O`zbekistonlik futbolchi Husniddin G`ofurov o`z faoliyatini Serbiyaning “Mladost” klubida davom ettiradi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
22 yoshli futbolchi 2013 yildan buyon Serbiyaning boshqa bir klubi – “Yavor Matis” safida to`p surib kelayotgan edi. O`tgan mavsum yakuniga ko`ra, “Yavor” Serbiya Superligasida 16 jamoa orasida 8-pog`onani egallagan edi. “Mladost” esa 4-o`rinni band qilgandi.
“To`rt yil Ivanisada o`ynaganimdan so`ng Luchanga ko`chib o`tishga qaror qildim. Men Serbiyaning kuchli jamoalaridan biriga o`tganimdan va murabbiy Nenad Milovanovich bilan ishlash baxtiga muyassar bo`lganimdan baxtiyorman. Bizni qiyin mavsum kutmoqda. Ammo bu qiyinchiliklarni engib o`ta oladigan jamoamiz deb o`ylayman”, – dedi o`zbekistonlik futbolchi.
Ma`lumot uchun, Husniddin G`ofurov 1994 yil 29 iyul kuni Farg`onada tavallud topgan. Serbiya chempionatiga yo`l olishdan avval hujumkor yarim himoyachi 2012–2013 yillarda O`zbekiston Birinchiligi vakili – “NBU-Osiyo” sharafini himoya qilgan.
Husniddin G`ofurov, shuningdek, O`zbekiston yoshlar termasi (U-17, U-19) va O`zbekiston olimpiya termasi (U-23) safida ham maydonga tushgan.






