“O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” xalqaro kongressi o`z ishida davom etmoqda.
Tadbirda 40 dan ortiq mamlakatdan 140 dan ortiq chet ellik olimlar, ekspert, diplomat va xalqaro tashkilotlarning vakillari, shuningdek 50 dan ortiq yurtimiz ilm-fani vakillari hamda 50 dan ortiq O`zbekiston va xorijiy OAV vakillari ishtirok etib loyiha haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashishmoqda.
Bahrom ABDUHALIMOV, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vise-prezidenti, tarix fanlari doktori:
— Kongressimiz «O`zbekistonning madaniy merosi dunyo to`plamlarida» keng qamrovli xalqaro loyihaning o`n jildi chop etilishiga mo`ljallandi. Bu loyihaning kamtarona nomi zamirida O`zbekistonning ko`p asrlik tarixi o`rin olgan. Ko`p asrlar davomida bizning ajdodlarimiz tomonidan O`zbekiston shaharlarida yaratilgan san`at buyumlari, hunarmandchilik namunalari, ayniqsa arxeologiya artefaktlari turli yo`llar bilan dunyoning boshqa mamlakatlariga borib qolgan. Hozirgi vaqtda ular dunyoning eng yaxshi kolleksiyalarida munosib o`rin egalladi. Ular tariximiz, mashhur san`atimizni butun dunyoga taqdim etishimizning o`ziga xos shakli bo`lib qoldi. Muhimi, bunday loyihalar ajdodlarimiz san`ati va mahorati uchun chin dildan iftixor tuyg`ularini uyg`otadi, o`z madaniyatimizga hurmatni shakllantiramiz, dunyo tamadduniga qo`shgan munosib ulushimizni teran his qilamiz.