Fransiyalik o`smir bola otasining mast holda rulga o`tirgani haqida jandarmlarga ma`lum qildi, deb xabar berdi Ria.ru nashri.
Erkakning qoni tekshirilganda, haqiqatan ham u spirtli ichimlik ichganligi tasdiqlandi. Bu haqda Jironda jandermeriyasi xodimlari o`zlarining Facebook sahifasida xabar berdi. Voqea 28 may kuni, A63 trassasida ro`y bergan.
“Bola otasining mashina haydashidan xavotirga tushib, oila a`zolariga qo`ng`iroq qilgan. Ular esa o`z navbatida jandarmeriyaga xabar berdi. Jandarmlar zudlik bilan avtomobil turgan joyga etib bordi”, deyilgan xabarda. 12 yoshli bola huquq-tartibot idorasi xodimlariga otasi uxlab yotgan mashinani ko`rsatdi. Erkakni uyg`otmoqchi bo`lgan jandarmlarning harakati hech qanday natija bermadi. Shirakayf erkak spirtli ichimlik ta`sirida qattiq uyquga ketgan edi.
Bir amallab uyg`otilgan erkak avvaliga jandarmlarni ko`rib hayron qoldi va ularning savoliga tushunmadi. Qon tahlili natijasida erkakning qonida 2,76 gramm alkogol borligi aniqlandi.
“Mast holda avtomobil boshqarib, boshqalarning hayotini xavf ostiga qo`yganligi uchun qonunbuzar haydovchi javobgarlikka tortiladi. Bola sog`-salomat onasiga topshirildi. Voqea ijobiy yakun topdi”, deb yozdi jandarmeriya o`z xabarida.






