to`la avtobus kelib to`xtadi. Ayrimlarining egnida «O`zbekiston» yozuvi tushirilgan, tarixiy shaharlarimiz aks etgan liboslar. Kiron Sinh Hindiston poytaxti Dehli shahrida marketing sohasida ishlar ekan. U rafiqasi Hema Sinh bilan Vatanimizga ilk bora sayohatga kelgan.
– Hozirgina bizga bu xiyobon O`zbekiston ozodligi yo`lida shahid ketgan insonlar xotirasiga barpo qilinganini aytishdi, – deydi Kiron Sinh. – Hindiston xalqi ham mustaqillikka osonlikcha erishmagan, shuning uchun bu xiyobonning ruhi menga juda kuchli ta`sir qildi. Hindistonda ham bunday majmua bor, lekin bu erdagi go`zal manzara, obodlik, ozodalik va sarishtalik havasimizni uyg`otdi. Ulug` ajdodlari xotirasini qadrlagan xalq – buyuk xalq. Bunday yuksak insoniy fazilatlarni o`zida mujassam etgan avlodlar, shubhasiz, ulug` manzillarga etadi.
Ha, har yili eng ulug`, eng aziz bayramimiz arafasida bu maskanda el-yurtimiz ozodligi yo`lida jon fido qilgan bobolarimizni eslash, ularning muborak ruhlarini shod etish ezgu an`anaga aylangan. 1999 yili “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi tuzilgan bo`lsa, Birinchi Prezidentimizning 2001 yil 1 maydagi farmoni asosida 31 avgust Qatag`on qurbonlarini yod etish kuni sifatida belgilangan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 8 noyabrdagi qarori asosida majmua tarkibida «Qatag`on qurbonlari xotirasi» muzeyi tashkil etilgan. Bugun mingdan ortiq noyob eksponatlarni o`zida mujassam etgan muzey xalqimiz tarixining achchiq haqiqatlaridan so`zlamoqda.
...Muzeyning ilk zallari o`sha davrga hamohang xiraroq. Dastlab mustabid tuzum qatag`onlarining dahshatli ramzi bo`lgan avtomobilga ko`zingiz tushadi. Xalqimiz uni «Qora qarg`a», deb atagan. Chunki millat ziyolilari, hatto siyosatdan mutlaqo uzoq ming-minglab oddiy dehqonlar, hunarmand-kosiblar, ishchi-xizmatchilar ham shu mashinalarda hibsga olingan. Ular, odatda, uyiga qaytib kelmagan. «O`lim mashina»sining g`ildiraklari qon rangiga bo`yalgani ham buni teranroq ifoda etadi.
Muzeyda zamonaviy sensorli qurilmalarda tarixiy hujjatlar, kitoblar bilan tanishish, filmlar tomosha qilish mumkin.
Xira zallar bo`ylab yurarkanmiz, siyosiy qatag`onlar dahshati ko`z o`ngimizda namoyon bo`ladi: Munavvar qorining ko`zoynagi, Usmon Nosirning qamoqxonadan yozgan xati, Xudoybergan Devonov fotoapparatlari, Cho`lponning dutori, «paxta ishi», «o`zbeklar ishi» kabi tuhmat va bo`htonlarga qorilgan hujjatli materiallar...
Jurnalist va yozuvchi Nosir Saidning ikki suratiga qarayman: birida qosh-ko`zlari qora navqiron yigit, ikkinchisida soch-soqoli oppoq chol qarab turibdi.
– Bu suratning dastlabkisi 1939 yilda – u qamoqqa olingan payti olingan, keyingisi qamoqda tushirilgan, – deydi muzeyning voiz-ekskursovodi Erkin Rajapov. – Oradagi farq sakkiz yil, biroq u kamida qirq yilga qarib ketgan.
Muzeyning uchinchi zali nihoyatda yorug`ligi e`tiborni tortadi. Bu bo`lim mustaqillik yillarida tarixiy adolat tantanasi, qatag`on qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarimizni tiklash, asrab-avaylash va rivojlantirish yo`lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlardan so`zlaydi. Bu erda turli sohalarda mamlakatimizda erishilayotgan yutuqlarga boqarkanmiz, bir haqiqat ong-qalbimizda jarang sochadi: insonning ezgu amallari hech qachon unutilmaydi, o`zligini anglagan, tarixini bilgan xalqning kelajagi yorug`. Bu barchamizni mustaqilligimizni ko`z qorachig`iday asrash, mustahkamlash, el-yurt ravnaqi uchun yanada katta kuch-g`ayrat bilan ishlashga, yashashga undaydi.
“Shahidlar xotirasi” xiyobonidan qaytarkanmiz, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov 2000 yil 12 mayda «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui ochilish marosimida aytgan so`zlar ong-qalbimizda jarang sochganday bo`ladi: «Jafokash xalqimiz asrlar davomida ne-ne og`ir sinovlar, mashaqqatli kunlarni ko`rmadi. O`z ozodligi, erkinligi, tinch hayoti yo`lida kurashib, behisob qurbonlar bergan ota-bobolarimiz jasorati tarixiy xotiramizdan hech qachon o`chmaydi. Mana shunday bebaho va buyuk insoniy fazilatlarga ega bo`lgan, barcha xayrli ishlarga doimo tayyor, qalbida mehr-oqibat tuyg`usi hech qachon so`nmaydigan, ozodlik yo`lida jon bergan farzandlarining tabarruk nomlarini o`z xotirasida hamisha saqlab keladigan, bag`rikeng, vijdoni uyg`oq xalqimiz aslo kam bo`lmaydi».
Manba: O`zA.