Bugun, 15 iyundan e`tiboran O`zbekiston oliy ta`lim dargohlarida 2017-2018 o`quv yillariga hujjatlar qabuli boshlandi.
Bu yil bakalavrlarni qabul qilish umumiy kvotasi 8 ming 400 taga oshgan, bu esa iqtisodiyot sohalarining kadrlarga bo`lgan talabi bilan bog`liq.
2017/2018 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga bakalavrlar uchun 66316 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo`yicha – 18194 ta va to`lov-kontrakt asosida – 48122 ta, magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo`yicha – 1556 ta va to`lov-kontrakt asosida – 3444 ta o`qishga qabul qilish bo`yicha umumiy kvota belgilandi.
Eslatib o`tamiz, 2017/2018 o`quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalariga to`lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo`yicha qo`shimcha qabulni amalga oshirish joriy etiladi.
Unga ko`ra, oliy ta`lim muassasalariga to`lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo`yicha qo`shimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori ta`lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta`lim yo`nalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Qo`shimcha qabul bo`yicha to`lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abiturientlar to`plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanadi.
To`lov-kontrakt summasining oshirilgan stavkasi bo`yicha qo`shimcha qabul o`tish ballini to`play olmagan abiturientlarga to`plagan balliga muvofiq (68 balldan kam bo`lmagan) ketma-ketlik tartibi qat`iy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini to`lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Abiturientlardan hujjatlar qabuli 15 iyulga qadar davom etadi (O`zbekiston Davlat konservatoriyasida - 10 iyulgacha). Kirish imtihonlari 1 avgust kuni bo`lib o`tadi.