So`nggi yillarda, ko`pchiligimiz u qadar ham ko`p e`tibor qilmasakda, futbol qoidalari asta-sekin o`zgarib, yangi qo`shimchalar kiritilib bormoqda. Jumladan ayni kunlarda Rossiyada o`tayotgan Konfederasiyalar kubogida ham shunday qo`shimchalardan biri – videotakrorlardan foydalanilmoqda. Biz esa shu munosabati bilan, so`nggi chorak asr davomida amaliyotga tatbiq etilgan 15 o`zgarishni sanab o`tamiz.
Darvozabonga to`p uzatish
1992 yildan buyon futbolda, darvozabonlarga sheriklaridan oyoq orqali uzatilgan to`plarni qo`l bilan ushlash ta`qiqlandi. Bosh bilan va tananing boshqa a`zolari yordamida uzatilgan paslarni esa kiper qo`l bilan ushlash huquqiga ega.
Murabbiylar uchun texnik zona

Xayron qolishingiz mumkin, biroq 1994 yilga qadar murabbiylar o`zlari istagan erda shogirdlariga ko`rsatma berish huquqiga ega edilar. Hozir esa murabbiylar yon chiziqqa bir metr uzoqlikda joylashgan texnik hududdan chiqishlari ta`qiqlanadi.
G`alaba uchun uch ochko
G`alaba uchun uch ochko berish birinchi bor 1981 yilda qo`llanilgan. Biroq 1994 yilga kelibgina barcha joylarda bu qoida amaliyotga tatbiq etilgan.
O`zgarish

Hozirgi zamonaviy futbolchi almashtirilishi 1995 yilda ishlab chiqilgan qoidaga asosan amalga oshiriladi.
Kechiktirilgan fol
90 yillarning o`rtalarida bu atama mavjud bo`lmagan va hakamlarda ham bunday qaror chiqarish huquqi bo`lmagan. Hozirda esa bu ishni faqatgina yuqori saviyadagi hakamlar qila oladi.
Ortdan tashlangan "podkat"

Buni boshqachasiga, ortdan kelib tashlangan “podkat” deyishimiz ham mumkin. 1996 yildan kuchga kirgan ushbu qoidaga ko`ra, hakamlar bu harakat uchun qoidani buzgan futbolchiga qizil kartochka berish huquqiga egadirlar.
Simulyasiyaga qarshi kurash

XX asrning so`nggida futbolchilar “balet raqqoslari” singari harakat qila boshladilar. Shundan so`ng, hakamlar simulyasiya ishlatgan futbolchilarga sariq, ayrim holatlarda esa qizil kartochka berish huquqiga ega bo`ldilar.
“6 sekund” qoidasi

2002 yilda darvozabonlar uchun “6 sekund” qoidasi ishlab chiqildi. Unga ko`ra, kiperlar to`pni qo`lida faqatgina 6 sekund ushlab turishlari mumkin. 2002 yildan e`tiboran esa bu qoidaga amal qilmagan posbonlarha sariq kartochka ko`rsatish mumkin deb topildi.
“Oltin gol” qoidasi olib tashlandi
Ushbu qoida 1993-2004 yillarda amalda bo`ldi. Unga ko`ra, pley-off raundlarida kuchlar teng kelib, qo`shimcha bo`limlar belgilansa va shu bo`limlarda gol kiritgan jamoa g`olib sanalar edi. Ushbu qoida esa 2004 yilda bekor qilindi va qo`shimcha bo`limlar belgilanganidan so`ng, jamoalar nima bo`lishidan qat`iy nazar 120 daqiqa o`ynaydigan bo`lishdi.
Turli taqinchoq va tumorlar taqib chiqish ta`qiqlandi
2006 yilga qadar futbolchilar xuddi repperlar singari turli taqinchoqlar bilan maydonga tushishi mumkin edi. Biroq aynan o`sha yildan e`tiboran, bu kabi narsalarga qiziqadigan futbolchilar o`z buyumlarini javonlarda qoldib, maydonga chiqishga majbur bo`lishadigan bo`ldi.
Darvoza ortidagi hakam

Evropa futboli amaldorlari ushbu qoidani ishlab chiqishdi. Unga ko`ra, video takrorlarga murojaat etmaslik uchun darvoza ortiga hakamlar qo`yildi. Uning vazifisi bahsli vaziyatlarda to`p chiziqni kesib o`tdimi yoki yo`q, shuningdek, jarima maydoni ichidagi qo`polliklarni qayd etishdan iborat edi. Biroq bu o`zgarish o`zini oqladi deyish fikridan yiroqman.
Spreylar

Spreylardan ilk bor 2011 yilgi Amerika kubogida foydalanildi. 2014 yilgi JChda ham ushbu vositalardan foydalanildi. Hozirda esa deyarli barcha katta musobaqalarda spreylardan foydalanilmoqda.
O`yinni boshlash
Ilgarilari, o`yinni ikki futbolchi boshlar edi. O`tgan yildan e`tiboran esa o`yinni birgina futbolchi boshlaydigan bo`ldi. Biroq bu holat barcha joylarda ham to`la amaliyotga tadbiq etilgani yo`q.
Videotakrorlar
Futbolga videotakrorlar kerakmi? Shu savol butun futbol jamoatchiligida dolzarb savolga aylandi va unga barcha turlicha fikr bildirmoqda. Hozirda esa videotakrorlardan televideniedagilar ta`biri bilan aytganda “test” rejimida foydalanilmoqda. Ko`ramiz, yakuniy qaror qanday bo`lar ekan…






