Bosh murabbiy Samvel Babayan rahbarlik qilgan yig`ilishda O`zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi Xitoy va Koreya bilan o`yinlarga tayyorgarlik dasturi tasdiqlandi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar berdi.
Dasturga ko`ra, milliy terma jamoa a`zolari 17–23 iyul kunlari xorijda o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazadi. Yig`in doirasida 2 ta nazorat o`yinini o`tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yig`inda yangi futbolchilarni sinovdan o`tkazish masalasi ustuvor vazifa sifatida kun tartibiga kiritilgan.
Milliy termaning keyingi yig`ini avgustning oxirgi o`n kunligida boshlanadi. Terma jamoa a`zolari 20 avgustdan e`tiboran yig`inga kiradi. 24 yoki 25 avgustda Toshkentda o`rtoqlik uchrashuvini tashkil qilish ko`zda tutilgan. Ayni paytda O`zbekiston Futbol Federasiyasi Janubi-sharqiy Osiyo jamoalari bilan o`rtoqlik uchrashuvini o`tkazish borasida muzokaralar olib bormoqda.
31 avgust kuni Vuxan shahrida Xitoy termasiga qarshi bo`lib o`tadigan JCh–2018 saralash o`yiniga O`zbekiston terma jamoasi 28 avgustda jo`nab ketishni rejalashtirayapti. Delegasiya Xitoy bilan o`yinni tugatiboq 1 sentyabr kuni kechasi Toshkentga qaytib keladi va 5 sentyabrdagi Janubiy Koreya bilan o`yinga tayyorgarlik ko`radi.






