AsosiyDunyo

​Kambag`allar tomonidan amalga oshirilgan ezgu amallar

'​Kambag`allar tomonidan amalga oshirilgan ezgu amallar'ning rasmi

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida kambag`allar tomonidan amalga oshirilgan xayr-saxovatlar haqidagi ma`lumotlar barmoq bilan sanarlidir, deb yozadi Bugaga.ru nashri. Biz qaysidir mamlakatni suv bosgani, tabiiy ofat tufayli odamlar ko`chirilgani, urush boshlanishi mumkinligi haqidagi turli-tuman negativ xabarlarni har kuni eshitamiz. Bunday ma`lumotlar har qanday odamni ham esankiratib, depressiyaga tushirib qo`yadi. Quyidagi voqealar esa buning aksi, ularni o`qigandan keyin qalbingizda odamlarga nisbatan ishonch va mehr-muhabbat uyg`onadi. Bunday ezgu amallarni kambag`al insonlar amalga oshirayotganini hisobga olsak, ular dangasaligi tufayli muhtojlikda yashaydi, degan fikrdan voz kechishimizga to`g`ri keladi.

10. O`quvchi qizlarga yangi kiyim olib bergan kambag`al erkak


Hindistonning maxsus maktablaridan birida ta`lim oluvchi 11 nafar o`quvchi qiz olihimmat inson tomonidan sovg`a qilingan yangi liboslarga ega bo`lishdi. Keyinchalik qizlarga yangi kiyim sovg`a qilgan odam badavlat emas, balki 64 yoshli muhtojlikda kun kechiruvchi Kimjibxay Prajapati (Khimjibhai Prajapati) ekanligi ma`lum bo`ldi. Bir paytlar bu odamning xususiy choy do`koni bo`lib, keyinchalik ishlari yurishmay, ko`chada tilanchilik qilish bilan shug`ullangan. Biroq o`zining shunday achinarli ahvolda yashashiga qaramay, u o`zidan-da, og`irroq sharoitda yashaydigan muhtojlarga yordam berib kelmoqda. U ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida maxsus maktabda o`qiydigan kambag`al qizlarga yordam berish maqsadida anchadan beri pul yiqqanligini va nihoyat shu pulga ularga sovg`a sifatida ko`ylaklar olib berganligini ma`lum qildi. Uning xayriyasini ko`rgan maktab ma`muriyati uni “haqiqiy saxovatpesha” inson, deb atadi.

9. Chaqaloqni qutqarib qolgan daydi

Mazkur ezgu amal pul, sovg`a bilan bog`liq bo`lmasa-da, u bir insonning hayotini saqlab qoldi. Amerikaning Oklaxoma shtatida yashovchi er-xotin g`ayrioddiy voqeaga duch kelishdi. Ayol mashinada ketayotganda farzand ko`rib, chaqaloqning kindigi bo`yniga o`ralib qolganidan nima qilishni bilmay, odamlardan yordam so`radi. Erkak ham bunday vaziyatda yangi tuqqan ayol va chaqaloqqa qanday yordam berishni bilmay, sarosimaga tushib qoldi. U chaqaloq hushidan ketib qolgani uchun “Tez yordam” kelguncha kech bo`lishi mumkinligini angladi. Yaxshiyamki, ularning baxtiga uysiz-joysiz, daydi Geri Uilson (Gary Wilson) uchrab, er-xotinning joniga oro kirdi. U bunday holatda birinchi tibbiyo yordam ko`rsatishni yaxshi bilganidan hech nimadan cho`chimadi. Geri bolaning o`ralib qolgan kindigini bo`ynidan echib, orqasini massaj qildi. Etib kelgan “Tez yordam” xodimlari Uilsonni maqtab, to`g`ri yo`l tutganligini ta`kidlashdi.

