Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) ayollar terma jamoalarining yangi reytingini e`lon qildi. Unga ko`ra, O`zbekiston ayollar terma jamoasi 1557 ochko bilan 41-o`rinni band etdi.
Bu avvalgi ko`rsatkichga nisbatan 1 pog`ona yaxshiroq natija bo`ldi. OFKga a`zo terma jamoalari orasida Yaponiya ayollar terma jamoasi 1981 ochko bilan etakchilik qilmoqda. Jahon reytingida Yaponiya hamon 6-pog`onada bormoqda.
Avstraliya ayollar terma jamoasi 1976 ochko bilan Osiyoda ikkinchi (dunyoda ettinchi) bo`lsa, KXDR ayollar termasi 1949 ochko bilan uchinchi (dunyoda o`ninchi) o`rinni egallab turibdi.
O`zbekiston ayollar termasi yuqoridagi terma jamoalardan tashqari Xitoy (1875), Janubiy Koreya (1871), Tailand (1669), va Vetnam (1644) keyin Osiyoda 8-pog`onani egallab turibdi.
Jahon reytingida AQSh ayollar termasi (2118)yana peshqadamga aylanib, Germaniyani (2111) ikkinchi o`ringa tushirib qo`ydi. Kuchli uchlikka Fransiya (2076) yakun yasadi.






