12 maydan boshlab ishchi nomi “Maftuningman-2” bo`lgan filmni suratga olish ishlari boshlangani haqida avvalroq xabar bergandik.
“Dono Productions” kinokompaniyasi tomonidan qo`l urilgan navbatdagi yirik kino loyihada mashhur chehralardan foydalanilmayapti. Bu kinokompaniya tomonidan katta tavakkalchilikka qo`l urish bo`lsada, kinoijodkorlarning bundan ko`ngillari hotirjam.
“Maftuningman-2” filmi orqali yangi qiyofalarni kashf etishni maqsad qilganmiz. "Tavakkal qilmagan bayram qilmaydi" deyishadi. Bu borada o`zimizga yarasha rejalarimiz bor”, deydi “Dono Productions” kinokompaniyasi direktori Qobuljon Ahmedov.
Filmning ikkinchi rejissyori Dilbar Yusupova bilan bog`langanimizda, u faqatgina filmning bosh qahramoni roliga “Isnod” kartinasi orqali tanilgan yangi chehra Shohruh Hamdamov ham filmga jalb qilinganligini ma`lum qildi.
Eslatib o`tamiz, 2016 yilning yoz oylarida “Maftuningman-2” filmiga kasting e`lon qilingan va aktyorlar tanlovi butun mamlakat bo`ylab, har bir viloyat markazida tashkil etilganligi haqida xabar bergandik. Kastingda jami 2 000 nafar nomzod qatnashgan.
Aktyorlik mahoratini isbotlay olgan nomzodlar filmda ishtirok etmoqda. Suratga olish ishlari respublika bo`ylab amalga oshiriladi. Postanovkachi rejissyor – Abduvohid G`aniev.
Ayni damda filmning suratga olish ishlari Xivada davom etmoqda. Filmning dastlabki Boysunda bo`lib o`tgan ilk suratga olish ishlari esa yakunlangan.
Quyida e`tiboringizga Boysunda bo`lib o`tgan suratga olish jarayonidan videorolik hamda Xorazmdan fotosuratlar taqdim etamiz.