O`zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Server Jeparov Eronga qarshi o`yin oldidan OFK rasmiy saytiga intervyu berdi. Suhbat chog`ida Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi JChga chiqish istagi bor ekanini yashirmadi.
“Barchasi juda oddiy – biz saralash bosqichidagi qolgan uch o`yinda g`alaba qozonishimiz kerak, o`shanda pley-off bosqichida o`ynamaymiz va Jahon chempionatiga avtomatik ravishda yo`l olamiz. So`nggi 8 yil davomida, ayniqsa, bundan avvalgi saralash bosqichida kuchli tarkib bilan harakat qildik. Bu men o`ynagan eng kuchli avlod edi”, – dedi Jeparov.
Server Jeparov 34 yoshida JCh–2018 musobaqasiga chiqish orqali mamlakat qahramoni bo`lish istagi haqida ham so`zladi.
“G`alaba qozonish nafaqat men uchun, balki O`zbekiston aholisi uchun motivasiya bo`lardi. Chunki mamlakat termasi Jahon chempionatida ishtirok etmagan. 34 yoshimda JCh–2018 turniriga yo`l olib, mamlakat qahramoniga aylanilni xohlardim”, – dedi yarim himoyachi
Tajribali yarim himoyachi O`zbekiston termasi JCh–2014 turniriga chiqishga juda yaqin kelgani va qo`ldan boy berilgan imkoniyatdan keyin ketish haqida o`ylaganini aytib o`tdi.
“Biz yaxshi o`ynagan edik va JCh–2014 turniriga chiqish uchun bitta gol kamlik qilgandi. Bundan afsusda edik. Janubiy Koreya termasi Eronga mag`lub bo`lganini eshitgach, qo`ldan boy berilgan barcha imkoniyatlardan afsusga tushgandik. Men termadan ketishni va umuman futbol ko`rmaslikni istagandim”, – deb esladi Server Jeparov.
Eron JCh–2018 saralash bosqichida 7 ta o`yin o`tkazib, 5 ta g`alaba va 2 ta durang qayd etdi. Karlush Keyrush shogirdlari birorta ham o`yinda gol o`tkazib yubormadi. Shunga qaramay, Server Jeparov ertangi o`yin oldidan ijoyib kayfiyatda ekanini aytdi. Chunki O`zbekiston 2012 yili Tehronda Eronni mag`lubiyatga uchratishga muvaffaq bo`lgandi.
“Istalgan jamoa bilan o`ynay olishimiz bizga ishonch beradi, hatto safar o`yinlarida ham. Biz guruhdagi eng kuchli raqibni mag`lubiyatga uchratish imkoniyatiga ishonamiz va aynan shu narsa bizda ishonch tug`diradi. Raqibni mag`lubiyatga uchratish uchun 100%, hatto 120% kuchimizni berishimiz kerak bo`ladi. Barcha 11 futbolchi bir jamoa bo`lib o`ynashi talab qilinadi”, – deydi o`zbekistonlik yarim himoyachi.






