Shahnoza besh farzandning onasi. U bolalarini oq yuvib, oq tarab katta qilmoqda. Turmush o`rtog`ining topganiga qanoat qilib, uy ishlari, bolalarining tarbiyasi bilan band bo`lsa-da, yuragida bir orzu bilan yashar va uning ro`yobga chiqishiga ishonardi.
Shahnoza Qayumovaning oilasi etti yildan buyon Chilonzorda ijara uyda yashab kelayotgandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 12 aprel kuni Chilonzor tumaniga tashrifi Shahnoza va uning turmush o`rtog`i G`anisher uchun bir olam quvonch olib keldi.
Davlatimiz rahbari shu kuni tumanning Yakkatut va Katta Xirmontepa mahallalari aholisi bilan muloqotda bo`ldi va ularning yashash sharoiti bilan qiziqdi.
“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning mahallamizga kelgani ko`nglimizni tog`dek ko`tardi. U kishining aholi bilan muloqoti har birimizga ruhiy madad, ishonch va ko`tarinki kayfiyat baxsh etdi. Ayniqsa, bu uchrashuv bizning oilamiz uchun bir umrga unutilmas voqea bo`lib qoladi. Prezidentimiz bilan suhbatda boshpanamiz yo`qligini aytdik. Yurtboshimizning tashrifidan yigirma kun o`tgach, Toshkent shahar hokimining qarori bilan Olmazor tumani Shifokorlar shaharchasidan bizga besh xonali xonadon ajratildi. Bu xushxabarni eshitgan farzandlarim va yaqinlarimning quvonchini ko`rsangiz edi. Prezidentimizga oilamiz bilan bir umr ta`zimdamiz”, – deydi Sh.Qayumova.