AsosiySport

​Birodar Abduraimov O`FF rahbariyati va Samvel Babayanga nisbatan tanqidiy fikr bildirdi

'​Birodar Abduraimov O`FF rahbariyati va Samvel Babayanga nisbatan tanqidiy fikr bildirdi'ning rasmi

O`zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimov milliy terma jamoaning so`nggi natijalari haqida o`z fikrini bildirdi.

Eron termasiga qarshi kechgan o`yinda har ikki jamoa o`rtasidagi farq yaqqol ko`rinib qoldi. Forslarning himoyasi va yarim himoyasi bilan birga hujum chizig`ida ham variantlar ko`p edi. Bizda esa... Endi bir gap-da - g`alaba qozonish uchun hujum qilish kerak. Bu o`yinda tayinli hujum ko`rdikmi, o`zi? Bir marta Temurxo`ja Abduxoliqov darvoza tomon zarba berganini aytmasa, boshqa vaziyatning o`zi bo`lmadi-ku! Igor Sergeev nima uchun maydonga tushganini o`zi ham bilmasa kerak. Umuman, bu hujumchi terma jamoaga munosibligining o`zi bitta savol. Terma jamoa deganiga da`vogarlar bir-biri bilan raqobat qilishi kerak, kamida 4-5 futbolchi bir joy uchun kurashsin. Bizda vaziyat qanday? Hujumda kimni ko`rsata olasiz? O`zi bir yarimta hujumchimiz bo`lsa, kim o`yinni kuchaytira oladi?

Samvel Babayan boshqarayotgan terma jamoaning kuchli uchlikka kira olishiga ham shubha tug`ilmoqda. U bizga ko`p narsalarni va`da qilgandi, ammo qani u aytgan Osiyoda taniqli bo`ladigan o`yin uslubi?

Hozir nafaqat bosh murabbiyga, O`FFga ham e`tirozlar etarli. Federasiya rahbariyati terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlash chog`ida faxriylar bilan maslahatlashsa yaxshi bo`lardi. Samvel Babayanga termani topshirish vaqtida bizning fikrimiz bilan hech kim qiziqmadi. Butun umri futbol ichida o`tgan inson boshqa ish qila olmaydi. Rahbariyat bir og`iz so`raganda biz ham o`z fikrimizni aytgan bo`lardik. Terma jamoani boshqarishga Samvel Babayandan boshqa nomzod yo`qmidi?

Jahon chempionatiga chiqish uchun avvalo, o`yinimizni kuchaytirib, Osiyoda o`z o`rnimizga ega bo`lishimiz lozim. Eronda kechgan bahs mundialga nomunosib ekanimizni ko`rsatib berdi. Kim aybdor? Bu savolga endi o`zingiz javob topavering. Hozir vaziyat shundayki, futbolda suyagi qotgan, ish ko`rsatganlar bir chetda tomoshabin bo`lib turibdi. Professional futbolning ichida bo`lmaganlar esa bosh rolda. Bir o`ylab ko`ring, Karlush Keyrush qaerda-yu, Samvel Babayan qaerda? Eron terma jamoasi bu uchrashuvni juda aqlli o`tkazdi, har bir futbolchi aniq maqsad bilan harakat qildi. Bizda esa 3-4 futbolchi jon kuydirib o`ynadi, qolganlari esa tomosha qilib turishdi. Jahon chempionati yo`llanmasi hal bo`ladigan o`yinni ham shunday o`tkazadimi?

2. O`tgan safar Eronni Tehronda mag`lub etganimiz bilan ular o`sha vaqtda kuchsiz bo`lgan, deb ayta olmayman. Bunaqa natijalar uchrab turadi, biz ham 60-yillarda ketma-ket chempion bo`layotgan “Spartak”ni safarda 1:0 hisobida enggandik. Eron o`shanda ham kuchli edi, ammo engishning uddasidan chiqishgan. Raqib o`sha o`yindan beri ancha kuchaydi. Ular Evropaning kuchli jamoalari bilan o`rtoqlik o`yinlari o`tkazishyapti.

O`zbekiston terma jamoasida esa muammolar keragidan ham ortiq. Biz oddiygina tarkib masalasida ham to`g`ri ish olib bora olmayapmiz. Masalan, «Paxtakor»dan chaqirilgan futbolchilarni oladigan bo`lsak - Aleksandr Lobanov, Igor Sergeev, Davron Hoshimov va Stanislav Andreevlarning qanaqaligini O`zbekiston kubogida «Nasaf»ga qarshi kechgan o`yinda ko`rgandik. Ularni terma jamoaga chaqiraverishning o`zi qanchalik to`g`ri? Yana ham Davron Hoshimovga qizil kartochka ko`rsatilmadi. Hakam ayadi, aks holda, uni bemalol chetlatishi mumkin edi.

Biz esa shunday tarkib bilan ushbu termani yutishni orzu qilib yuribmiz.

3. Eronga qarshi kechgan o`yinda o`zbek futboli tarixidagi eng kuchsiz jamoa maydonga tushdi, degan fikrga to`liq qo`shilaman. Samvel Babayan o`sha gapini nima uchun aytganini bilmadim-ku, biroq istagancha e`tiroz bildirish mumkin. Oddiy misol, 1994 yilda O`zbekiston terma jamoasi Osiyo o`yinlarida g`olib chiqqan edi. Hozirgi tarkib nimani qoyillatdi?

Bir o`ylab ko`ring, Odil Ahmedov Mirjalol Qosimovdan kuchlimi? Yoki Igor Sergeevni Shkvirin bilan tenglashtirib bo`ladimi? Andrey Fyodorov va Anzur Ismoilov o`rtasidagi farqni Babayan tushunarmikan? Qani bosh murabbiy bizga va`da bergan o`sha falsafa? Axir falsafa tugul o`yinning o`zi yo`q-ku! Jahon chempionatida o`ynash uchun, eng avvalo, unga munosib bo`lish kerak. Kechagi o`yinda mundialga munosib bo`lgan faqat bitta jamoani ko`rdik - Eron. Biz esa o`z muammolarimizga o`ralashib qolganmiz.

Manba: interfutbol.uz

Boshqa yangiliklar