Bugun, 13 iyun kuni tushlikdan so`ng «Andijon» futbol klubi qarorgohida navbatdan tashqari yig`ilish bo`lib o`tdi. Bundan ko`zlangan maqsad, yangi bosh murabbiyni jamoa a`zolari va ishqibozlarga tanishtirish edi, deya xabar bermoqda «Andijon» matbuot xizmati.
Yig`ilishni viloyat jismoniy tarbiya va sport qo`mitasi raisi Ozodbek Saidov o`tkazdi va «Andijon»ning yangi bosh murabbiyi sifatida Usmon Toshevni rasman tanishtirdi.
Ko`pchilikka yaxshi ma`lumki, buxorolik mutaxassis ilgari oliy ligada «Buxoro», «Sho`rtan» va «Nasaf» singari jamoalarda ishlagan. Usmon Qudratovich oldiga rahbariyat tomonidan jamoa o`yinini yanada kuchaytirish va ijobiy natijalar qayd etish orqali oliy liga yo`llanmasini qo`lga kiritish vazifasi qo`yildi. O`z navbatida 52 yoshli murabbiy ham maqsadga erishish uchun astoydil ishlashini bildirib o`tdi.
Eslatib o`tamiz, bir necha kun avval Birinchi ligada ishtirok etayotgan «Andijon» va «Surxon» klublari o`rtasidagi o`yinda katta janjal kelib chiqqandi. Ushbu mojaro Rossiya OAV tomonidan ham yoritildi.






