AsosiySport

O`FF vakillari Xalqaro press-klub sessiyasida OAV savollariga javob berdi

'O`FF vakillari Xalqaro press-klub sessiyasida OAV savollariga javob berdi'ning rasmi

Bugun, 21 iyun kuni Toshkent shahridagi Xalqaro press-klubda “O`zbekistonda sport: Yangi vazifalar, Olimpiya harakati va sog`lom turmush tarzi” mavzusida OAV vakillari, sportchilar va jurnalistlar ishtirokida anjuman bo`lib o`tdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi Rustam Qurbonov, Milliy Olimpiya qo`mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O`zbekiston Futbol Federasiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullaev, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti rektori Shoakrom Isroilov hamda O`zPFLning kelishilgan o`yinlarga qarshi ma`sul ofiseri Axrol Inoyatov ishtirok etdi.

Anjumanda sport olami, mamlakatda sportni rivojlantirish, Olimpiya harakati va xususan futbol haqida so`z bordi. Press-klubda O`zbekiston futbol federasiyasi vise-prezidenti Sardor Rahmatullaev ishtirok etib, o`z sohadagi muammolar, rejalar va istiqbollar haqida o`z firklarini bildirdi.

“Avvalambor, 2018 yilgi Jahon chempionati yo`llanmasi uchun kurash olib borayotgan futbol bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi haqida so`z yuritmoqchiman. Ha, xatolar bor, ammo bizda mundialga to`g`ridan-to`g`ri chiqish imkoniyati saqlanib qoldi. Bugungi kunda mamlakat futbol federasiyasi va murabbiylar shtabi ushbu vazifani bajarish uchun bor kuchini ishga solmoqda. Murabbiylar shtabidagi yoki O`FFdagi iste`folar haqida to`xtaladigan bo`lsak, O`FF Ijroiya qo`mitasi buyurosi milliy terma jamoa murabbiylar shtabiga ishini oxirigacha bajarishga imkon berdi”, – dedi Sardor Rahmatullaev.

O`FF bosh kotibi milliy terma jamoa murabbiylar shtabining o`z lavozimida qoldirilishi sababini tushuntirdi.

“Birinchidan, Samvel Babayan bilan saralash o`yinlarining oxirigacha shartnoma tuzilgan va agarda u o`ziga yuklatilgan vazifani uddalay olmasa, iste`foga chiqarilishi mumkin. Lekin, ayni paytda O`zbekiston terma jamoasida Jahon chempionatiga to`g`ridan-to`g`ri yo`llanmani qo`lga kiritish uchun juda yaxshi imkoniyat mavjud va bu imkoniyat o`z-o`zidan paydo bo`lib qolmadi. Bunda jamoa murabbiylar shtabining roli katta. Masalan, to`g`ridan-to`g`ri yo`llanma uchun asosiy raqobatchimiz – Janubiy Koreya terma jamoasining ahvoli bizdan yomonroq. Chunki, ularning taqdiri o`z qo`lida emas. O`zbekiston terma jamoasining taqdiri o`z qo`lida. Qolgan 2 o`yinni yutsa, Janubiy Koreyaning natijasidan qat`i nazar Jahon chempionatiga to`g`ridan-to`g`ri yo`llanmani qo`lga kiritadi. Janubiy Koreya, masalan, Qatar bilan o`yinlarda 3 ochko oldi. O`zbekiston esa 6 ochko. Ana shu jihatlarni inobatga olib, O`zbekiston futbol federasiyasining Ijroiya qo`mitasi byurosi 15 iyun kuni Samvel Babayanni o`z lavozimida qoldirish haqida qaror qabul qildi. O`zbekiston terma jamoasi mavzusiga qaytadigan bo`lsak, natija uchun faqatgina bosh murabbiy emas, balki O`FF ham javob beradi”, – deya vaziyatga aniqlik kiritdi Sardor Rahmatullaev.

O`zbekiston Futbol Federasiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullaev Xalqaro press-klub yig`ilishida, shuningdek, sentyabr oyida o`zbek futbolini rivojlantirishning yangi konsepsiyasi qabul qilinishini haqida ma`lum qildi.

“Shu yilning sentyabr oyida O`FFning hisobot-saylov konferensiyasi bo`lib o`tadi. Unda federasiyasining yangi tarkibi tanlanadi. O`zbekistonda futbolni rivojlantirish tizimining yangi konsepsiyasi ishlab chiqildi va bu konsepsiya konferensiyada tasdiqlanadi. Yangi tuzilma, yangi boshqaruv tarkibi, PFLda o`zgarishlar, bolalar va o`smirlar futbolini rivojlantirish: bu dastur 2017–2020 yillarga mo`ljallangan. Bizda nafaqat milliy terma jamoa, balki yoshlar va o`smirlar terma jamoasi ham turli turnirlarga tayyorgarlik ko`rmoqda. O`smirlar va yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionati saralash bosqichida ishtirok etadi. 23 yoshgacha bo`lgan futbolchilar ham Osiyo birinchiligiga chiqish uchun saralash bosqichiga qatnashadi”, – dedi Sardor Rahmutullaev.

Sardor Rahmatullaev O`FF rasmiylari jurnalistlar bilan muloqotdan qochmasligi, ular bilan aloqa qilinishi haqida ham to`xtalib o`tdi.

“O`FF rasmiylari jurnalistlar bilan muloqotdan qochmaydi. Birinchidan, har bir musobaqa reglamentida o`yin-oldi, o`yindan keyingi matbuot anjumanlari, flesh intervyu, mikst zonadagi qisqa intervyu kabi tadbirlar majburiy qilib qo`yilgan. Ikkinchidan, O`FFning matbuot xizmati bor. O`FFning rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlarda alohida akkauntlari mavjud. Qolaversa, O`FF Prezidenti shaxsan eksklyuziv intervyular berib keladi. Ammo, har bir tadbirning o`rnatilgan tartibi va o`rni bor. Shunga rioya qilingan holda muloqot amalga oshiriladi”, – deydi O`FF bosh kotibi.

Bundan tashqari, Halqaro press-klubda kelishilgan o`yinlarga qarshi mas`ul ofiser Axrol Inoyatov ham o`z fikrlari bilan o`rtoqlashib, O`zPFLning joriy mavsumida kelishilgan o`yinlar kuzatilmaganligi, agar shunga o`xshash holatlar qayd etilsa ularga qarshi chora qo`llanishini aytib o`tdi.

“Joriy mavsumda hech qanday kelishilgan o`yinlar kuzatilmadi. Turnir jadvalidagi holatga e`tibor bersangiz, etakchi va undan keyingi o`rinlarni egallab turgan jamoalar orasidagi farq 2–3 ochkoni tashkil etadi. Umuman olganda o`yinlar rang-barang tus olmoqda”, – dedi Inoyatov.

Shuningdek, Axrol Inoyatov OAV vakillari va jurnalistlarni hamkorlikda ishlashga chaqirdi va shubhali holatlar aniqlansa xabar berish kerakligini ta`kidladi.

Anjuman yakunida qolgan muhim o`yinlar oldidan O`zbekiston milliy terma jamoasi, murabbiylar shtabi va futbolchilarga bosim o`tkazmay, qo`llab-quvvatlash, dalda berish kerakligi ta`kidlandi.

Boshqa yangiliklar