Bugun Toshkentda "O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l" mavzuida Xalqaro kongressning ilk kuni nihoyasiga etmoqda.
Tadbirda 40 dan ortiq mamlakatdan 140 dan ortiq chet el olimlari, ekspert, diplomat, xalqaro tashkilotlarning vakillari, shuningdek 50 dan ortiq yurtimiz ilm-fani vakillari hamda 50 dan ortiq O`zbekiston va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi ma`lum qilingan.
Gruziya Milliy Fanlar akademiyasining vise-prezidenti, Akademik Metreveli ROIN tadbirning ahamiyati xususidagi o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi:
— O`zbek ilm-fani va madaniyatining dunyo tamadduni rivojidagi ko`p qirrali roli umum tomonidan e`tirof etilgan. Qadimiy o`zbek allomalari yunon faylasuflari bilimlari Evropaga tarqalishida ko`prik vazifasini o`taganlar, ya`ni ularni sharhlab berganlar. Ilmiy manfaatlarning mosligi o`zbek va gruzin olimlarini qadim vaqtlardayoq yaqinlashtirdi. XVIII asrning birinchi yarmidagi tarixan haqqoniy dalil barchaga yaxshi ma`lum: Gruzin podshohi Vaxtang VI astronomiyaga juda qiziqqan. U Eronda bo`lib turganida mashhur o`zbek astronomi Ulug`bekning «Ziji Ko`ragoniy» astronomik jadvalining forscha matnini qo`lga kiritishga muvaffaq bo`ladi. Shoh Vaxtang nafaqat bu qo`lyozma matnni gruzin tiliga tarjima qildi, balki uni Peterburgga ham olib bordi. Ayni shu forscha qo`lyozmadan «Ziji Ko`ragoniy»ning to`la matni tiklangan va lotin tiliga o`girilgan. Shunday qilib, asar G`arbiy Evropa ilmiy doiralari mulkiga aylangan. Gruzin va o`zbek tarixchilarini hamkorlikning mustahkam rishtalari bog`lab turibdi. Taniqli o`zbek olimi, O`zbekistondagi arxeologik tadqiqotlar klassigi, ko`plab ilmiy ishlar muallifi, bizning vatandoshimiz, O`zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze Gruziya Fanlar akademiyasining xorijiy a`zosi ekanini ta`kidlash biz uchun yoqimli. U «Gruziya sharafi» ordeni bilan taqdirlangan.
Eslatib o`tamiz, tadbir qatnashchilari orasida Rossiya, Kanada, Italiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Misr, Koreya, Belgiya, Gollandii, Fransiya, Germaniya, Chexiya, AQSh, Xitoy, Turkiya, Gresiya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlardan dunyo ilm-fani vakillari – mashhur olimlar, muzeylar va ilmiy institutlar rahbarlari, ilmiy jurnallar muharrirlari, taniqli kolleksionerlar,shuningdek, YuNESKO va ICOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo`yicha xalqaro kengash), ko`p sonli asarlar va kitoblar muallifi bo`lgan olimlar bor.