8. Nigeriyalik gadoy tilanchilik qilib topgan pulini tabiiy ofatdan aziyat chekkanlarga berdi

O`tgan yilning oktyabr oyida Nigeriyada yashovchi o`rta yoshli Simon Ozoemena (Simon Ozoemena) ismli gadoy Nigeriyaning Anambra (Anambra) viloyati aholisi suv toshqinidan aziyat chekkaniga guvoh bo`lgach, ularga yordam berishga qaror qildi. Ozoemena mehnatga layoqatsiz bo`lgani tufayli tilanchilik qilib topgan 188 dollarni hukumat vakillariga topshirdi. Uning xayr-saxovatidan hayratga tushgan amaldorlar xayriyani jabrlanganlarga etkazishga, aql bilan sarflashga va`da berishdi. O`zi tilanchilik orqali kun kechiruvchi Ozoemenaga “Nega pullaringizni xayriya uchun sarfladingiz?”, deb savol berilganda u “Tabiiy ofatdan aziyat chekkan odamlar ilgari mendan yaxshiroq yashagan, mazkur hodisa tufayli ular qiynalib qolganini hisobga olib, bor pulimni ularga berishga qaror qildim”, deb javob berdi.

7. Xitoylik sayohatchi gado

Vang Chjiyu (Wang Zhiyou) 18 yoshga to`lganda, haqiqiy ota-onasi o`ta kambag`al bo`lganidan, uni boqa bolmay, boshqa oilaga berib yuborganidan xabar topdi. Bu voqeadan xabardor bo`lganidan keyin qashshoqlikda kun kechirish naqadar og`irligini his qildi va kambag`allarga yordam berish maqsadida tilanchilik qildi. U ma`lum joyda bir oy turib tilanchilik qiladi, keyin ommaviy axborot vositalari orqali eng kambag`al odamni izlab topadi va bir oy davomida yiqqan pulini unga topshiradi. Chjiyu 15 yillik “karerasi” davomida 6000 dollar mablag`ni xayriya qildi. U pulni muhtojlarga berayotganda ulardan pulni qabul qilib olgani haqida tilxat yozdirib olishni unutmaydi.

6. Halollik uchun mukofot olgan odam

Agar bu dunyoda halol, vijdonli odamlar qolmagan desangiz, adashasiz, biz hikoya qilmoqchi bo`lgan Billi Rey Xarrise (Billy Ray Harris) aynan shunday odamdir. Sovuq qish kunlarining birida Kanzasda yashovchi 55 yoshli tilanchi erkakning chaqa soladigan idishiga tanga tashlagan ayol tasodifan narxi ming dollar bo`lgan uzugini tushirib qo`yganini sezmadi. Ayol buni oradan ma`lum vaqt o`tgach, bilib qoldi va Xarrisni qidirishga tushdi. U Xarrisni o`sha tilanchilik qiladigan joyidan topdi va uzuk haqida so`radi. Xarris uzukni ayolga qaytarib berdi. Turmush o`rtog`i hadya etgan uzuk topilganidan boshi ko`kka etgan ayol yonidagi bor pulini tilanchiga hadya etdi. Bundan xabar topgan ayolning turmush o`rtog`i Internetda Xarrisning halolligi haqida hikoya qildi, foydalanuvchilardan unga yordam sifatida pul yig`ishni taklif etdi. Bu hikoyadan ta`sirlangan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yiqqan pul 100.000 dollardan oshib ketdi. Xarris keyinchalik shayton qutqusiga uchib, uzukni sotmoqchi bo`lganligini, ammo bu ishi xato ekanligini anglab, sabr-toqat bilan ayolni kutganligini ma`lum qildi.

5. Beva ayol o`ziga tegishli erni mehribonlik uyiga sovg`a qildi

Hindistonlik, o`zining 100 yoshlik tavallud kunini nishonlagan Sindubala Mishra (Sindhubala Mishra) ismli beva ayol o`ziga tegishli erni bolalar uyi va bolalar xiyoboni qurish uchun hadya qilishga qaror qildi. Mishra, to`qqiz yoshda turmushga chiqqan bo`lib, to`ydan ikki yil o`tgach, turmush o`rtog`i vafot etgan. Ammo erining qarindoshlari va o`zining ota-onasi uni qabul qilishni istamaganligi tufayli ko`chada qolib, tilanchilik hisobiga kun kechirishga majbur bo`lgan. U sabr-toqat bilan pul yig`ib, mazkur erni sotib olishga muvaffaq bo`ldi. Ayni paytda u o`ziga tegishli erni uysiz-joysiz va etim bolalarga sovg`a qilish niyati bilan yashamoqda. Uning saxiyligi boshqa odamlarni ham ilhomlantirib, ular qurilish ishlarini bepul amalga oshirishga qaror qilishdi.

4. Mehmonxona haqini to`lagan gadoy erkak

Chikagolik uysiz-joysiz, daydi erkak Kertis Djekson (Curtis Jackson) o`ziga yaxshi muomalada bo`lgan, har doim yordam berib kelgan ayolning qiyin vaziyatga tushib qolganini eshitib, unga yordam berishga shoshildi. Kertis 39 yoshli yolg`iz onani uchratganda, ayol bankda ishlar, o`z uyiga ega edi. U ishidan ayrilgach, uyini ham yo`qotib, kichkina o`g`li bilan ko`chada qoldi. Yolg`iz ona farzandi bilan avtomobil ichida uxlayotganini ko`rgan vasiylik xizmati xodimlari uni bola bilan avtomashina ichida uxlash mumkin emasligidan ogohlantirdi. Ayol mehmonxonada yashash uchun qaerdan pul topish mumkinligi haqida o`ylayotganda, uni mushkul vaziyatdan Kertis qutqardi. U ayolning ilgari o`ziga yaxshi munosabatda bo`lganini xotirladi va har kuni tilanchilik qilib topgan puli bilan mehmonxonaning kunlik to`lovini amalga oshirishni niyat qildi. Kertis umumiy hisobda mehmonxona uchun 9000 dollar pul to`ladi va bundan keyin ham qo`lidan kelgancha ayolga yordam berishini bildirdi.

3. Hotamtoy qashshoq erkak

Ayam Kambiranon (Aiam Cambhiranon) 34 yil mobaynida Bangkokning budda ibodatxonasi yonida tilanchilik qilib topgan pulini faqatgina o`zining ehtiyojlari uchun sarflaganda dunyoning eng boy odamlaridan biriga aylangan bo`lardi. 63 yoshli Kambiranon o`z harakatlari bilan qalbi oltin ekanligini isbotladi. U umumiy hisobda 76 000 dollar to`plab, uni ibodatxonani ta`mirlash uchun sarfladi. U ilk bora 2011 yilda ulkan xayriyani amalga oshirdi va uni har yili davom ettiradigan bo`ldi. Ibodatxona rohiblari ziyoratchilar orasida Kambiranonning obro`si rok yulduzlarniki kabi ortganligini bildirdi. U o`zining pul topishi bilan mahalliy o`g`rilarning e`tiborini tortgani uchun rohiblar Kambiranonni ibodatxonada uxlashga ko`ndirgani uning hayotidagi yagona o`zgarish bo`ldi. U ibodatxonada tunay boshlagandan beri uni va ta`mirlangan ibodaxonani ko`ngilli qorovullar qo`riqlaydigan bo`ldi.

2. Uyi-joyi bo`lmagan erkak boshqlarning uyini tozalaydi

O`zi muqim turar joyga ega bo`lmagan Lesa Vesnievski (Les Wesniewski) hayoti o`zinikidan og`irroq bo`lgan odamlarga yordam beradi. Kalgari shahrida joylashgan uysiz daydilar boshpanasida yashovchi Lesa suv toshqinidan aziyat chekkan odamlarga ko`maklashiga qaror qildi. U bir necha ko`ngillilar bilan birga har kuni suv toshqinidan zarar ko`rgan uylarni tozaladi. Vesnievski keyinchalik intervyu berganida odamlarga yordam berayotganidan juda baxtli ekanligini bildirdi. Uning ko`ngilli o`rtoqlari Vesnievskining harakatlaridan ilhomlanib, boshqalarga yordam berganliklaridan, ezgu ishlarni amalga oshirganliklaridan mamnunliklarini ma`lum qildi.

1. Noma`lum qashshoq zilziladan jabrlanganlarga ikki oy davomida tilanchilik qilib topgan pulini xayriya qildi


Agar e`tibor bergan bo`lsangiz, xayriya qilayotgan boylardan ko`ra, ko`proq kambag`allar xayr-saxovot uchun katta mablag` sarflaydi. Masalan, 2013 yilning aprel oyida Xitoyda zilziladan aziyat chekkan odamlarga yordam berish maqsadida pul yig`ilayotganda noma`lum gado ikki oy mobaynida chaqalab yiqqan 160 dollarni yurtdoshlariga xayriya qildi. Uning bu harakati Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida katta shov-shuvlarga sabab bo`lib, u “eng qo`li ochiq gado” nomiga sazovor bo`ldi. Bu uning ilk xayriyasi emas, balki oldin ham leykemiyaga chalingan bolaning davolanishi uchun pul bergani ma`lum bo`ldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar